O‘quvchilar o‘rtasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi respublika olimpiadasi o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan fizika va matematika fanlaridan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi respublika olimpiadasi o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi «tuit.uz».
Olimpiadada o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari, ya’ni, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi yoki bitirgan o‘quvchilari, shuningdek, o‘n bir yillik umumiy o‘rta maktabning 11-sinf bitiruvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Oimpiadada ishtirok etish istagini bildirgan yoshlar olimpiadaning rasmiy www.matfiz.uz saytida ro‘yxatdan o‘tib, olimpiada shartlari va o‘tkazish bosqichlari bilan tanishlari mumkin.
Olimpiada uch bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi (saralash) bosqich – 2018-yil 20-yanvar kuni onlayn tarzda, test ko‘rinishida. Test savollarining 80 foiziga to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilar ro‘yxati olimpiada rasmiy saytida e’lon qilinadi va keyingi bosqichga o‘tadi.
Ikkinchi (mintaqaviy) bosqich – 2018-yil 10-fevral kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududlardagi Qarshi, Samarqand, Farg‘ona, Nukus, Urganch filiallarida o‘tkaziladi. Mazkur bosqich ishtirokchilari orasidan matematika va fizika fanlaridan amaliy masalalarga qo‘yiladigan maksimal ballning kamida 80 foizini to‘plagan o‘quvchilar ro‘yxati olimpiada rasmiy saytida e’lon qilinadi va final bosqichga o‘tadi.
Final bosqichi – 2018-yil 22–25-fevral kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘tkaziladi. Ushbu bosqichda ishtirokchilar fizika va matematika fanlaridan 10tadan amaliy masalalarni yozma topshiradilar.
Olimpiadaning final bosqichida eng yuqori ball to‘plagan 21ta ishtirokchi sovrindorga aylanadi. Barcha sovrindorlarga qimmatbaho sovrinlar va diplomlar beriladi. Shuningdek, ular Toshkent shahridagi INHA universitetining ingliz tilidan bepul o‘qish huquqini beruvchi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter