Ostonada O‘zbekiston tadbirkorlarining savdo-ko‘rgazma markazi ish boshladi
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va Qozog‘istonning “NurGroup” kompaniyasi hamkorligida Ostona shahrining “Samg‘au -Toshkent“ savdo uyida o‘zbekistonlik ishlab-chiqaruvchilarning savdo-ko‘rgazma markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Savdo-ko‘rgazma markazining rasmiy ochilishida Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov va O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi, Ostona shahar hokimligi, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Samarqand, Buxoro, Turkiston shaharlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali stendlar namoyish etildi, o‘zbek milliy oshxonasi, kulolchilik, kashtado‘zlik bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Shu o‘rinda alohida qayd etish joizki, savdo-ko‘rgazma markazi doimiy faoliyat yuritadi. Ayni vaqtda unda namoyish etilayotgan yurtimiz tadbirkorlarining qandolat, tekstil, mebelsozlik, maishiy texnika mahsulotlarini ulgurji va chakana va narxlarda xarid qilish imkoniyati yaratilgan.
– Hali savdo-ko‘rgazma markazi ish boshlamay turib, joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Samg‘au – Toshkent savdo uyining savdo aylanmasi 1 million dollardan ziyodni tashkil etdi, – dedi mazkur savdo-ko‘rgazma ta’sischisi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Mirabbos Aslanov. – Endigi maqsadimiz kelayotgan 2019 yilda Rossiya Federatsiyasi va Boltiqbo‘yi davlatlarida O‘zbekiston mahsulotlarining shu kabi 4 ta savdo-ko‘rgazma markazini ochishdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter