OTB Andijonda baliqchilikni rivojlantirish uchun 15 mln dollar yo‘naltiradi

Osiyo taraqqiyot banki Andijon viloyatida baliqchilikni rivojlantirish uchun ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri 15 million dollar berishga rozi.
Bu haqda Prezident Mirziyoyev Andijon viloyatida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
«Buning uchun viloyat hokimligi huzurida loyiha ofisi tashkil qilinadi, tadbirkor va Osiyo taraqqiyot banki bilan uch tomonlama shartnoma imzolanadi.
Umuman, respublikada baliqchilikni rivojlantirishga 150 million dollar resurs beriladi. Shundan 50 million dollari Andijonga ajratiladi», – dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, viloyatdagi 5,7 ming gektar sun’iy suv havzalarining atigi 23 foizida intensiv usulda baliq yetishtirilayapti.
Andijon tumanidagi tadbirkor 15 million dollar hisobiga 320 gektarda intensiv usulda baliq yetishtirish, 500 ta xonadon bilan kooperatsiya qilish tashabbusini bildirgan. Loyiha doirasida 27 turdagi karp balig‘idan mahalliy sharoitga mos baliq nasli yaratish reja qilingan.
Davlat rahbari mutsaddilarga xorijdan 100 million dollar jalb qilib, yil yakunigacha 1,2 ming gektarda kamida 5-6 ta shunday loyihani yo‘lga qo‘yishni topshirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter