O‘rgimchak g‘alati transport hodisasiga sabab bo‘ldi
Britaniyaning Bredford shahrida o‘rgimchak tufayli fojiali yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. «Daily Mail»ning yozishicha, hasharot o‘z to‘rida haydovchining yuzi oldiga osilib tushib, uni qattiq qo‘rqitib yuborgan. Erkak yo‘ldan chalg‘ib ketgan.
Mazkur avtohalokat bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari naq bir yil davom etgan. Nihoyat, sud bo‘lib o‘tdi. Haydovchi o‘z aybiga iqror bo‘ldi. Uni 200 soatga majburiy mehnatga hukm qilishdi, shuningdek, uch yil muddatga avtomobil boshqaruvi huquqidan mahrum etishdi. Bundan tashqari, haydovchi 320 funt sterling miqdorida jarima ham to‘laydigan bo‘ldi.
Gap shundaki, hodisa o‘tgan yili 3 avgust sanasida yuz bergan. 31 yoshli Edvinas Gilius o‘zining Mersedes-Bens S220 mashinasida yo‘lga chiqqan.
Haydovchi o‘rgimchakni qo‘li bilan haydashga uringanda mashina piyodalar yo‘lakchasiga chiqib ketgan va simyog‘ochga borib urilgan. Zarba kuchidan sinib ketgan simyog‘och chorrahadan o‘tishga chog‘lanib turgan 58 yoshli ayolning boshiga qulagan. Jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan.
Janet Kavud ismli yo‘lovchiga 36 ta shikastlanish tashxisi qo‘yilgan. Bosh suyagi sinishi, bosh miyaning jiddiy jarohatlari shular jumlasidan. Shifokorlar 13 kun ayol hayotini saqlab qolishga urinishiga qaramay, u baribir hayotdan ko‘z yumgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter