Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Otajon, onajon, biz yonyapmiz»

«Otajon, onajon, biz yonyapmiz»

Foto: «Antikor»

Joriy yilning 25-mart kuni Rossiya Federatsiyasining Kemerovo shahrida yuz bergan fojea xususida «Inson va qonun» gazetasida tahliliy maqola e’lon qilindi. Maqolada mazkur holat mamlakatimizda yuz bermasligi uchun qanday choralar ko‘rilayotganiga bag‘ishlangan. Quyida maqolani e’lon qilamiz.

«Zimnyaya vishnya» ko‘ngilochar savdo markazida kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada 64 nafar odam halok bo‘ldi. Eng yomoni, halok bo‘lganlarning 41 nafarini yosh bolalar, maktab o‘quvchilari tashkil etadi. Hayotining so‘nggi lahzalarida bolalarning ota-onalariga: «Otajon, onajon, biz yonayapmiz, biz o‘lyapmiz», deb qilgan qo‘ng‘iroqlari va yozgan SMSlarini oynai jahon orqali ko‘zimizda yosh bilan ko‘rdik.


Mavzuga doir:

Kemerovodagi fojia O‘zbekistonda qaytarilmasligiga kafolat bormi?


Jabrdiydalarga qalban hamdard bo‘lib, «bolaning begonasi bo‘lmaydi», degan naqlning naqadar to‘g‘ri ekaniga yana bir karra amin bo‘ldik. Ayniqsa, ota-ona, uch farzandi va singlisi kabi butun boshli oilalarning halok bo‘lishini, biz o‘zbeklar hatto dushmanimizga ham ravo ko‘rmaymiz. Rossiya ommaviy axborot vositalari tomonidan dastlabki berilgan ma’lumotlarga qaraganda, yong‘in sodir bo‘lgan vaqtda savdo markazidagi yong‘inni avtomatik ravishda sezish va ovozli xabar berish qurilmalari ishlamagani, qavatlar qisqa vaqtda tutunga to‘lib, oqibatda, fuqarolarning aksariyati xonalarda qamalib qolgani, shuningdek, savdo markazi xodimlari tomonidan fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlarini to‘g‘ri tashkil qila olmagani ma’lum bo‘ldi. Bolalar o‘yin-attraksion maydonchalari, kinoteatrlar binoning uchinchi-to‘rtinchi qavatlarida joylashgani, o‘zi ochilib-yopiladigan magnit eshiklarning elektr energiyasida nosozliklar kelib chiqqan paytida ochilmaslik holatlari, yong‘in xavfsizligi signalizatsiyalarining ishlamasligi, favqulodda hodisalarga majmua tomonidan tayyor emasligi ro‘y-rost aytib o‘tildi.

Fojia tafsilotlari bilan tanishar ekanmiz, poytaxtimizdagi farzandlarimizning sevimli maskanlariga aylanib ulgurgan «Megaplanet», «Parus», «Samarqand darvoza» kabi majmualar ko‘z oldimizda namoyon bo‘ldi. Biz poytaxtimizdagi savdo-ko‘ngilochar majmualardagi holatni bilish uchun mutasaddi muassasalar bilan bog‘landik.

Muslima Rahimova,

Toshkent shahar IIBB YoXB YoN va PB katta muhandisi, mayor:

— Kemerovo shahridagi yong‘in sababli ko‘plab fuqarolarning halok bo‘lishi qalbimizni larzaga soldi. Ayni damlarda Toshkent shahar IIBB yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarining barcha diqqat-e’tibori poytaxtimizda joylashgan yirik savdo ko‘ngilochar majmualarga qaratilgan. Yuqoridagi noxush holatlarning oldini olish maqsadida 2018-yilning 29-martidan to shu kungacha poytaxtimizda joylashgan «Megaplanet», «Next», «Jumanji», «Parus», «Sharqona yagona savdo», «Makro», «Samarqand darvoza» kabi yirik savdo markazlarida yong‘in o‘chirish amaliy taktik mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida markaz xodimlari va unga tashrif buyurgan fuqarolar bilan yong‘in va boshqa favqulodda holatlar sodir bo‘lganda evakuatsiya qilish ishlari tashkillashtirilib, mashg‘ulotlar davomida markazlarning zaxira chiqish yo‘llarining holati, yong‘inni avtomatik ravishda sezish va ovozli xabar berish qurilmalarining sozligi, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan qay darajada ta’minlanganligi hamda yong‘in vaqtida xodimlar o‘z vazifalarini bilishlari o‘rganib chiqildi. Mashg‘ulotlar yakunida qatnashuvchilar bilan yong‘in xavfsizligi borasida suhbat o‘tkazildi. Masalan, poytaxtimizdagi eng yirik majmua 3000 kishigacha odam bo‘lishi mumkin bo‘lgan «Samarqand darvoza» savdo markazida ham o‘quv-mashg‘uloti tashkil etildi. 50 dan ziyod fuqarolar kinozalda film tomosha qilayotgan paytda evakuatsiya haqida chaqiriq ovozi e’lon qilindi. Fuqarolar yo‘riqnomalar asosida xotirjam binoni tark eta boshlashdi. Lekin ayrim fuqarolar o‘zlarini yo‘qotib, yuqori qavatlarga ko‘tarilib ketishdi. YoXB xodimlari maxsus «avtozinalar» yordamida ularni «qutqarishdi». Yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi bu kabi tadbirlar kelgusida davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Bobur Yoqubov,

«Samarqand darvoza» savdo majmuasi direktori:

— «Samarqand darvoza» nomidagi savdo ko‘ngilochar majmuasi 2013-yil qurilgan bo‘lib, binoning yong‘inga chidamliligi 2-darajali, umumiy maydoni 19600 kv.m.ni tashkil qiladi. Bino devorlari pishiq g‘ishtdan, qavatlararo yopilmalar monolit betondan qurilgan. Pollari beton, marmar, keromagarnet, alyuminiy panem, «Aristron» alyumin panellar katta tosh oynalar fasadlari zamonaviy katta hajmdagi oynalar bilan qop­langan. Tashqi devorlar metal karkaska 3 rangdagi keramik plitalar bilan ishlangan. Oraliq alyumin vitraj profil bilan ishlangan 1-qavat karkasdagi 10-12 mm qalinlikdagi vitraj oynalari bilan ishlangan. Tashqi to‘siqlar antaalyuminiy va metaldan bajarilgan. Tomining yopilmasi beton qurilma, ustidan ruberoyt qoplamasi bilan qoplangan. 2-qavatdan 5-qavatgacha cho‘qqi gumbazli yorug‘ bo‘shliq mavjud. Majmuada 6 ta yuk passajir lifti, eskalator, trabolator va 5 ta evakuatsion zinalar mavjud.

Binoning old tomonida 3 ta, shuningdek, orqa va yon tomonlarida 5 ta zaxira chiqish eshiklari mavjud. Bino yong‘inga qarshi zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan. Tutundan ogohlantiruvchi datchik, suv purkovchi splinker moslamalari tunu kun ishlab turibdi. Har qavatda evakuatsiya uchun zaxira yo‘laklari mavjud bo‘lib, ular orqali avtoturargohga chiqib ketish mumkin. Binoning har bir qavatida 120 dan ortiq yong‘in xavfsizligi qutilari o‘rnatilgan. Binoga 400 dan ortiq videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, qat’iy nazorat ostidadir. Binodagi 200 dan ortiq ishchi xodimlar yong‘in xavfsizligi qoidalari va yo‘riqnomalariga amal qilgan holda ish olib boradilar. Bir so‘z bilan aytganda, majmuamiz yong‘in xavfsizligi qoidalariga hamisha amal qilib keladi va bu boradagi harakatlarimizni aslo susaytirmaymiz.

S.Hikmatullayev,

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati boshlig‘i:

— Ko‘ngilsiz xodisalarning sodir bo‘lmasligi uchun ularning oldini olish, ekstremal vaziyatlarda aholini to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish insonlar hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolishning asosiy uslublaridan biridir. Zotan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatni amalga ­oshirish borasida tayyorgarlikdan o‘tgan inson yarim qutqarilgan insondir.

Ko‘ngilochar savdo markazlarida o‘tkaziladigan muhofaza tadbirlariga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan 2016-yilda «Megaplanet», «Next», «Samarqand darvoza» ko‘ngilochar-savdo markazlari hamda viloyatlar markazlaridagi odamlar ommaviy to‘planadigan joylarda rahbariyat va ishchi xizmatchilarning tayyorgarligini oshirish maqsadida 40 ga yaqin maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilgan.

Joriy yil 28-martdan 10-aprelga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 60 dan ortiq ko‘ngilochar yirik savdo markazlarida o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Hozirda bu kabi tadbirlar davom ettirilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yirik korxonalar (har xil turdagi ochiq va yopiq bozorlar)da ham o‘quv mashqlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirish – muvofiqlashtiruvchi organlar tomonidan ruxsat berilgandan so‘ng amalga oshirilishini inobatga olib, tekshirishlar o‘rniga xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rilganligini o‘rganish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, amaliy o‘quv mashqlarini o‘tkazish tadbirlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash vazirliklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

O‘quv-mashqlari davomida asosiy e’tibor — favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda shahar (tuman) FVDT xizmatlarining kuch-vositalari bilan hamkorlikda harakat qilish bo‘yicha ob’yekt rahbariyati va ishchi xizmatchilarning ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan bo‘lib, unda yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish, savdo majmualaridan odamlarni evakuatsiya qilish va jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy harakatlar bajariladi.

O‘quv mashg‘uloti davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli taklif va ko‘rsatmalar beriladi.

Mutaxassis tavsiyasi:

Zamonaviy yirik savdo majmualari — fuqarolarning kundalik xarid qilish va madaniy hordiq chiqarish uchun eng qulay va ommabop maskanlariga aylangan.

Ushbu majmualarda xavf-xatar yuzaga kelishi haqida fikr tug‘ilishi qiyin bo‘lsa-da, uni e’tibordan chiqarish mumkin emasligini anglashimiz kerak.

Jumladan, eng ko‘p uchraydigan xatar — yong‘indan saqlanish uchun quyidagi oddiy qoidalarga amal qilishimiz zarur:

  • savdo markazlariga kirganingizda o‘zingiz yurgan yo‘lingiz (marshrut)ni eslab qolishga harakat qiling, chunki kutilmaganda uni darhol tark etishingiz kerak bo‘lib qolishi mumkin;
  • asosiysi favqulodda evakuatsiya yo‘laklari joylashuviga e’tibor bering, odatda ular maxsus yozuvlar yoki alohida belgilar bilan ko‘rsatiladi (masalan: ko‘r­satkich, yugurayotgan odam va h.k belgilari);
  • savdo markazlarida tutunni ko‘rishingiz yoki tutun hidini sezishingiz bilan sarosimaga tushmang, o‘zingizni qo‘lga oling va dadil harakatlaning, avvalo, xavfning haqiqiy ko‘lamini baholashga harakat qiling, agar ushbu savdo markazi sizga tanish bo‘lsa, uni eng xavfsiz yo‘nalishda tark etishga harakat qiling, xavfsiz joyga chiqib bo‘lib, yong‘in xavfsizligi xodimlariga qo‘ng‘iroq qiling;
  • ko‘p miqdorda tutun bilan qoplangan joyga imkon qadar yaqinlashmang;
  • yuqori qavatlarga chiqmang, chetlarda joylashgan xonalarga yashirinishga urinmang;
  • yong‘in paytida liftdan foydalanmang, uni istalgan vaqtda to‘xtatib qo‘yishlari mumkin;
  • yong‘in paytida eng muhimi — nafas olish yo‘llarini zaharli tutundan himoya qilishdir, buning eng oson yo‘li — namlangan dastro‘mol yoki boshqa mato bilan nafas olish yo‘llaringizni berkiting (agar matoni namlashning iloji bo‘lmasa, u holda quruq mato ham bo‘ladi);
  • iloji boricha pastroqda joylashing, chunki tutun konsentratsiyasi quyida kamroq bo‘lib, yuqorida ko‘proq to‘planadi;
  • oyoq ostida qolib ketmaslik uchun kerakli joyga o‘rtacha tezlik bilan chiqishga harakat qiling;
  • tutun ichida ko‘rish yomonlashganda, devorlar yoki tutqichlarga suyanib, harakatlaning;
  • agar yo‘lingizda harorat ko‘tarilib ketayotganini his qilsangiz, ortga qayting;
  • olomon orasida qolib ketsangiz, qo‘llaringizni musht qilib, tirsaklaringizni eging va ularni ikki yon tomoningizga bosing, oyoqlaringizni oldinga tirab, tanangizni orqaga tashlang, ortingizdagi bosimni ushlab turishga va oldindan joy bo‘shatib harakatlaning;
  • agar kiyimingiz yonayotgan bo‘lsa, har qanday holatda ham yugurish mumkin emas, chunki yugurish alangani kuchaytiradi. Olovni o‘chirish uchun yerga yotib dumalash yoki yonayotgan kiyimni yechib tashlashga harakat qiling. Kislorodning olov bilan kirishishini cheklash uchun o‘zingizni qattiq mato yoki kiyim bilan o‘rashingiz mumkin. Teriga olov ta’sirida yopishib qolgan matolarni ko‘chirib olishga harakat qilmang — buni shifokor qilgani ma’qul;
  • imkon qadar yong‘inni o‘chirishda savdo markazining xodimlariga yordam berishingiz mumkin, ammo ularga xalaqit bermaslik yanada muhimroq ekanligini unutmang;
  • savdo markazlarining xodimlari yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tishlari va shu kabi holatlarda harakat rejasini ishlab chiqishlari kerak.

Kichik yong‘inlar sodir bo‘lganda, ya’ni o‘t o‘chiruvchilarning yordamisiz yong‘inni o‘chirish imkoniyati mavjud bo‘lsa, darhol o‘chirish choralarini ko‘ring.

Yoningizda yordamga muhtoj va hayoti xavf ostida qolganlarni ko‘rsangiz, albatta yordam qo‘lini uzating, ammo o‘z xavfsizligingizni ham unutmang.

Xulosa qilib aytganda, bu fojia barchamizni ogohlikka chaqirdi. Va albatta, xavfsizligimiz o‘z qo‘limizda ekanligini anglashimizga turtki bo‘ldi.

Shuhrat Suyarov,

«Inson va qonun» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring