Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oilam» videoloyihasi: Ikkinchi hayot (video)

Bugun turli voqealarga guvoh bo‘ladigan, ayniqsa, salbiy voqealarni yashira olmaydigan zamonda yashayapmiz, hali qarasang, qaynona kelinni urgan, hali qarasang, qaynona kelinni haydagan, hali qarasang, qaynona o‘g‘lini kelindan sovitgan.

Ammo biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qaynona — umuman boshqacha. Nafaqaga chiqib ham tinib-tinchimagan, ortidan boshqa qiz-ayollarni ergashtira olgan, kelinlarini ishli qilgan tadbirkor ayol. Ayolning oqila bo‘lgani oilani mustahkamlaydi, deb o‘ylaydigan zukko ona.

«Oilam» videoloyihasining navbatdagi qahramoni — Gavhar opa Astanoqulova Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yashaydi. Irrigatsiya sohasida ishlagan opa pensiyaga chiqqach, o‘zi aytganidek, ikkinchi hayoti boshlanadi.

Gavhar opa yurak bilan bog‘liq xastalikni boshidan o‘tkazganidan so‘ng yotib qoladi. Ammo unga milliy qadriyatlarimiz singdirilgan kashtachilik hunari ikkinchi hayot berdi. Ayni paytda Gavhar opaning uyida kashtalar va boshqa hunarmandlik mehnati ortidan yaratilgan ijod muzeyi bor. Muzeyda eng ajoyib kashtalar, ko‘ylaklar, chimildiqlardan tortib ko‘zalargacha bor. Gavhar Astonaqulova bugun nafaqat mahallaning chevar onasi, balki yosh qizlarga hunarini o‘rgatib kelmoqda.

«Kelinlarim — ilk shogirdlarim, — deydi qaynona. — Men ular  uchun qaynona emas, o‘z onasidekman va ustoziman. Tanlovlarda qatnashaman, ular doimo yonimda, qizlarga dars berishga borsam, ular ham bilganlarini boshqalarga o‘rgatishadi. Kelinim Lolaxon mening o‘ng qo‘lim, — ta’kidlaydi Gavhar opa. — Yaqinda AQShning USAID tashkiloti tanlovida 5 million so‘mlik grant yutib oldi, puliga tikuv mashinasi olib berdim.

Shogirdlarimga, kelinlarimga hunar o‘rgatayotganimda tariximizdan ham saboq berishga harakat qilaman. Masalan, mana bu kashtani qarang, nima uchun kashta chekasi chegaralangan qora jonona deyiladi, bu degani hamma o‘zining haddini, chegarasini bilsin, degani ekan...

Ha, Lola opa ijodkormasmi, har bir gapining, fikrining mag‘zi to‘q. Videolavha davomida opaning o‘z qo‘llari bilan tikkan kashtalari, urchuq yigirish, ip kalava qilish saboqlarini ham ko‘rishingiz mumkin. Shogirdlari safi kengayayotgani esa milliy hunarlarimizning umri boqiyligidan darak.

Muallif: Barno Sultonova,
Tasvirchi: Farrux Aliyev,
Montaj ustasi: Sherzod Qayumov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring