Ozarbayjonda tarixiy g‘alaba nishonlanmoqda

Bugun, 8 noyabr kuni Ozarbayjonda muhim sana – Zafar kuni bayram qilinmoqda. Mazkur sana Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suvereniteti tiklangani bilan tarixiy ahamiyatga ega.
Prezident Ilhom Aliyev bayram munosabati bilan ijtimoiy tarmoqda chop etgan qutlov suratida ham mamlakatning qariyb 30 yil davomida kemtik bo‘lgan jug‘rofiy-siyosiy xaritasi to‘la-to‘kis shaklda aks etganini ko‘rish mumkin.
Ozarbayjon qurolli kuchlari 2020 yil 27 sentyabr kuni boshlangan va 44 kun davom etgan urush yakunida chorak asrdan ziyod ishg‘ol ostida bo‘lgan Qorabog‘dagi shahar va qishloqlarini qaytarib oldi. Ozarbayjonliklar Ulug‘ Vatan muhorabasi deb ataydigan jang yakunida, 8 noyabr kuni Qorabog‘ning tarixiy-madaniy poytaxti Shusha shahri ham ozod qilindi. Aynan Shusha qaytarib olingan sana Zafar kuni deb e’lon qilingani mazkur shaharning mamlakat tarixi va tadrijida qanchalik muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi.
Joriy yil 19 sentyabr kuni Ozarbayjon qurolli kuchlari o‘tkazgan aksilterror amaliyoti yakunida esa tan olinmagan «Tog‘li Qorabog‘ respublikasi» uzil-kesil tugatildi va mamlakat hududiy yaxlitligi to‘la-to‘kis tiklandi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘ markazi Xonkendida mamlakat bayrog‘ini ko‘tarishi bilan 30 yillik mojaroga nuqta qo‘yildi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston qardoshlik va birodarlik ramzi sifatida ishg‘oldan ozod qilingan Qorabog‘ zaminiga zamonaviy maktab tuhfa qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter