Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olti yarim million nafardan ortiq bolalar o‘rtasida ommaviy degelmintizatsiya tadbirlari o‘tkazilmoqda

Olti yarim million nafardan ortiq bolalar o‘rtasida ommaviy degelmintizatsiya tadbirlari o‘tkazilmoqda

19-aprel kuni yurtimiz bo‘ylab 2-10 yoshdagi (jami 6 million 115 ming nafardan ortiq) bolalar hamda zararlanish yuqori bo‘lgan hududlar maktab o‘quvchilari orasida ichak gelmintozi bilan kasallanishning oldini olish bo‘yicha ommaviy tadbirlar boshlandi.Tadbirlar Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktablarda 15 yoshgacha (jami 445 ming nafardan ortiq) bo‘lgan bolalarni qamrab oldi.

Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi. 

Ushbu tadbirlarning 1-turi joriy yilning 19–24-aprel kunlari davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, gelmintozlar inson organizmiga parazit chuvalchanglar (gijjalar) kirishi natijasida yuzaga keladi. Chuvalchanglar o‘zi yashab turgan vujuddagi ozuqalar hisobiga kun ko‘radi.

Bugungi kunda bunday zararkunandalarning 250 ga yaqin turi aniqlangan bo‘lib, shulardan 9 xili bolalarda uchraydi. Agar kasallik kuzatilsa:
- bolaning qorni og‘riydi,
- ishtahasi buziladi,
- asabiylashadi,
- jizzaki bo‘lib qoladi,
- uyqusida tishlarini g‘ichirlatadi.

Parazit inson organizmida 5 mingdan 150 minggacha tuxum qo‘yadi. Ularning xavfliligi shundaki, tez rivojlanadi va ichak orqali butun tanaga tarqalib, ichki a’zolar va tizimlarni shikastlaydi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining taqsimotiga ko‘ra, maxsus dori vositalari ommaviy degelmintizatsiyaning 1-turini tashkillashtirish uchun hududlarga yetkazib berildi.

Bolalar preparatlarni bog‘cha va maktablarda qabul qilmoqdalar, shuningdek, uyda tarbiyalanayotganlarga esa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy bo‘linmalari tomonidan tashkil qilingan guruhlar mahallabay tarzda uyma-uy yurib, maxsus dori vositalarini tarqatmoqda.

Ommaviy degelmintizatsiya tadbirlarining 2-turi 6 oydan so‘ng tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring