O‘rta Chirchiq tumani hokimining o‘rinbosari «hayfsan» oldi
22-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqda «Hokimlik prezident qaroriga zid ravishda maktablarda tekshiruv o‘tkazmoqda» mavzusida maqola e’lon qilindi.
Xalq ta’limi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan holat yuzasidan o‘rganish ishlari tashkil qilingan deyiladi vazirlik matbuot kotibi kanalida.
O‘rganish natijasida quyidagilar aniqlangan:
Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumani hokimi o‘rinbosari Sultonov Farhod Akromovichning buyrug‘i asosida tuman moliya, DSENM va Yoshlar ittifoqi faollaridan iborat ishchi guruh shakllantirilib, dars mashg‘ulotiga xalal bergan holda tumandagi 6 ta umumta’lim maktablarida tekshiruv o‘tkazilgan.
Ishchi guruh a’zolari dars mashg‘ulotlariga xalaqit bergan holda o‘qituvchilarning konspekt daftarlari, darsga tayyorligi, kundaliklar, maktabda ijro va mehnat intizomiga rioya qilinishi hamda o‘quvchilarni darsdan tashqari mashg‘ulotlarga jalb etilish holatlarini tekshirgan.
Vazirning nazorat-huquqiy xizmati xodimlari ishtirokida joriy yilning 27-yanvar kuni O‘rta Chirchiq tumani hokimligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, tuman hokimining o‘rinbosari F.A.Sultonovning harakati muhokama etilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi «Xalq ta’limi tizimida boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida» qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-apreldagi qarori talablari buzilgani aniqlangan.
Muhokama yakuniga ko‘ra tuman hokimining o‘rinbosari F.A.Sultonovga umumiy o‘rta ta’lim maktablar faoliyatiga asossiz aralashganligi, pedagog xodimlarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun tuman hokimi O.Nurmatovning farmoyishi bilan Mehnat Kodeksining 181-moddasiga muvofiq «hayfsan» e’lon qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter