«OylikUz» startap-loyihasi hamasoschisining «omad formulasi» (intervyu)
Startap nimadan boshlanadi, jamoa qanday yig‘iladi, qancha mablag‘ sarflanadi, investorlar qanday jalb qilinadi? «OylikUz» startap-loyihasi hamasoschisi o‘z «omad formulasi» sirini ochdi.
Farrux Azimov — «OylikUz» startap-loyihasi asoschilaridan biri. 2007—2012-yillarda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya Davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida tahsil olgan. Mutaxassisligi — neft va gaz konlarini qidirishning geofizik usullari. 2016—2018-yillarda Korporativ boshqaruv ilmiy ta’lim markazining (hozirgi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Respublika Biznes va boshqaruv oliy maktabi) «Biznes boshqaruv» yo‘nalishidagi magistratura tinglovchisi bo‘lgan.
— Farrux, xush kelibsiz! Bugun qanday loyihalar bilan bandsiz? Suhbatimizni shundan boshlasak.
— Ayni paytda «O‘zbekiston Respublikasining neft va gazga boy Ustyurt mintaqasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga asosan Mo‘ynoqda seysmoqidiruv ishlarini olib boruvchi partiyani boshqaryapman. Seysmoqidiruv partiyamiz «O‘zbekgeofizika» AJga qarashli. Tashkilotimizning asosiy maqsadi Ustyurtda geofizik izlanishlarni olib borib, yangi gaz konlarini ochish. Mening asosiy vazifalarim — partiyaning strategiyasini belgilash, muhandis-texnik xodimlarni boshqarish va ish sifatini va hajmini ta’minlash.
Seysmoqidiruv ishlardan tashqari, yana bir faoliyatim — «OylikUz» loyihasini sheriklarim bilan rivojlantirish. Besh kishilik bu jamoada mening vazifam — moliyaviy boshqaruv va mijozlar bilan ishlash.
Har qanday startap va umuman olganda, biznes odamlardagi bor va yechimini topmagan muammolar yoki qondirilmagan talabdan kelib chiqadi!
— «OylikUz» loyihasiga batafsilroq to‘xtalsangiz. G‘oya qanday tug‘ildi?
— Loyiha g‘oyasini do‘stim va hamkasbim Abdulla Risbayev taklif qilgan. 2016-yilda ikkalamiz ham bitta tashkilotda (seysmoqidiruv partiyada) Qashqadaryo viloyatida muhandis bo‘lib ishlaganmiz. Menimcha, har qanday startap va umuman olganda, biznes odamlardagi bor va yechimini topmagan muammolar yoki qondirilmagan talabdan kelib chiqadi!
Xususan, bizning loyihamiz. «OylikUz» ishlayotgan tashkilotimizning («O‘zbekgeofizika» AJ) ish uslubidan kelib chiqqan muammodan boshlangan. Seysmoqidiruv partiyalar markaziy tashkilotning ofisidan uzoq masofada — cho‘l, dala va tog‘larda ish olib borishadi. Oylik tushgan paytda xodimlarda savol tug‘ilishi tabiiy. Masalan «Mukofot puli nega kam?», «Qancha soliq ushlandi?», «Okladim» necha pul?». Bu savollarga javoblarni hisob varaqalaridan topsa bo‘ladi. Lekin masofa uzoq — hisobchilar bu varaqalarni vaqtida yetkazib bera olmaydilar. Bundan tashqari, hisobchi har oy mingga yaqin xodimlarning oyligini chop etib, qog‘ozni kesib, bo‘limlar bo‘yicha tarqatishga ish vaqtini, qog‘ozni va printer resursini ishlatadi. Xullas, bir tarafdan xodimlarda oylik maosh haqidagi ma’lumotdan qondirilmagan talab bor. Ikkinchi tarafdan — buxgalteriyada ma’lumotni yetkazib berish jarayonidagi muammo. Xuddi shu boshog‘riqni yechish uchun do‘stim server dasturini va smartfon uchun mobil ilovani yaratish g‘oyasini taklif qildi.
— G‘oya amaliyotga qanday ko‘chdi?
— Loyihani amalga oshirish jarayoni oson kechmadi, ammo bu tabiiy hol. Chunki yaxshi g‘oya — bu hali yaxshi biznes emas! Eng qiyin va mashaqqatli jarayon mavhum g‘oyani amaliyotga tatbiq qilish, ya’ni g‘oyadan mijozning extiyojiga javob beradigan tayyor mahsulot yoki dasturni yaratish. Buning uchun avvalambor jamoa tuzish kerak, uning har a’zosi g‘oyaning kelajagi borligiga ishonishi kerak va kichik jamoada eng asosiy kompetensiyalarga ega ishtirokchilar mavjud bo‘lishi kerak. Ammo boshida bu narsalar haqida ikkalamizda ma’lumot ham, biznes-loyihani rivojlantirish tajribasi ham yo‘q edi.
— Loyihada yana kimlar bor? Jamoangiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz
— Boshida uch kishi edik — men, Abdulla Risbayev va yana bir do‘stimiz, Gubkin nomidagi universitetdagi kursdoshimiz — Azamat Madmusayev. To‘rt-besh oy davomida loyihani amalga oshirish yo‘llarini qidirdik, turli kompaniyalarga murojat qildik, dasturni yaratish uchun shartnoma tuzishga harakat qildik, lekin oldinga siljish bo‘lmadi.
Bizning baxtimizga 2017-yilning boshida men o‘qiyotgan Korporativ boshqaruv ilmiy ta’lim markaziga Savdo-sanoat palatasining vakili Usmon Rahimjonov kelib qoldi. Usmon aka «Startap tashabbuslari» loyihasi haqida tinglovchilarga ma’lumot berib, ularni loyihada qatnashishga undadi. Men fursatni boy bermay o‘sha kuniyoq do‘stlarimga qo‘ng‘iroq qilib loyihada qatnashishni taklif qildim.
Taqdimot qilish bu — san’at. 7 daqiqa ichida loyiha g‘oyasini tushuntirib, uning moliyaviy kelajagi borligiga investor yoki partnyorlarni ishontira bilish kerak.
— «Startap tashabbuslari»da g‘olib bo‘lgan ekansiz?
— «Startap tashabbuslari» saytiga (http://startup.chamber.uz/) jamoa va loyihamiz haqida ma’lumot jo‘natdik. Bir oydan so‘ng Usmon aka bizni suhbatdan o‘tkazib, loyihamizga keyingi bosqichga yo‘llanma berdi. Suhbat jarayonida jamoa tarkibiga e’tibor qaratishimizni maslahat berdi, yuqorida aytib o‘tganimday, jamoadagi asosiy kompetensiyalar haqida tushuncha berib, jamoaga IT-mutaxassisni jalb qilishni tavsiya qildi. Bir necha kundan keyin jamoamizda 4-a’zo — yana bir do‘stimiz Temur Otajonov paydo bo‘ldi. Keyingi bosqichdan oldin ishtirokchilarga prezentatsiya (taqdimot) qilish san’ati (bu haqiqatan ham san’at ekan) haqida Artur Pak-Vartanyan tushuncha berdi va jamoalarni bir hafta davomida tayyorladi. Ikkinchi bosqichda jamoalar hakamlar oldida loyihalari taqdimotini o‘tkazishdi. Tanlov natijasida 40ga yaqin jamoa 3-bosqichga yo‘l oldi. Ushbu bosqichda ikki hafta mobaynida jamoalar a’zolari uchun trening tashkil qilindi. Treningda startapni rivojlantirish, yechilmagan muammolarni topish, mahsulot yaratish, biznes gipotezalarini tekshirish, bozorni o‘rganish va olingan ma’lumotlarni tahlil qilish, investorga loyihani taqdim qilish haqida tajribali mutaxassislar va biznesmenlarning ma’ruzalarni tingladik. Shundan so‘ng jamoalar guruhlarga bo‘linib, har bir guruhga trekerlar (ustozlar) biriktirib qo‘yildi. Trekerlar (Alisher Yusupov va Yelena Seleznyova) nazorati ostida uch oy mobaynida loyihani rivojlantirdik, ya’ni biz o‘ylagan muammo haqiqatan ham bor va qondirilmaganligiga ishonch hosil qildik, bozor hajmini baholadik, tayyor mahsulotni («Telegram» messenjerida bot va server dastur) yaratdik va mijozlarga taqdim qildik, kamchiliklarini o‘rgandik. Shu uch oy bizga katta tajriba berdi — mijozlar bilan ishlash, ularning muammolarini tushunish, axborotni tahlil qilish, loyihani investorga taqdim qilishni o‘rgandik. Natijada 2017-yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan «Demo day»da 12 ta jamoa orasida qatnashdik. Ushbu tadbir ham juda katta tajriba berdi, chunki 7 daqiqa ichida loyiha g‘oyasini tushuntirib, uning moliyaviy kelajagi borligiga investor yoki partnyorlarni ishontira bilish kerak. Buning uchun loyihangizni yaxshi tushunib, bozorni tahlil qilib, moliyaviy ko‘rastkichlarni hisoblab, sohadagi raqobatni o‘rganib, bozorga kirish xarajatlarini va risklarini baholab, shu asosda mustaqil fikr yuritishingiz kerak. Muhim jihatlardan biri — jamoaning tarkibi.
— Investorlar nimaga ko‘proq e’tibor qaratishadi?
— Investor ko‘pincha loyihaning o‘ziga emas, jamoaga pul tikadi! Chunki aynan jamoa loyihani g‘oyadan tayyor maxsulotgacha olib boradi. Jamoa yaxlitligiga va uning a’zolari kerakli kompetensiyalarga egaligiga investorda ishonch hosil qilishingiz kerak.
— Hozirda «OylikUz» da ishlar qalay?
— Loyiha rivojlanish jarayonida. To‘rtta kompaniya bilan shartnomamiz bor va bu kompaniyalar xodimlariga xizmat ko‘rsatyapmiz. Yana to‘rtta tashkilot bilan muzokara olib boryapmiz. «OylikUz» tizimiga avtomatik tarzda STIR raqami orqali ulanish usulini bitta tashkilotda sinovdan o‘tkazyapmiz. Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarida, Qoraqalpog‘istonda va Toshkent shahrida faoliyat olib boryapmiz. Jamoaga yana bitta IT-mutaxassis oldik.
Telegramda «OylikUz» kanali (t.me/oylikuz) va internet saytimiz (Oylik.uz) bor. Mijozlarning savollariga javob berish va texnik yordam ko‘rsatish uchun telegram yoki telefon orqali har kuni 24 soat aloqadamiz!
— Startaplarni yaratish jarayonida axborot texnologiyalarining o‘rni?
— Startap — bu yangi, rivojlanish va katta daromad olib kelish potensialiga ega biznes-model. Hozirgi kunda startaplarning ko‘pi IT-sohaga bog‘liq. Lekin bu sohaga bog‘liq bo‘lmagan biznes-modellar (masalan, yangi asbob uskunalar, kimyoviy moddalar, qishloq xo‘jalik soxasida va sanoatdagi yangi texnologiyalar) ham bozorni o‘rganish va taxlil qilish jarayonida, albatta, axborot texnologiyalardan foydalanishadi.
— Xo‘sh?..
— Biznesning moliyaviy salohiyatini baholash uchun ham axborot texnologiyalari kerak. Biznesni rivojlantirish davrida marketing va reklama juda katta ahamiyatga ega.
— Aynan?..
— Mijozlarni jalb qilish uchun eng asosiy kanallardan biri — internet-reklama va ijtimoiy tarmoqlar. Bular va umuman olganda, axborot texnologiyalari bizga reklama qilish uchun auditoriyani saralash, potensial mijozga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniya faoliyati va xizmatlari haqida ma’lumot yetkazish va reklamaning ta’sirini baholash uchun katta imkoniyat yaratadi.
— O‘zbekistonda startaplar bozori qay holatda? Yutuq va kamchiliklarimiz...
— Startap tushunchasi O‘zbekistonda nisbatan yaqinda paydo bo‘ldi. Rivojlangan davlatlarda har yili juda ko‘p startap loyihalar paydo bo‘ladi va rivojlanadi. Menimcha, startaplar rivojlanishi uchun bir tarafdan, ishga chanqoq, aqlli, tavakkal qilishga va biznes bilan shug‘ullanishga qobiliyatli, o‘zini ayamasdan mehnat qilishga shay yoshlar, ikkinchi tarafdan, infratuzilma, ya’ni turli startap akseleratorlar, yangi moliyaviy institutlar (venchur fondlar, crowdfunding), startap tadbirkorlar va investorlarning munosabatlarini tartibga soluvchi va ularning huquqlarini himoyalovchi qonunlar kerak.
— Siz aytgandek yoshlar O‘zbekistonda bormi?
— Birinchi komponent — qobiliyatli va mehnatga chanqoq yoshlar bizda bor deb o‘ylayman. Infratuzilma haqida gapirsak — nazarimda, bu komponent hali yetarli darajada rivojlanmagan. Lekin oxirgi yillarda bu yo‘nalishda ham yaxshi tendensiyani kuzatyapman. Masalan, «Startap tashabbuslari» kabi loyihalar, yaqinda bo‘lib o‘tgan «Global tadbirkorlik haftasi» kabi yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishga yo‘naltilirgan tadbirlar amal olyapti. Bundan tashqari, soliq tizimining o‘zgarishi, investitsion kodeks va venchur moliyalashtirish haqidagi qonun hujjatlari ustida olib borilayotgan ishlar startap loyihalarining ko‘payishiga va ularning sifatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishidan umid qilaman.
— Jahonda-chi?
— Jahon tajribasini olsak, eng yaxshi misol — Isroil mamlakati. U yerda har yili minglab startap kompaniyalar faoliyatini boshlaydi. Bunga sabab — axborot texnologiyalarining rivojlanganligi, yirik venchur fondlar va tegishli qonunlar borligi, startaplarga bog‘liq tadbirlar tez-tez o‘tkazilishidir. Umuman olganda, taraqqiy etgan istalgan mamlakatda startaplar rivojlanishi uchun eshiklar doim ochiq.
— Startap boshlash uchun moliyaviy imkoniyat qanchalik muhim?
— Startapni rivojlantirishdan asosiy maqsad — minimal moliyaviy resurs bilan katta daromad keltiruvchi biznes-modelni topish. Oddiy so‘z bilan aytganda, masalan, loyihaga boshlanishidan 1 mlrd. dollarni tikishga tayyor bo‘lsangiz — siz startap qidirishingiz va yaratishingiz shart emas. Bu mablag‘ bilan tayyor ishlayotgan biznes-modelga qo‘shilishingiz yoki uni sotib olishingiz mumkin. «Lean Start-up», ya’ni tejamkor startap texnologiyasi bilan «Startap tashabbuslari» loyihasi jarayonida tanishganmiz. Texnologiyaning asosiy ma’nosi o‘zingizdagi g‘oya asosida gipoteza yaratish va bu gipotezani tekshirish, biznes loyihaning istiqbolini baholash.
— Yoshlarga, umuman, startap boshlayotgan har bir kishiga maslahatlaringiz.
— Agarda sizda g‘oya bormi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchimisiz, mehnat qilishga tayyormisiz — hech narsadan qo‘rqmasdan va shubhalanmasdan jamoa tuzing! Loyihani olg‘a suring, turli tadbirlarda ishtirok etib, yangi bilimlarga, do‘st va tanishlarga ega bo‘ling. Startap loyiha rivojlanishi natijasida ikki vaziyatga olib borishi mumkin:
- Startap katta biznesga va siz esa boy odamga aylanib ketasiz
- Startap kompaniya yopiladi, sizda esa tajriba, bilimlar va yangi tanishlar qoladi. Bularning barchasi yangi startap boshlashingizga imkoniyat yaratadi.
Xullas, startap boshlab ozgina vaqt va mablag‘ yo‘qotishingiz mumkin, lekin buning evaziga katta daromad, tajriba, bilim va biznes aloqalarga ega bo‘lasiz!
— Kelgusi rejalaringiz?
— Sentyabr oyidan beri katta tashkilotning yirik bo‘limini boshqaryapman. Strategiyani tuzish, jamoani tashkil qilish va kadrlarni rivojlantirish, ishni rejalashtirish tajribasini olmoqchiman. Bu tajriba «OylikUz» loyihasini rivojlantirishda, kelajakda yangi loyihalarda ishtirok etishda, ularni boshqarishda kerak bo‘ladi, deb o‘ylaman. Mening asosiy maqsadim doim yangi ma’lumotlarni o‘rganish, yangi bilimlarga ega bo‘lish va loyihalarni yaratish va boshqarish uchun kerakli kompetensiyalarga ega bo‘lish!
— Foydali va qiziqarli suhbat uchun tashakkur!
G‘ulomjon Nazarov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter