Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘shlik o‘zbek Islom sivilizatsiyasi markaziga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishini taklif etmoqda

O‘shlik o‘zbek Islom sivilizatsiyasi markaziga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishini taklif etmoqda

2017-yil, 1-sentyabr. Prezident Xastimom majmuasida.

Foto: O‘zA

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalining auditoriyasi O‘zbekiston chegarasidan tashqariga ham chiqib ulgurganini bizga kelayotgan xabar va maktublardan bilib olish mumkin. Xususan, tahririyatimiz elektron pochtasiga qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahrida istiqomat qiluvchi Odiljon Dadajonovdan quyidagi taklif bitilgan xat kelib tushdi:

«Muhtaram «Xabar.uz» sayti muharririyati. Siz azizlardan iltimos, quyidagi tashabbusni saytingizda e’lon qilib, taklifimni O‘zbekiston Prezidenti va jamoatchilikka yetkazsangiz.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Men Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahri Zarechnaya ko‘chasi 8-uyda istiqomat qilaman. Ismi-sharifim Dadajonov Odiljon. Sizga bir tashabbus bilan murojaat qilmokchiman. Ya’ni Toshkentning Eski shahar qismida, Hazrati Imom majmuasi hududida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga islom olamida taniqli ulamo, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilsa, degan edim.

Chunki ezgu niyatlar bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining maqsad-mohiyatiga hamohang bo‘lib, Markaziy Osiyoda islom ilmini vasatiya yo‘lida, xanafiy mazhabi yo‘nalishida ulkan ilmiy ishlarni amalga oshirib, o‘zidan katta ma’naviy meros qoldirib ketgan fazilatli shayximizning nomi abadiylashtirilsa, uning millionlab muxlislari yuragidagi ish bo‘lardi.

Nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda, xususan, Qirg‘izistonda ham u kishi yozgan asarlar orqali ma’naviy kamolot cho‘qkilariga intilayotgan insonlar ko‘p. Imom al-Buxoriy, at-Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom al-Moturidiylar tug‘ilgan O‘zbekiston tuprog‘ida tavallud topgan shayximiz islom dinining eng go‘zal din ekanini muxtasar bayon etib, qalbimizni charog‘on ayladi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich, bu maktubimga ijobiy javob berib, shayximizning xotirasi qalblarida muhrlangan va Qirg‘izistonda istiqomat qilayotgan minglab izdoshlarini ham xursand etasiz, degan umiddaman.

Hurmat va ehtirom ila Odiljon Dadajonov.
Qirg‘iziston Respublikasi, O‘sh shahri, Zarechnaya ko‘chasi,8-uy»

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida qad rostlashi kutilayotgan Toshkent Islom sivilizatsiyasi markazi tashqi ko‘rinishi arxitektorlar Sherali Jalilov va Ulug‘bek Umarjonov tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, markaz binosi Qorasaroy ko‘chasidagi Hazrati Imom masjidi yoniga joylashadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo etiladigan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beriladigan bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 21-aprel kuni Toshkent shahrining Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida Imom Termiziy jome’ masjidini rekonstruksiya qilish bo‘yicha topshiriq bergan va Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida Islom madaniyati markazini tashkil etish taklifini bildirgan edi.

Bu bo‘yicha 2017-yil 23-iyunda «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori ham imzolangan edi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 1-sentyabr kuni Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida bo‘lib, mazkur markaz loyihasi bilan tanishgan paytda Islom madaniyati markazi nomini Islom sivilizatsiyasi markazi, deb o‘zgartirish taklifini bildirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring