Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Omad bir kelsa, qo‘shaloq keladi

Omad bir kelsa, qo‘shaloq keladi

Foto: «Kommersant»

Belgiya poytaxti Bryusselda 1937-yildan beri milliy simfonik orkestr faoliyat yuritib keladi. Yaxshigina profesionallar yig‘ilgan jamoa, mashhur dirijyorlar ishlab ketgan. Ammo bu orkestrning dong‘i chet ellarga tarqamagan. Oradan yarim asr, yana chorak asr o‘tdi: birdaniga hamma shu orkestrga qiziqib qoldi: musiqachidan tortib — tinglovchigacha. Nima gap?

Omad bir kelsa, qo‘shaloq keladi: jamoa 2012-yili «Artist» filmiga yozgan saundtreki uchun «Oskar»ni qo‘lga kiritdi. O‘sha yilning sentyabrida esa orkestr mobil telefonlar uchun mumtoz musiqa durdonalarining ringtonlar to‘plamini yozdi. O‘ziga xos bu loyiha yaxshi kutib olindi. Brams, Motsart, Chaykovskiy, Debyussining eng mashhur asarlaridan har biri 30 soniyalik fragmentlar yozib olindi.

Musiqachilar bir o‘q bilan ikki quyonni urishni ko‘zlashgani aniq: avvalo yoshlarda mumtoz musiqaga qiziqishni oshirishadi, qolaversa, o‘zlari ham zamonaviy texnologiyalar bilan tillashishadi.

Yaqinda orkestr haqida yangi xabarlar tarqadi: qog‘oz notalar bir chekkaga surib qo‘yilib, endi xoh «uy»dagi, xoh safardagi konsertlar bo‘lsin, musiqachilar to‘liq planshetlardan foydalanishmoqda.

Bitta planshetga ansamblning jami notalar kutubxonasi bemalol sig‘adi. Istalgan yangi asarni shu zahoti ko‘chirib olsa bo‘ladi. Planshet juda ixcham va yengil, eng asosiysi — tejamkor! Misol uchun, Bryussel orkestri qog‘oz notalarni xarid qilish va ulardan nusxa ko‘paytirishga yiliga o‘rtacha 25 ming yevro ketkazardi. Endi bo‘lsa bir chaqa ham sarflagani yo‘q.


Darvoqe, nota yozuvlari tizimini kim ixtiro qilganini bilasizmi? Unda eslab qoling: bu o‘n asrlar muqaddam Italiyaning Toskana viloyatida yashagan monax Gvido Aretinskiy bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring