Or va g‘urur uchun talashmaymizmi?
Turli saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha, mashhur turk aktyorining O‘zbekistonga tashrifi, buning uchun olgan haqi-yu o‘zbek qiz-juvonlarining uning atrofida girdikapalak bo‘lgani muhrlangan lavhalar hamon muhokama etilmoqda. Muhokamalarga asosiy urg‘u or-u nomusga berilmoqdaki, bu bejiz emas. Ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda yozganimdek: «Hayotda puldan ham qimmat turadigan sotilmas, sotib olib bo‘lmaydigan narsalar bor. Bu — or, bu — g‘urur. Turk aktyori uchun to‘langan pulning hisob-kitobini qilmoqchi emasman. O‘sha birgina reklama uchun turk aktyorini chaqirganimiz uchun, uning oyog‘iga poyondoz bo‘lganimiz uchun hayratlanasan kishi. Or uchun kurashmaymizmi, g‘urur uchun talashmaymizmi?
Achinarlisi, qizlarning uni o‘rab olib suratga tushgani, yanayam xunugi dasturxon ustida o‘tirgan aktyorning peshonasiga borib olib, talashib-tortishib suratga tushgani... Qancha surat ko‘rgan bo‘lsam «girgittonlar»ning hammmasi yosh-yosh qizlar. Faxr bilan suratga tushyapti. Eng odamni ijirg‘antiradigani uni ovqat yeyishga ham qo‘ymayotgani, eng kulgulisi aktyorning o‘zini xo‘rlangandek shumshayib o‘tirgani... Bu nima, bilasizmi? U hayratda, ayollarimizning yuzsizligidan, sirti madaniyatli ko‘ringani bilan ichki madaniyati yo‘qligidan HAYRATDA! Ba’zi ayollarning Turkiyada yomon nom chiqarayotgani ham hech kimga sir emas. Buni ishsizlikka, pulsizlikka yo‘ymang. Inson g‘ururi, ori bilan hayvondan farq qiladi. Qiynalgan ayollar o‘zini sotaversa andisha, hayo-ibo degan tushunchalarni lug‘atdan o‘chirib tashlashga to‘g‘ri keladi. Mana shu turk aktyorini chaqirib, FALON pulni SOChIB tashlashimizning o‘zi g‘urur, or yo‘qligidan darak. Suratlariga, videolariga qarasangiz, u o‘zini juda noqulay his qilayotgani ko‘rinib turibdi. Agar salgina jilmaysa, quchog‘iga kirib ketishidan qo‘rqqandir, sho‘rlik...
Mayli, seriallar ta’siri haqida gapirmayman. Mayli, taniqli aktyorga yopishib suratga tushayotganlarga insof bersin. U hamma joyda, hamma mamlakatda bor. Ammo bizning mintalitetga, o‘zbek qizlariga bunday andishasizlik to‘g‘ri kelmaydi, menimcha. Aktyorni bir reklama uchun chaqirib, mana shunday tomoshani uyushtirgan, boshqa mamlakatlar oldida o‘zini yerga urib, falon mablag‘ni osongina qo‘sh-qo‘llab bervorishni o‘z qadrini yerga urish, deb hisoblayman.
Aktyor bilan suratga tushish uchun talashamiz, pul uchun talashamiz. Or uchun, g‘urur uchun talashmaymizmi? Mamlakat faqat pul bilan rivojlanmaydi, faqat boylik, chiroyli shaharlar bilan rivojlanmaydi. VATAN g‘ururli, oriyatli erkaklari, andishali ayollari bilan go‘zal, shular bilan rivoj topadi. Agar bularning hech biri bo‘lmasa, u usti yaltiroq, ichi qaltiroq arzon matohdan boshqa narsa emas...»
Yuqoridagi fikrlarni sahifamga joylagach, ijtimoiy tarmoqdagi «Xalq bilan muloqot guruhi»ga yozilgan ko‘plab izohlarga ko‘zim tushdi. Ayrimlarini sizlarga ham ilindim. Shukrki, hamfikrlar kam emas ekan.
Dinara Zubaydullayeva:
— Fikrlaringizga qisman qo‘shilaman. Men ham bu uyatli, sharmandali ekanligini tushunaman. Bu faqatgina qizlarning xatosi emas, oiladagi otasi, akasi, ukasi, onasining ham befarqligidir. Lekin bitta fikrga qo‘shila olmayman, chunki arxitektura sohasida o‘qiyman. Burak O‘zchivitni «Zo‘r TV» ijodkorlari taklif etgan O‘zbekistonga. Uning tashrifini moliyalashtirgan kompaniya bor. «Olmazor-siti»ning reklamasini zo‘r qilib o‘ynab bergani bekorga emas. Bekordan bekor O‘zbekiston qanchadan qancha pul sarfladi, deyishingiz o‘rinsiz. O‘zbekiston ham pullarni bilib-bilmay foydasiz ishga sarf qilmaydi.
Go‘zal Alimova:
— Xalq nazorati, qanisiz? Ushbu postni qo‘ying xotin-qizlar qo‘mitasiga, Yoshlar ittifoqiga, Respublika va viloyatlar madaniyat va ma’rifat markazlariga, xolis ko‘rib chiqishsin. Yaxshi-yomon tomonlari o‘rganilib, yanagi safar shunday holatlarda o‘zlarini qanday tutish, qanday muloqot qilishlarini o‘rgatishsin. Etika, estetika kabi tushunchalar berilsin.
Charosxon Rahimova:
— Videoni ko‘rdim-u rostdan ham g‘ashim keldi... Bekorchi vaqtlari ko‘p shekilli qizlarning. Sayrdayam, ovqatlangandayam tinch qo‘ymasdan rasmga tushishdi.
Mirodil Abdurahmonov:
— Katta loyihalar katta xarajatlarni talab qiladi. Reklama masalasida ham. Bu bozor talabi, shuning uchun turk aktyoriga qancha to‘langani asosiy masala emas. Ammo qizlarimizning o‘zlarini bunday tutishlari chindan ham uyatli.
Alisher Eshimbetov:
— Chet ellik birovga palon so‘m yoki dollar berilganini eshitsam hamisha fanga o‘zlarini baxshida qilib, o‘z yog‘iga qovrilib yurgan yoshlar yodimga tushadi. Sababi, ulardan bir nafariga 1000 dollar berilsa, uch oy Hindistonda yoki Turkiyada malaka oshirib, kelajakda O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini oshirishga katta hissa qo‘shadi. Agar 5000 dollar berilsa, Yaponiya yoki Germaniyaga borib malaka oshirishi mumkin.
Jamshid Komilov:
— Afsus, ming afsus hozirgi avlod — gadjetlar, seriallar, internet avlodidir... O‘sha selfi qilgan qizlarning qaysi biri Otabekning Kumushbibisi bo‘la oladi? Aminmanki, hech qaysisi, chunki ular hattoki ushbu asarni o‘qimagan ham.
Xolbibi Ergasheva:
— Bu voqeani ko‘rgan turklar o‘zbek xotin-qizlarining sha’nini nima deb baholashadi. Ey, qiz o‘stirayotgan ota-onalar! Qayoqqa qarayapsizlar! Nahotki bir erkakka jo‘jaday qizlar yopishib yotsa?! Uyat!
Shohira Hamro:
— Murat Yildirim kelganda, press-konferensiyada bundan battar ahvolni ko‘rgan edim. Burak shu o‘tirib berishi uchun yetarli haq olib, «chidab» o‘tiribdi. Yildirimga haq faqat roli uchun to‘langan edi, u yelimday yopishgan qizlarimizni siltab tashlab ham esini kirita olmagan o‘shanda. Or, nomus, uyat, farosat, sharm-hayo bozorda sotilsa qani edi...
Xosiyat Karimova: — Videolarni ko‘rib hayratda qoldim, qizlarni qo‘yavering, el tanigan san’atkor ayollarimizning ba’zilari ham shu aktyor oldida madaniyatsizlik qilib o‘zini tuta bilmadi.
Nargiza Farhodova:
— Hamma millatda ham bo‘lsa kerak, sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek. Maktabdayoq qizlarimizga oila, ma’naviyat darslari o‘tkaziladi. Lekin natija kam, chunki ko‘p ota-onalar farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanmay qo‘ygan yoki chet elda.
Otabek Isroilov:
— Profesor Suyuma G‘aniyeva: «Ichki madaniyati bor inson — eng go‘zal shaxs hisoblanadi!..» degan edi uchrashuvlarning birida. Xotin-qizlar-ku nomusni bilmas, uni begona erkakka yopishishlari uchun qulay sharoitni yaratgan ori borlarga nima deyish kerak hayronman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter