Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otabek Murodov, Ruslanbek Davletov, Po‘lat Bobojonov va boshqalar qatnashgan sayyor qabulda 600 dan ortiq murojaat ko‘rildi (foto)

Otabek Murodov, Ruslanbek Davletov, Po‘lat Bobojonov va boshqalar qatnashgan sayyor qabulda 600 dan ortiq murojaat ko‘rildi (foto)

Foto: Xalq bilan muloqot guruhi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasida Prezident Administratsiyasi tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.

Ommaviy sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar vazirligi viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, viloyat sudlari raislari, murojaatchi fuqarolar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Sayyor qabulda aholi murojaati mazmunidan kelib chiqib, ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Muxammadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov, Bosh prokuror Otabek Murodov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari qabul qildi.

– Turmush o‘rtog‘im Mirzo Ulug‘bek tumanida non mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanar edi, – deydi Mukarram Nuraliyeva. – 2007 yilda bevaqt qazo qildi. Shundan so‘ng davlat notariusi tomonidan turmush o‘rtog‘im boshqaruvida bo‘lgan «Don-non» mas’uliyati cheklangan jamiyati ustav fondining 87 foizdan ortiq qismi oilaning merosxo‘rlari sifatida qizim ikkalamizga ajratilishi belgilandi. Lekin, turmush o‘rtog‘im o‘rnini egallagan sobiq o‘rinbosari oilamizga tegishli bo‘lgan mazkur ulushni o‘z foydasiga o‘zlashtirib oldi. 10 yillik chopa-choplardan so‘ng, nihoyat adolat qaror topdi. Unga nisbatan o‘tgan yili Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi ochildi. Bosh prokurorga mana shu masala yuzasidan murojaat qilib, qo‘zg‘atilgan mazkur jinoyat ishini o‘z nazoratiga olishini va adolatni to‘liq qaror toptirishda amaliy yordam berishini so‘radim.

Sayyor qabulda har bir murojaatchining arzi-holi tinglanib, ularning e’tiroziga sabab bo‘lgan holatlar chuqur tahlil qilingan holda bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aksariyat murojaatlarda keltirilgan qonun buzilishi holatlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar joyida hal etildi.

– 2000 yildan buyon oilam bilan Haqiqat ko‘chasi 86-uyda yashayman, – deydi chirchiqlik Baxtiyor Hasanov. – O‘sha yili shu uyni sotib olib, hujjatlarini rasmiylashtirishni boshladik. Ko‘chamizning buzilishi mumkinligi vaaji bilan bu jarayon paysalga solindi. Oqibatda uyning elektr, gaz, suv va bir qator hujjatlari mening nomimga o‘tgani holda, uyga egalik huquqi berilmadi. Hozir uyimiz egasiz. Chunki, sobiq egasi uni menga sotgan va unda uyga egalik huquqi yo‘q. Qizig‘i, 19 yildirki, o‘z uyimga bunday huquq o‘zimda ham yo‘q. Shu masala bo‘yicha murojaat qilib, amaliy yordam so‘rab keldim.

Aholi bilan ochiq muloqot mobaynida aholining 400 dan ortiq murojaati tinglanib, ma’lum qismi joyida bartaraf etildi. Ma’lum muddat, ya’ni atroflicha o‘rganish yoki vaqt taqozo etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga vazifa belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring