«O‘pkangizning yarmi yo‘qmi?»: otarchi bo‘lishni or bilgan Botir Zokirov hayotiga chizgilar
Botir Zokirov kundaligining ilk sahifasini shunday so‘zlar bilan boshladi: «Men o‘z kundaligimni ajoyib yoshligimning eng baxtiyor kunlaridan – bolaligimning ilk orzulari ro‘yobga chiqqan kunidan boshlagim keladi...
O‘sha kuni men Toshkent Davlat konservatoriyasi vokal fakulteti tayyorlov bo‘limiga muvaffaqiyatli imtihon topshirdim. O‘sha daqiqalarda men sahnada turib hassos va talabchan tinglovchilar qarshisida kechirgan cheksiz hayajonlarim, iztiroblarim kuylashim bilanoq tumanday tarqab ketdi.
Imtihonlardan so‘ng o‘qishga qabul qilingan «a’lochi»lar qatorida mening ham familiyamni aytishganida dastlabki hayajonlarim bamisli quvonchga aylandi. O‘sha kundan boshlab men musiqa ehromi – konservatoriya talabasi bo‘ldim, o‘sha kundan boshlab sevimli mashg‘ulotimning sarhadsiz ummoniga sho‘ng‘idim... 1952-yil 20-avgust».
Lekin uning hayotiga allaqachon shafqatsiz tamg‘asini bosgan xastalik barcha orzulariga zomin bo‘ldi. U konservatoriyada o‘qishini tugatolmadi. Keyinchalik Toshkent Teatr va rassomlik san’ati institutining rejissyorlik fakultetida, taniqli rejissyor Aleksandr Ginzburg qo‘lida tahsil ola boshladi. Lekin kasallik uni qo‘shiqdan zarracha ajratolmadi. Talabalik yillarida «Yoshlik» estrada ansamblida qatnashardi. Tuzalgach, yana ansamblga qaytdi...
1958-yil «Yoshlik» ansambli bazasida O‘zbekiston Davlat estrada orkestri tuzildi. Orkestrni tuzishda Botir Zokirov aktiv qatnashdi. Aka-singil orkestrda solist bo‘lib ishlay boshladilar.
Orkestr Botir Zokirov ijodiy yo‘lini qat’iy belgilab berdi. Bu o‘zbek musiqa va qo‘shiqchiligi tarixida ochilmagan qo‘riq – estrada san’ati edi. Barcha sohalar kabi Botir Zokirov tanlagan estrada yo‘li og‘ir, mashaqqatli va iztiroblarga to‘la edi. Lekin u bundan aslo cho‘chimadi.
Birinchi bo‘lish hamisha mushkuldir.
– Bolam, sog‘lig‘ingga qaragin. O‘zingni asra, – derdi Shohista opa har kuni Botirni ishga kuzatarkan. «Xo‘p, oyijon», derdi-da, orkestrga kelishi bilan va’dasini unutardi…
U nafaqat o‘zini, balki boshqalarni ham kasali haqida o‘ylashiga, gapirishga yo‘l qo‘ymasdi. Konsertlarini hayajonlanib tinglaydigan minglab qo‘shiq muxlislarining ko‘pchiligi uning xastaligidan bexabar edi. Botir kasallikni yaxshi qo‘shiq, samimiy kulgi va kuchli iroda bilan yengardi.
Bir gal Tomsk shahriga gastrolga borganida konsertdan so‘ng bir guruh tomoshabinlar uni savolga tutib: «O‘pkangizning yarmi yo‘qmi?» deb so‘rashgan edi. Bu savol uning suyak-suyaklarigacha zirqiratib yuborgandi. Ey, odamzod! Qo‘shiqni tinglab tinchgina ketaver. Savoling nimasi? Shu-shu, tomoshabinlarga ro‘baro‘ kelishdan cho‘chiydi. Cho‘chiydi emas, ularning noo‘rin savollariga yuragi bardosh berolmaydi.
1961-yil uni birinchi marta operatsiya stoliga yotqizishdi. U o‘sha kunlarni kundaligiga shunday qayd etgan: «Operatsiyadan keyingi to‘rtinchi kun. Yaxshi va yomon. Yomon va yaxshi. Shirin va achchiq. Azob va yoqimli... Doimo xonam to‘la do‘stlar. Yaxshi! «Albatta, hali hammasi yaxshi bo‘ladi, albatta!» deya bildirilayotgan samimiy tilaklar. Aslo toqat qilib bo‘lmaydigan og‘riqlar xuruj qilganda esa, ilk bor sahnaga chiqqan kunni xotirlash ko‘ngilga taskin-tasalli beradi».
U ko‘p marta adashdi, qiynaldi, izlandi, yo‘lidagi to‘siqlarni yengib, qayta-qayta kuyladi, oxiri o‘z qo‘shig‘ini topdi. Lekin qanchalik kuyib-yonmasin, ko‘zlari to‘rt bo‘lib axtarmasin, hali-hanuz baxt yulduziii uchratgani yo‘q. To‘g‘ri, bir safar Moskvada konsert berayotganida uni zalda tomoshabinlar orasida tasodifan ko‘rib qoldi. O‘shanda gastrolning oxirgi konserti edi. Ko‘rib qoldi-yu, o‘zini sahnada bir zum yo‘qotdi.
Uning ko‘zlariga yulduzdan bo‘lak hech kim, hech narsa ko‘rinmasdi. Yulduz bo‘lsa zalning beshinchi qatorida o‘tirib, sochlari yelkalarida parishon, o‘zini batamom unutgan, faqat xonandaning mungli qalb faryodini tinglardi. Xonanda esa undan ko‘zlarini uzmay, faqat u uchungina yonib kuylardi:
Qaydasan, azizim, qaro ko‘zligim,
Sevgili yulduzim, shirin so‘zligim,
Qo‘limda senga deb quyilgan sharob
Ko‘zlarim yo‘lingda, anor yuzligim...
Konsertdan so‘ng yulduzini izladi. Topolmadi... Bir necha marta uning suratini chizishga urindi. Chizolmadi. Yana qalblarni sog‘inchlarga to‘ldirib kuyladi:
Qaydasan, azizim, qaro ko‘zligim…
1964-yili Botirni Kreml kasalxonasida ikkinchi marta operatsiya stoliga yotqizishdi. Azob-uqubatlarga to‘la o‘sha og‘ir kunlarni u kundaligiga yozib bordi. Bu murakkab operatsiya uni hayotga qaytardi. Ajal bu gal ham suyukli xonandani muxlislar qalbidan yulib ololmadi.
15-YaNVAR:
«Afsus! Operatsiyani jumaga qoldirishdi. Salom, yana bir ko‘ngilsizlik! Kechagi rentgen surati yomon chiqibdi. Qimirlamay yotishimni qattiq tayinlashdi. Qo‘shiqni yozish esa chippakka chiqyapti. Tinimsiz mashg‘ulotlar hayf ketdi. Mana, senga quvonch uchun mukofot.
O‘pkadagi kichik teshikcha katta bo‘lib qolibdi. Bu so‘nggi mashg‘ulotlar oqibati. Baribir yangi qo‘shiqni yozib ololmayapmiz. Bunga Ikrom aka emas, men aybdorman. Chunki biz bekorga hayajonlandik, xavotirlandik. Qo‘shiq yozilmasa mayli. Axir men nimalarni istamayman? La’nati kasal menga bo‘ysunmaydi. Lekin uni o‘z ixtiyoriga qo‘ymasligim kerak.
Oqshom Ikrom aka keldi. Mening sihat-salomatligimni ko‘rib xursand bo‘ldi. Qo‘shiq yozishga yig‘ilgan barcha orkestr ijrochilari menga salom aytibdi…»
16-YaNVAR:
«Ertagayam operatsiya bo‘lmaydi. Lev Konstantinovich Bogush kasal. Keyingi seshanbagacha qimirlamay yotish kerak.
Kechqurun Ikrom aka kelib, operatsiyaga rozi bo‘lma, dedi. Chunki o‘tgan seshanbada yonimda yotgan bemorni olti soat operatsiya qilishdi. U nobud bo‘ldi. Ikrom aka, otamni chaqirish, maslahatlashish kerak, dedi. Ikrom akaga meni operatsiya qilish zarurligini tushuntirdim.
Ira (Erkli Malikboyeva) telefon qildi. Hammasi joyida, yaxshi dedim.
Sharq tarixini o‘qiyapman. Juda ko‘p narsalarni bilmasligim ayon bo‘ldi. O‘z tariximizni g‘ururlanib, faxrlanib o‘qib-o‘rganishni boshladim. Qancha-qancha ochilmagan tengsiz xazinalar. O‘z madaniyatimizni hali juda yuksaklarga ko‘tarishimiz kerak. Albatta ko‘tarish kerak! Qanday qilib? Hamma gap shunda.
Yana ko‘p narsalar haqida fikr-mulohazalar yuritishga hali imkoniyatim bor.
Bir narsani angladim. Shu paytgacha olgan bilimlarim hech narsaga arzimas ekan. Hammasini imkon qadar qaytadan boshlash kerak...»
10-FEVRAL:
«Ertalab ko‘ngilsizlik bo‘ldi. Ko‘chada bir odamni mashina urib, o‘ldirib ketibdi. Bugun kasalxonaga kelganimga ikki oy bo‘lsa, shu muddat ichida bu ikkinchi voqea.
Ahvolim yaxshi emas. Kunduzi hikoya yozdim. Ehtimol bu mening ilk hikoyamdir. Bu hikoyani ichimdan to‘qimadim. Hikoyaning nomini «Kutish» yo «Oxunboboyev haykali yonida» deb atash mumkin. Hikoya ko‘pgina yaxshi, ochiqko‘ngil, kamtar tanishlarim haqida...»
15 -FEVRAL:
«Xudoga shukr! Rentgen yaxshi chiqibdi. Operatsiyaga yarayman. Nihoyat ertaga operatsiya! Lekin ular anig‘ini aytishmayapti. Chunki Bogush, operatsiyadan faqatgina bir foiz umid bor xolos, dedi.
Kuni bo‘yi Eduardas Mejelaytisning «Inson» kitobini o‘qidim. Kitob yaxshi bezalgan. Krasauskasning gravyuralari tabiiy. Poemadagi ko‘p fikrlar mening dardlarimga hamohang. O‘zim ochgan dunyoni «ko‘rib», o‘zim uyalib ketdim, Mejelaytis menga ruh bag‘ishladi. Nega endi o‘zimdan-o‘zim uyalishim kerak?..
Bekor xursand bo‘ldim. Haroratim 37,8°. Bunday isitma bilan operatsiya qilmasliklari mumkin. Bari-bari jonga tegdi!»
16- FEVRAL:
«Tong oqardi. Kun o‘tyapti. Shafqatsiz savol esa momaqaldiroqdek yangrab turibdi. Qancha o‘y-xayollaru qancha hayajonlardan so‘ng! Nega hayajonlanyapman? Bugun bo‘lmasa, ertaga bo‘lar, ulguraman-ku... Ehtimol, yo‘q! Balki vrachlarning o‘zlari cho‘chishayotgandir?
Soat 4.30. Dam olish vaqti tugadi. Nihoyat meni chaqirishdi. Ukolga olib ketishib... so‘ng... xayriyat, aniq bir qarorga kelishdi. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi.
Soat beshda operatsiya stolida yotardim. Tepamda hamshira Natalya Ivanovna. U qo‘llarimni ushlab olganu ko‘zlarimga qarashga qo‘rqadi. U hadeb Sergey Yakovlevich Lemishevning tomog‘idagi rak tuberkulyozni otseratsiya qilishgani haqida gapiradi. U boshimni silab hayajonlanyapti, nuqul «Molodets, Botir», deb qayta-qayta pichirlaydi.
Atrofimda jarrohlar ish boshlashdi. Go‘yo men ham ularga qo‘shilib ishlay boshladim. O‘n ikkigacha sanadim. Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Bu holat umrbod esimdan chiqmaydi.
Keyin vrachlar aytib berishdi: «Operatsiya o‘ta murakkab, jiddiy va xavfli edi... Operatsiyadan so‘ng Bogush yig‘lab yubordi...»
19-FEVRAL:
«Boksdan palataga o‘tkazishdi. 10-palata. To‘rt kishimiz».
26-FEVRAL:
«Ertalabdan xushxabarlar: rentgen yaxshi, ukollar boshqa qilinmaydi. Har qalay va’da berishdi-ku! Sayr qilish mumkin. Toza havoda. Faqat qirq minut. O, ba’zan nimadan oziqlanayotganimizni unutib qo‘yamiz. Axir bahorning iliq, salqin tabiiy havosini xonadagi kislorodga almashtirish mumkinmi?
Nafas olish qanday baxt!..»
6-APREL:
«Visokiy Gorida bir yuzu qirq kun. Tamom! Soat birdan beri ozodlikdaman!»
12-APREL:
«Salom, Toshkent! Salom, o‘g‘lim!
Toshkentni bahor nafasi tutgan. O‘rik gullabdi. Otam har safar meni har xil holatda kutib oladi. Nazarimda u kishi ancha qartayib qolibdi. Onam esa o‘sha-o‘sha, shaddod va chaqqon.
Ukalarim ancha ulg‘ayibdi. Jamshid – student, xursand. Motsartdan chaladi. Farruhga qo‘shilib qo‘shiq ham aytadi. Navfal bilan Farruh gitarani ajabtovur chalishib, yaxshigina kuylashyapti. Onam Navfalga ajoyib qo‘shiq o‘rgatibdilar...»
Botir joni jahoni bo‘lgan qo‘shiqni sog‘ingan edi. Qo‘shiqqa bo‘lgan buyuk sog‘inch tuyg‘usi bu gal ham qattol jarroh qo‘lidan uni omon-eson olib chiqdi. U har bir yangi qo‘shiq ustida uzoq mashq qilar, toki qo‘shiq qalbini po‘rtanaga keltirmaguncha aytmasdi. U bilardiki, xonanda yurakdan yonib kuylamasa, tinglovchi qalbini zabt etolmaydi. U har bir yangi qo‘shiqni kamida yetti-sakkiz variantdan so‘ng qiyomiga yetkazardi.
Operatsiyadan so‘ng oradan ikki yil o‘tgach, birinchi marta gastrolga yana Moskvaga bordi. Konsert zo‘r o‘tdi. Bu haqiqiy mo‘’jiza edi. Ro‘y bergan mo‘’jizaga xonandaning o‘zi ham ishonmasdi…
Botir o‘sha oqshom dam olishdan oldin Toshkentga telefon qilib ta’bi bir oz xira bo‘ldi. Sahnadagi quvonchidan asar ham qolmadi. Respublika madaniyat ministrining muovini yana yangi repertuarni tasdiqlamabdi. Chunki yaqin orada orkestr qardosh Bolgariya, Vengriya, Chexoslovakiya mamlakatlari bo‘ylab gastrolga borishi kerak edi. Bir xayoli san’atni tushunmaydigan o‘sha kaltabin muovinga telefon qilmoqchi bo‘ldi. Lekin ko‘zi ojiz odamga nuqul ko‘rsan, deyishdan nima foyda?
U uzoq vaqt uxlay olmadi. Asabiylashdi. Vrachlarning juda qat’iy taqiqlashiga qaramay, hamrohlaridan yashirincha sekin ayvonga chiqib sigareta tutatdi. Baribir alami bosilmadi. Ko‘z oldiga Marazning jirkanch basharasi kelaverdi...
Botir san’atni tushunmaydigan bunday maraznusxa «chinovnik»lardan bezor bo‘lgan edi. Ular nafaqat estradani, balki milliy qo‘shiq san’ati rivojiga ham keskin to‘sqinlik qilishardi. Qiziq! Seni o‘zga shaharlarda, o‘zga yurtlarda rosa e’zozlashsa-yu, o‘z yurtingda qadr topmasang. Har qadamda izingni, so‘zingni poylashsa, harakatlaringdan xato izlashsa, to‘g‘ri so‘z uchun ta’qib etishsa... Bu ahvolda qanday qilib na madaniyatni, na san’atni rivojlantirib bo‘ladi? U ba’zi «san’atkor»lar kabi katta-kichik rahbarlar huzuriga tez-tez kirib qulluq qilmas, bo‘lar-bo‘lmas xizmatlarini bajaravermas, tinglovchilar nomidan xatlar uyushtirmas, unvonu mukofotlar uchun yelib-yugurmas, umuman, ularga yalinib-yolvormasdi. Bunday «fazilatlar» uning qonida yo‘q edi.
Botir Zokirov eng qiyin paytlarda ham san’atdan yiroq rahbarlar oldida bo‘yin egmadi. U inson sifatida ham, san’atkor sifatida ham imoniga, e’tiqodiga hamisha sodiq qoldi. Bu xislatlar unga ko‘proq otasidan o‘tgan edi. «O‘g‘lim, to‘g‘ri bo‘l, halol bo‘l. Shon-shuhratga, mukofotga hirs qo‘yma. San’atingni xalq e’tirof etsa bo‘ldi», derdi hamisha otasi.
Bir kuni unga respublika markaziy komiteti fan va madaniyat bo‘limining o‘sha davrdagi mudiri telefon qildi.
– Kechqurun hukumat bog‘ida mehmonlar bo‘ladi. Shunga bitta konsert qo‘yib berasizlar. O‘zingiz albatta bo‘ling, – deb jiddiy tayinladi.
U trubkani qo‘yar ekan, «mehmonlar» so‘zini odatdagidek chet eldan mehmonlar kelgan, shularga konsert berish kerak, deb tushundi. U bunday konsertlarga hamisha puxta tayyorlanib, milliy san’atimizni chet elliklarga manzur qilishga ishtiyoqmand edi.
Oqshom bo‘lim mudiri tayinlagan joyga borishsa, hech qanday mehmon yo‘q. Surishtirib bilishsa kattalardan birining o‘g‘li uylanayotgan ekan. O‘sha katta to‘yda shaxsan Botir Zokirovning qo‘shiq aytishini tayinlabdi. Buni eshitib xonandaning fig‘oni falakka chiqdi. Bu haqoratdan bo‘lak narsa emas! Axir san’atni shunchalar oyoqosti qilish mumkinmi?
– Yig‘ishtiringlar! Ketdik! – dedi u cholg‘uchilarga ovozi titrab.
– Qayoqqa?! – deya dag‘dag‘a bilan bo‘lim mudiri unga yuzlandi.
– Kechirasiz, hali otarchilik darajasiga ko‘tarilganimizcha yo‘q! – dedi Botir achchiq kinoya bilan.
– Qayting. Keyin pushaymon qilasiz.
– Otarchilik qilib vijdon qiynalgandan ko‘ra, ming marta pushaymon yegan yaxshi, – dedi u jahl bilan mashina eshigini yopib.
– Ko‘ramiz!..
Ha, katta-kichik idoralarda, kabinetlarda birdek tahlika bilan aytilgan «ko‘ramiz»lar bir umrga uning sog‘lig‘iga, ijodiga, eng muhimi, yaxshi qo‘shiqlariga zomin bo‘ldi. Uning nazarida shu so‘z faqat o‘zbeklar uchun yaratilgan-u, ko‘rsatishni ham faqat o‘zbeklarga chiqarganday. Axir birgina shu sovuq so‘z tufayli qanchadan-qancha toza yuraklar, hur fikrlar, noyob talantlar malomatlarga uchradilar, ba’zilari badnom bo‘ldilar. Nimani ko‘rsatadi? Manmanliginimi, savodsizliginimi, zo‘ravonliginimi?.. Qachongacha ko‘rsatadi? Nega hanuz-hanuz ayrim rahbarlarda zo‘ravonlik, hokimi mutlaq bo‘lish, ma’naviy manmanlik psixologiyasi yo‘qolmayapti? «Ko‘ramiz»lar dastidan milliy madaniyat va san’atimiz aksariyat oyoqosti qilinyapti. Bizda iste’dod bilan faxrlanish, uni unib-o‘sishi va boshka xalqlarga ko‘z-ko‘z kilish tuyg‘usi yetishmaydi. Shular-ku, yetishmas ekan, odamni o‘z holiga qo‘yishsa bo‘lardi.
«Nega shunday? Nima uchun? Qachongacha?»
U vujudiga quyunday quyilib kelayotgan bunday savollarga javob topolmay qiynalardi.
«O‘zimiz o‘zligimiz ildizini qirqsak, madaniyat va san’atimnzni oyoqosti qilsak, g‘ururimizni bema’nilarcha toptasak, iste’dod boshida byurokratlarcha qilich yalang‘ochlab tursak qachon xalq bo‘lamiz? Qachon qad rostlaymiz? Qachon?..»
Betizgin, bejavob savollar karvoni asta-sekin yo‘qolib, vujudiga beixtiyor yangi she’r oqib kela boshladi. Qo‘liga qalam olib, kundaligining yozilmagan sahifalarini ochdi.
Boy berildi juda ko‘p yillar.
Juda!
Uzoq yashadim men, tun dengizida
Olis yulduzlarning yonishlaridek –
Yolqin topurmanmi endi o‘zimdan!
Peshonamga yuz yil yashash bitganday!
Bu ensiz, beboshvoq ko‘rlikda mubham,
Gullar ochilishin boy berdim qanday,
Inson tabassumi, tavalludin ham
Va boqib eng so‘nggi shu’la izidan,
Fasli xazon dardi ila so‘ylayman:
«Men endi har kecha beparvo kezgan
Shoshgan yo‘lovchimasman», faqat o‘ylayman.
Demak, gap bundoq, o‘z qo‘shiqlarimda
Kuyladim men – soya va aks-sadoni!
Qo‘shiqlar ne haqda
Ne bor dardimda?!
Odamlarga ayta olurman neni?»
…Xalqqa xizmat qilmoq uchun
Ovozim ham, o‘zim ham yarayman hali,
Kuylamoq bu – men uchun yashamoq demak!
Biroq boshqalarning ilhomi ila
Ko‘ngilxushlik qilmoq menga kerakmas!
Izlamoq va yaratmoq istayman bu kun
O‘z san’atimni!..
Ashurali Jo‘rayevning «Yurak bo‘ronlari» hujjatli qissasidan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter