Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘rgatilgan eshaklar («Haydovchining kundaligi» ruknidan)

O‘rgatilgan eshaklar («Haydovchining kundaligi» ruknidan)

Qamchiq dovonidan o‘tib borayotganingizda yo‘l chetida ikki yoniga savat osilgan eshaklar karvoniga ko‘zingiz tushadi. Ular Angrenda joylashgan ko‘mir koniga ketayotgan yoki kondan bu tomonga qarab yo‘rg‘alayotgan bo‘ladi...

Biz azaldan bu jonivorni ongsiz, deb bilamiz. Hatto,  ahmoq odamlarni ko‘pincha eshakka ham o‘xshatamiz. Shu sabab eshak bilan bog‘liq juda ko‘p latifa va hangomalar to‘qilgan. Ammo, bu tilsiz jonivorlar biz o‘ylaganchalik ahmoq ham emas ekan.

Hozir biz  kirakashlar uchun o‘lik mavsum. Bu degani shuki, 2-3 kunda zo‘rg‘a bir reys Toshkentga borib kelamiz. Ko‘pchilik - o‘z qadrini bilgan shofyorlar o‘lik mavsumda ishga chiqishmaydi. Uyda oyoq-qo‘lini uzatib yoki sanatoriya-panatoriyadami, asablarini dam oldiradi. Qaniydi, men ham dam olsam? Bir yoqdan uchastkani bitkazish kerak, bolalar katta bo‘pqolyapti. Bir yoqdan kichik o‘g‘ilchamni qo‘lini halollash kerak. Xullas... Uf-f, chalg‘ib ketdim. Nima deyotgandim o‘zi? Ha-a, bo‘ldi, yodimga tushdi.

Yo‘lovchi yo‘qligi bois, hammamiz «kliyent» kutib o‘tirgandik. Bir payt tanish savdogar kelib qoldi. Toshkentning «Chilonzor buyum bozori» (sobiq «Ippodrom»)ga chiqaradigan yuki bor ekan. 3 ta mashinani buyurtma qilgani kelibdi. Haydovchilar darrov jonlanib qolishdi. Yonimga o‘zimizning «kompaniya»dagi ikki ukaxonni oldim-da, mashinamning yukxonasi va salonni to‘ldirib yukladim. Endi mijoz olmasdan yo‘lga chiqsam bo‘ladi. Magnitofonim murvatini «Diydor» radiosiga sozladim-da, «qaydasan, Toshkent?», deb yo‘lga tushdim. «Ana endi dovongacha bemalol zerikmay ketaman», - deya o‘yladim.

 «Chinor» postidan o‘tib Angrenga kirib borayotganimda ko‘mir tashuvchi eshaklarga ko‘zim tushdi. Ularning savatlari bo‘sh edi. Demak, ko‘mirlarni to‘kib, yana konga qarab yo‘l olishgan. Eshaklarning shundoqqina yonida gaplashib turgan yigitlardan biri qo‘l ko‘tardi. To‘xtadim.

– Aka, Toshkengami? - so‘radi yigit.

– Italiyaga! - hazillashdim men.

– Yo‘g‘-ye?, - kuldi yigit. - Unday bo‘lsa, yo‘lgacha ketib qolay, baribir Toshkendan o‘tasiz-ku!

– Mayli, o‘tir!

– Necha pul bo‘ladi?

– 50 dollar bersang bo‘ladi, uka!

– Yo‘g‘-ye, aka! Baribir «poputi» ketyapsiz-ku!

– Chiq-chiq, beraverasan! Kelishamiz!

– Yigit yonimga o‘tirdi, yo‘lga tushdik.

U binoyidek kiyingan bo‘lsa-da, qo‘llari sovuqdanmi, yorilib ketgan, yoriqlarga ko‘mirning qorasi o‘rnashib qolgandi.

– Ko‘mir sotasanmi? - so‘radim undan.

– Ha-a! - sekin ming‘irladi yigit.

– Kondan o‘g‘irlar ekansizlar-da?!

– Biz kovlab bo‘lingan qismidan «chinak» qilamiz!

– Baribirmasmi, vey, - dedim kulib. - Rasman ruxsat berilmagandan keyin o‘g‘irlik hisoblanadi-da.

Yigit indamadi. Bildimki, gaplarimdan qo‘rqib ketdi.

– Qo‘rqma, men oddiy kirakashman, militsioner emas. Insofni o‘zlaringga bersin!

Juda shinavanda emasmanmi, yigitni yana suhbatga tortdim. Axir uzoq yo‘l. Mum tishlab ketmaysan-ku!

Xullas, yigitning oti Qosim ekan. U uyoq-buyoqdan, tog‘liklar hayoti, qiziq-qiziq voqealardan gapirib ketdi.

– Endiiii aka, - deb gap boshladi Qosim. - Ko‘mir changallab, hammayog‘imizni qoraytirib yurish bizgayam havasmas. Iloj qancha? Tog‘da nima tirikchilik bo‘lsin?! Zavod-fabrika bo‘lmasa. Qishda dehqonchilik qilolmasang. Yoz bo‘yi yiqqan-terganimizni bahor kelguncha yeb bitiramiz-da! Eskilarning bir gapi bor, «Eshakning mehnati - halol, go‘shti - xarom», degan. Ammo lekigin, siz bilan men axmoq degan shu eshaklar bizni boqyapti-da. Shular yordamida uyimiz isiydi, bola-chaqamizning qorni to‘yadi. Mana, sizni «Neksiya»ngiz borakan. Ammo, biz uchun eng qulay transport vositasi - eshak-da. Ya’ni, biz tog‘liklarning «Neksiya»si. Siz rulda uxlab qolsangiz,   Neksiyangiz sizni uyga oboradimi? Meni kechirasiz-u, go‘rga oboradi! To‘y-po‘ydan qaytayotib, eshak ustida bemalol mudrab kelamiz, baraka topgur jonivor o‘zi uyini topib keladi.

Tog‘lik yigit shaldir-shuldir ekan, Toshkentga yetguncha eshaklari haqida, eshakning sadoqati haqida og‘iz ko‘pirtirib maqtab ketdi.

Odatda ko‘mir tashuvchi eshaklar ustiga yuk ortilgach, qo‘yib yuborilar, ular uyni  o‘zlari topib borarkan. Bir kuni sekin yo‘rg‘alab borayotgan eshaklarni yo‘l nazorati xodimlari to‘xtatibdi. O‘sha kuni ortilgan ko‘mir manzilga yetib bormabdi. Qisqasi, mahalliy «tamojnya»da tushirib qoldirishibdi. Uch-to‘rt marotaba shunday bo‘lgach, Qosimning rosa boshi qotibdi. Axiyri bir hiyla o‘ylab topibdi. Militsiya formasini topibdi-da, egniga kiyib olib eshaklarni o‘lasi qilib kaltaklabdi. Shundan buyon eshaklarga ortilgan ko‘mirlar manzilga eson-omon yetib boradigan bo‘libdi. Gap shundaki, kaltakdan bezigan eshaklar uzoqdan formani ko‘rishi bilanoq, shataloq otib qochisharkan.

Hamrohimning hangomalaridan ichaklarim uzilay dedi. Poytaxtdagi opasini yo‘qlab borayotgan Qosim «Qo‘yliq»da tushib qolar ekan, «Aka, ko‘mir kerak bo‘lsa o‘zimga kelavering, sizga arzonlatib beraman!» deya xayrlashdi.

Shu-shu dovondan o‘tayotib eshaklarni ko‘rsam Qosimning aytganlari yodimga tushib, kulgim qistaydi. «Obbo» jonivorlar-yey!», deb qo‘yaman.

Muazzam Sobirjon qizi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring