Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Orol turizmi» – Stalinni qiziqtirgan qal’alar siri, tabiat va bug‘u

«Orol turizmi» – Stalinni qiziqtirgan qal’alar siri, tabiat va bug‘u

O‘tgan asrning 30-yillari juda murakkab siyosiy jarayonlarga boy bo‘lgan. Dunyo ulkan o‘zgarishlar ostonasida turgan, yetakchi mamlakatlar esa yaqinlashib kelayotgan urushga tayyorgarlik ko‘rish bilan band edi. Mana shunday vaqtda tarixchi olim Sergey Tolstov sobiq ittifoqni idora etib turgan Stalinning huzuriga qadimgi Xorazm davlatiga tegishli bo‘lgan qal’alarni tadqiq etish taklifi bilan kiradi. Garchi vaziyat og‘ir bo‘lishiga qaramasdan Stalin bu taklifga rozilik beradi, chunki Xorazm zaminida ulkan boylik yashirinib yotganiga u ishonardi.

Shu tariqa 1937 yildan e’tiboran akademik Tolstovning mashhur ekspeditsiyasi Xorazm zaminida ish boshladi. O‘n yil davom etgan tadqiqotlar davomida ko‘plab arxeologik inshootlar aniqlanadi, xalqimizning boy tarixi ochib beriladi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan «Orol turizmi» haftaligi davomida nafaqat qadimgi qal’alar, balki Qoraqalpog‘iston diyorining yana ko‘plab turistik salohiyatlari bilan tanishdik.

Jampiq qal’a
O‘z vaqtida juda muhtasham bo‘lgan Jampiq qal’a xarobalari Sulton Uvays tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan. Ushbu qal’a Amudaryo o‘ng sohilidagi eng ko‘rkam yodgorliklardan biri bo‘lib, ancha murakkab tuzilishga ega. Uning sharqiy qismida to‘g‘ri burchakli qo‘rg‘on saqlanib qolgan, pahsadan yasalgan devorlari esa jips yarim-ustunlar bilan bezatilgan bo‘lib, tepalari juft pog‘onali arkalar bilan yakunlanadi.

Qal’aning ilk qismi miloddan avvalgi IV asrdan milodiy I asrgacha qurilgan bo‘lib, bugungi kunda saqlanib qolgan devorlari milodiy IX-X asrlarda bunyod etilgan. Ko‘hna shahardan topilgan tangalar esa ushbu hududda oxirgi marta qachon aholi istiqomat qilganini (mil. XII-XIV asrlar) aniqlashga yordam beradi.

O‘rta asrlarda ushbu shahardan port shahar sifatida foydanilgan. Amudaryo orqali suzib kelgan kemalar orqali ko‘plab davlatlar bilan savdo-sotiq aloqalari amalga oshirilgan. Qazishmalar davomida bu yerdan sharq va g‘arb davlatlaridan (Xitoy, Misr, Yevropa, Hindiston) keltirilgan ko‘plab topilmalar topilgan.

Buxoro bug‘ulari
Qal’aning shunday yonginasida esa Ekologiya vazirligi tasarufidagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati joylashgan. Ta’kidlab o‘tish lozim, ushbu rezervat YuNESKO butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga kiritilgan bo‘lib, unda ko‘plab yovvoyi hayvonlar qatori yo‘qolib ketish arafasida turgan Buxoro bug‘ulari (Cervus hanglu bactrianus) yashaydi.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining umumiy yer maydoni 68717,8 gektarni tashkil etib, bu yerlar Beruniy va Amudaryo tumanlarida joylashgan. Shundan 11568,3 gektar qo‘riqxona zonasidan iborat bo‘lib, u qat’iy rejimdagi muhofazalanadigan zona hisoblanadi. Alohida ta’kidlash lozim, rezervat hududiga kirish mutlaqo taqiqlangan bo‘lib, faqat alohida ruxsatnoma orqali qo‘riqxona hududi bilan tanishish mumkin. Biz – bir guruh OAV vakillari rezervat hududiga kirish va undagi noyob hayvonot va nabotot dunyosi bilan tanishish baxtiga musharraf bo‘ldik.

Eng muhim faktlardan biri – Markaziy Osiyo o‘rmonlarining 20 foizi va O‘zbekiston o‘rmonlarining 74 foizi mana shu hududga to‘g‘ri keladi. Rezervatdagi 419 turdagi o‘simliklarning 2 turi, 36 turdagi hayvonning 1 tasi, 43 baliq turining 12 tasi va 246 qush turidan 23 turi Qizil kitobga kiritilgan. Bu yerda juda va juda ehtiyot bo‘lib yurish lozim!

Bu yerda sayr qilish shunchaki fantastika – tinch, osuda o‘rmon! Ahyon-ahyonda daraxtlar orasidan Buxoro bug‘usini ko‘rib qolish mumkin. Qo‘riqxona hududida 1200 boshdan ortiq Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bug‘usi mavjud. Qo‘riqxonachilar bug‘uni saqlab qolishga ilmiy jihatdan yondoshganlar – ko‘payish arafasida turgan ona bug‘ular maxsus qo‘riqlanadigan joyga jamlanadi va bu yerda tug‘ib, kichik bug‘uchani oyoqqa qo‘yib olguncha ilmiy xodimlar nazorati ostida bo‘ladi. Ularga maxsus ozuqa va suv yetkazib berib turiladi.

Biroq shu bilan birga bug‘ular tabiiy yashash areolidan uzilib qolish va tabiatda yashash instiktidan mahrum bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ona-bola bug‘ular o‘zini eplab olganidan so‘ng yovvoyi tabiatga qo‘yib yuboriladi.

YuNESKO e’tirofi
Qo‘riqxona tabiat ob’yektlari va komplekslarini to‘liq saqlab qolish, ilmiy tadqiqotlar va monitoring olib borish uchun mo‘ljallangan. Qo‘riqxona zonasi yerlari biosfera rezervatiga doimiy foydalanish uchun berilgan.

Biosfera rezervatining qo‘riqxona zonasi hududida, qonun hujjatlariga muvofiq davlat qo‘riqxonalari rejimi o‘rnatilgan va ushbu hududda har qanday turdagi xo‘jalik faoliyatini olib borish taqiqlangan.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati 2021 yil 16 sentyabr kuni YuNESKO Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga kiritildi. Qayd etish lozimki, hozir mamlakatimizda YuNESKOning ikkita tabiiy ob’yekti – Chotqol va Amudaryo zaxiralari mavjud. Ularning safiga yana bir qo‘riqxona qo‘shilgani esa ekologiya bo‘yicha olib borilayotgan ishlar salgina bo‘lsa-da samara berayotganini bildiradi.

Muhimi, mana shu natijani ushlab qolish va rivojlantira olish lozim. Inson ta’siri kamaygan joyda tabiat o‘zini tiklab olishini tarix bir emas, bir necha marta isbotlab bo‘lgan.

Zafar QOSIMOV
Nukus – Mo‘ynoq

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring