O‘g‘rilarning ham yuragi bor

Italiyalik karabinerlar mamlakat janubidagi Bari shahar shifoxonasining avtoturargohidan o‘g‘irlangan mashinani topishdi: ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatdan so‘ng mashina o‘g‘rilari uzrini so‘rab, olib qochgan avtomobilni qoldirib ketishdi.
Yanvar oyi o‘rtalarida jabrlanuvchining qizi o‘g‘irlangan avtomobil tarqoq sklerozdan qiynalayotgan onasining bittayu bitta harakatlanish vositasi ekanligini «Facebook»da yozib qoldirdi. Fiat Doblò nogironlar haydashi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, pandus va nogironlar aravachasi bilan jihozlangandi.
«Qo‘lingizni ko‘ksingizga qo‘yib, uni bizga qaytarib bering», — deb yozgandi qiz. Uning murojaati tezda ommalashib ketdi. Aftidan, mashina o‘g‘rilariga ham yetib borgan ko‘rinadi. Bir necha kundan so‘ng mashina topildi. Bari shahridagi bir odam uyining yonida to‘xtab turgan avtomobilni ko‘rgach, tezda karabinerlarni chaqirdi. Jinoyatchilar mashinaning old o‘rindig‘ida maktub qoldirib ketishgan ekan.
«Bizda ham yurak bor, kechiring, dardingizdan bexabar edik», — deb yozilgandi xatda.
Damiani oilasi voqea quvonchli yakunlanganidan so‘ng qo‘llab-quvvatlagani uchun barchaga minnatdorchilik bildirdi va nogironlarga mashina sotib olib berish uchun mablag‘ yig‘ish boshlanganini e’lon qildi: uni mahalliy xayriya tashkilotiga topshirishmoqchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter