Oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz qabul qilish tartibiga o‘zgartish kiritildi
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qarorda olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari musobaqalari g‘oliblarining oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz kirish imkonini beruvchi individual va jamoa turlari ro‘yxatiga aniqlik kiritildi.
Avvalgi tahrirda shaxmat, shashka bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli kirish va pul mukofotini olish huquqi aks ettirilgan bo‘lsa, endilikda hujjatda kurash milliy sport turi bo‘yicha ham mazkur imtiyozlar qo‘llanilishi belgilandi.
Shuningdek, xalqaro tanlovlar va musobaqalar g‘oliblarini rag‘batlantirish tartibi o‘zgardi. Avvallari o‘qishga kirishda imtiyozlar xalqaro tanlovlar va musobaqalar individual va jamoa turlarida 1-5-o‘rinlarni egallagan shaxslarga berilardi. Mazkur qarorga ko‘ra, endi respublika 1-o‘rin va xalqaro tanlovlar va musobaqalar individual va jamoa turlarida 1-3-o‘rinlarni egallagan shaxslarga beriladi. Bunda avvalgidek tanlovlar va musobaqalar jamoa turlarida g‘oliblik natijasiga ko‘ra jamoalar tarkibidan 3 nomzod oliy ta’lim muassasasiga imtihonsiz qabul qilinadi.
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblarini oliy ta’lim muassasasiga imtiyozli qabul qilish ta’lim muassasasi ixtisosliklari bilan olimpiada fanlari, tanlovlar ixtisosliklari, sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishiga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter