Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon Rossiya bilan kelishganmidi?

Ozarbayjon Rossiya bilan kelishganmidi?

Kecha, 19 sentyabr kuni kutilmaganda Ozarbayjon Qorabog‘da «aksilterror» amaliyotini boshlaganini e’lon qildi va Ozarbayjon qo‘shinlari Qorabog‘dagi Xonkendi chegarasida joylashgan arman harbiy istehkomlarini artilleriya qurollaridan o‘qqa tuta boshladi.

Ozarbayjon tomonining ta’kidlashicha, Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi Armaniston qurolli kuchlarining bo‘linmalari Ozarbayjon armiyasining Agdam viloyati yo‘nalishida joylashgan pozitsiyalarini turli xil qurollardan shiddatli o‘qqa tutgan.

«Xabar.uz»ning doimiy eksperti, siyosatshunos Farhod Karimov Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida yuzaga kelgan muammo bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.

Siyosatshunosning ta’kidlashicha, shu vaqtgacha Armaniston 2020 yilda erishilgan sulh shartlarini bajarmasdan kelgan. Ozarbayjon Armanistondan o‘sha kelishuv shartlarini bajarishni talab qilmoqda.

«2020 yilda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan mojaro faol bosqichga o‘tganidan so‘ng sulh imzolanib, urush harakatlari to‘xtatilgandi. Kelishuvga ko‘ra, Qorabog‘ hududi Ozarbayjon tasarrufiga o‘tib, Armaniston bu hududdan o‘z qurolli kuchlarini olib chiqib ketishi kerak edi. Lekin ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanmay qoldi. Ya’ni, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi siyosiy mojaro oxirgacha hal etilmay qolgan edi.

Bugun o‘rtadagi muammo yana faol bosqichga ko‘tarildi. Chunki Ozarbayjon 2020 yildan buyon ikki o‘rtada kelishilgan sulhga ko‘ra, Armanistondan Xonkendi hududidagi armiya va siyosiy kuchlarini olib chiqib ketishini talab qilib keladi. Ammo Stepanaker (Xonkendi) avtonom respublika sifatida qoldi. Bu tan olinmagan respublika Armaniston tomonidan boshqarib kelingan. Bugun Ozarbayjon 2020 yilda sulh shartlari bajarilmagani vaji bilan Xonkendi hududida Armaniston armiyasiga qarshi «aksilterror» harakatlarini boshladi va Armanistondan 2022 yilda kelishilgan sulhga binoan, bu hududdagi barcha siyosiy va harbiy kuchlarni olib ketishni talab qildi», – deydi Farhod Karimov.

Shuningdek, siyosatshunos Xonkendi hududida Rossiya tinchlikparvar kuchlari bo‘la turib, Ozarbayjon nima uchun harbiy kuch ishlatganini aytib o‘tgan.

«2020 yilda Xonkendi hududiga Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari kiritilgan edi. Yaqinda Rossiyaning Sochi shahrida Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘rtasida o‘zaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv asosiy masala don yo‘lagi bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi masala – Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlar bo‘ldi. Ayrim ommaviy axborot vositalari Putin va Erdo‘g‘on ayrim masalada kelisha olmadi deb xabar berdi. Ikki lider kelisha olmagan masala bu – Xonkendi hududi edi. Ya’ni, Ozarbayjon Turkiya orqali Rossiyani ogohlantirgan bo‘lishi mumkin. Chunki Rossiya bu hududdagi avtonom respublikani qo‘llab-quvvatlar edi.

Shuning uchun ham Rossiya hozirda keskin harakat qilmayapti. Vaholanki, bu yerda faol harbiy harakatlar bo‘lmoqda. Armaniston bo‘lsa bu hududda o‘z armiyasi yo‘qligini aytdi. Shundan so‘ng Ozarbayjon bu hududda agar Armaniston harbiylari bo‘lmasa, demak ushbu kuchlar terrorist ekanligini bildirib, ularga qarshi «aksilterror» amaliyotini boshladi. Hozir hamma bu muammo tezroq tugatilishini kutmoqda. O‘ylaymanki, 2020 yilda kelishilgan sulhga har ikki tomon ham amal qilsa, bu muammo tugaydi», – dedi siyosatshunos.

Ma’lumot uchun, biroz avval Armaniston Ozarbayjon talablarini qabul qilib, hududdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga rozi bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring