«Otlov» degani — bizning hayvonlar uchun o‘lish, degani...
Hech etibor berganmisiz, bizning bag‘rikeng diyorimizda odamlar gavjum joyda uy hayvonlarining yurganini, erkin yurganini? Yo‘q! Chunki O‘zbekistonda hayvonlar o‘z haddilarini biladi, bilmasinam-chi, hamma qo‘lida tosh, tayoq bilan quvadi, obodonlashtirish ishchilari xuddi chiqindi tergandek terib ketadi, tutqich bermaganini bolalar ko‘z o‘ngida temir bilan urib, o‘ldirib yig‘ishtirib oladi.
Bitta-yarimta adashib tirik qolganini esa kecha yaqinda guvohi bo‘lganimiz endi xitoylik ishchi qilgan ishni qiladi – uradi, bo‘g‘adi, ichiga sim tiqadi, tiriklayin yoqadi.
Bundan ikki yil oldin may oyida Germaniya fuqarolari Samarqandda hayvonlarga qilingan shafqatsizlikdan hayratda qoldilar va ular Shavkat Mirziyoyevga xat yozdi va NUZ.UZ saytiga murojaat qildilar. Tahririyat maktubni o‘zgarishlarsiz chop etgan.
«Hurmatli janob Prezident, men va turmush o‘rtog‘im Oliver Loibe – Germaniya fuqarolari, mana uch yildan beri Samarqandda bo‘ldik. Men turmush o‘rtog‘im oila a’zosi sifatida Germaniya Tashqi ishlar vazirligi nomidan Zfa (xorijiy ta’limning markaziy idorasi) tashkilotidan nemis tili o‘qituvchisiman. Biz, shubhasiz, O‘zbekistonday mehmondo‘st va boy an’analarga ega mamlakatda ishlash imkoniyati yaratilgani uchun O‘zbekiston hukumatidan juda minnatdormiz. Bizni Samarqandda yaxshi kutib olishdi va ko‘plab do‘stlar orttirdik va shartnomani yana uch yilga uzaytirishga qaror qildik.
Bizning bu yerda qolishimizga soya soladigan yagona narsa – zamonaviy sivilizatsiya bilan uyg‘un bo‘lmagan, uysiz hayvonlarga nisbatan shafqatsiz, ko‘pincha shunchaki g‘ayriinsoniy munosabatdir. O‘tgan yozda shafqatsiz qiynoqlar natijasida o‘ldirilgan, noma’lum hayvonlarning, shu jumladan, yaqin atrofdagi uylar aholisi boqayotgan va bolalar bilan o‘ynagan ikkita itning, shuningdek, hech kimga zarar keltirmaydigan oltita mushukning zaharlanishi faktiga duch keldik. Biz hayratda qoldik va hozir bizning oilamizning to‘liq a’zosi bo‘lgan tirik qolgan oxirgi itni uyga olib bordik.
Bu yil vaziyat yana takrorlanmoqda. 19 may kuni mahallamiz hududida yana bir bor itlarni butunlay yo‘q qilish «marosimi» bo‘lib o‘tdi. Shunga qaramay, bu yerda sevgan va biz ovqatlantirgan o‘sha Bobiklar, birinchi navbatda, qurbonlar bo‘lishdi. Itlardan biri bizning qaramog‘imizda edi, u qo‘shni uyning bolalar bog‘chasida yashar edi. U qo‘shni uylarning barcha aholisi tomonidan sevilgan, to‘liq emlangan, yaqin kelajakda biz uni sterilizatsiya qilmoqchi edik. Itning egasi, keksa ayol, uning qo‘shnilari va bolalari itning azoblanishiga va uning o‘limiga guvoh bo‘lishdi, ular hali ham olingan zarbadan tuzalolmaydilar. Ular itni o‘zlari ko‘mishi kerak edi.
Itni zaharlash bu quturish profilaktikasi sifatida shunchaki sadizm bilan chegaralangan va hayvonni sevadigan odamlarning yuragida chuqur jarohatlar qoldiradigan ayanchli misolgina emas, balki bu juda samarasiz choradir. Chunki mas’uliyatsiz egalar tomonidan tashlab yuborilgan hayvonlar tug‘ilishda davom etmoqda. Bundan tashqari, shaharda yo‘qolib ketgan hayvonlar butunlay yo‘q qilingandan so‘ng, kemiruvchilar nazoratsiz ko‘paya boshlaydi, ular ham quturish va boshqa xavfli kasalliklarning tashuvchisi hisoblanadi. Ko‘proq insonparvar va samarali yechim – bu hayvonlarga mehribon odamlarning shafqatli qiyofasini yaratishga qaratilgan tadbirlarni ko‘paytirish, bedarak yo‘qolgan hayvonlarni tutib olish va ularni sterilizatsiya qilish, keyinchalik sog‘lom va agressiv bo‘lmagan hayvonlarni ozodlikka chiqarish, shuningdek, uysiz hayvonlar uchun boshpana yaratish va aholi orasida ma’rifiy ishlarni amalga oshirishdir.
Sizni ushbu masalani ko‘rib chiqishga va butun insoniyat tarixi davomida biz bilan birga yashab kelayotgan tirik mavjudotlarni shafqatsiz ravishda yo‘q qilishga aloqador odamlarni javobgarlikka tortishga chaqiraman.
Albatta, biz ushbu muammoga e’tiborni jalb qilish uchun hayvonlarning sog‘lig‘i bilan shug‘ullanadigan jamiyatlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan bog‘lanamiz, ayniqsa, o‘tgan yildan beri Samarqandda hayvonlarning ommaviy zaharlanishi shaharni har yili Samarqandda o‘tkaziladigan musiqa festivaliga sayyohlar kelishi uchun tayyorgarlik bilan izohlangan.
O‘zbekiston ushbu muammoni hal qilishiga hurmat va ishonch bilan,
Galina Loybe, doktor, Samarqanddagi Zfa maslahatchisi».
Bizning hayvonlarga bu munosabatimiz ba’zilar uchun dahshat! Biz uchun esa tabiiy hol. Rivojlangan davlatlarni qarang hayvonlari qanday baxtiyor, rivojlanmagan davlatlarni qarang hayvonlari xor. Rivojlanish va rivojlanmaslik o‘zimizning tilda aytganda, ko‘karish shu tabiatga, hayvonot olamiga qilayotgan yaxshiligimiz yoki yomonligimizga qarab baholanadimi, deb o‘ylab qolaman. Afsuski, bu maktubdan keyin hech bir o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, hamon hayvonlar zaharlanmoqda, qiynalmoqda, o‘ldirilmoqda.
Yaqinda Turkiyaga press-tur bilan bordik. Ko‘zimiz tushgani bizga yot bo‘lgan manzara – itlarning, mushuklarning odamlar orasida birga yurishi, birga yashashi, birga hayot kechirishi. Qayerga qaramang, qaysi ob’yektga bormang, qaysi oshxonada ovqatlanmang, qaysi dam olish joyida bo‘lmang, ular o‘sha joyning erkatoyi. Barisining qulog‘ida chipi bor hoh u uy hayvoni bo‘lsin xoh u ko‘cha hayvoni bo‘lsin! Davlatning rivojlanganlik belgisi hayvonlarga munosabatda bo‘lishining yana bir bor isboti bu.
Shermamat Jamilov, Istanbul:
– Mushuklari ham oshxonalarda, yo‘laklarda, ko‘chalarda bemalol yurishibdi, hech kim haydamas ekan, aksincha, ovqat chiqarib qo‘yishadi. Itlar ham qulog‘ida chipi bilan xiyobonlarda dam olib, soyalab yotishibdi. Ba’zilarining tagiga qog‘oz-karton to‘shalgan, oldiga ovqatlar qo‘yib ketishgan. Men ayni paytda buni Istanbulda hozir ko‘rayapman.
Halima Hakim, Silifki:
– Men yashayotgan joyda ham xuddi shunday. Qoradengizning Trabzoniga qizim kelin bo‘lib tushgan. O‘sha joyda ham bir yil yashadim. Ko‘chalarda it, mushuklar gala-gala bo‘lib yurardi. Hammasi semiz, top-toza, qorni to‘q. Hokimiyat tomonidan ularga ovqat berilar, emlanar ekan. Biron narsa bersak, yemasdi, o‘ynamoqchi bo‘lardi. Chunki ularning qorni to‘q, shunchaki mehr kerak. Bizning itlarday jahldor emasdi. Mushuk, itlarga biron narsa bo‘lsa darrov kerakli joyga telefon qilishardi. Kelib olib ketishardi davolashga. Moskvada ishlaganimda ikkita qorovul itga 200$ ovqati uchun berishardi har oy.
Kasalxonaga oborib emlatib, davolatib kelardim.
– «Akkuyu» AES hududida bunday kuchuklardan 3-4 tasi bor, – deydi sexlardan birida mutaxassis bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonlik Yevgeniya Yaginli. – Bizning yurtdan farqli o‘laroq bu yerlarda odamlar hayvonlarga juda mehribon, hatto bu kuchuklar uchun direktorimizning o‘zi oziq-ovqat uchun mablag‘ ajratadi va nazorat qilib turishni topshiriq beradi.
Mana shu maqolani yozish asnosida ijtimoiy tarmoqlarda yana bir shumxabar tarqaldi: «Chirchiqda itlarga va mushuklarga nisbatan ov boshlandi, tezda o‘z hayvonlaringizni yashiring». «Otlov» degani bizning hayvonlar uchun do‘xazga borish, uyga qaytmaslik, azoblanib, ochlikdan, suvsizlikdan o‘sha yerlarda o‘lish, degani.
Kechagina bir xushxabar eshitdik, ya’ni bir korxonada kuchukni tiriklay yoqayotgan xitoylik ishchi o‘z yurtiga deport qilindi. Umid qilamizki, bunday vahshiyliklar javobsiz qolmasligini boshqalar ham asta-sekin anglab yetadilar. Maqolani yozishdan asl maqsad ham shu.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter