"Og‘ir" hudud bugun qay ahvolda? Buxorodan reportaj
- Opa, opajon, qarang-chi, qarang!
- Labbay!-kiyimimiz etagidan tortqilayotgan, chamasi, 10-11 yoshli qizaloqqa qaraymiz.
- Siz hozir mening patirchi bibimni rasmga tushirdingiz-ku...
- Xo‘-o‘p...
- Shuni televizorga chiqarasizmi? -quvonib so‘radi qizaloq.
- Isming nima?
- Gulsanam.
- Isming ham o‘zingdek chiroyli ekan. Gulsanam, agar sen rozi bo‘lsang, albatta, agar yo‘-o‘q, buvimning rasmlarini chiqarmang, desang, mayli, nima iloj chiqarmaymiz,-deymiz kulimsirab, ammo o‘zimizni go‘yo xafa bo‘lgandek tutib.
- Yo‘o‘-o‘-o‘q, unaqamas, opajon, chiqaring-da, bibim o‘sha patirlarni pishirayotganda, menam yordam berganman,-xursand so‘zladi qizaloq.
- Barakalla, sen buvijoningga yordam bergan ekansan, rasmni albatta, chiqaramiz...
Ko‘zlari porlagan qizaloq «Ure-yeye»,-dedi-da xursandchilikdan chopqillab bizdan uzoqlashib ketdi. Suhbatimiz chala qoldi. Bizning-cha, qizaloq, patirchi buvisining rasmini chiqishini eshitib, suyunchi olgani ketdi-yov...
To‘g‘risi, Buxoroda «Obod mahalla» yil dasturiga tushgan Jondor tumanidagi «Dalmunobod» mahallasining ochilishi marosimiga taklif qilishganda, «Bunday mahallalar hamma joydayam ochilyapti-ku!»-degan o‘y bilan borishga biroz erinqiragandik. Shu boismi, ikkilanib kelganimiz uchun bu tadbirga uncha kirisholmay turgandik. Ammo, Gulsanam ismli qizaloq bilan bir daqiqagayam bormagan suhbat bizni qishloq ahlining xursandchiligiga sherik bo‘lishga undadi.
Dalmun, Qoraulon, Xo‘jalar, Arbobon, Qal’a qishloqlarini o‘zida birlashtirgan Dalmun mahallasi 581 ta xonadon va 922 ta oila dan iborat ekan. Aholi soni 3 ming 400 nafarga yaqinlashib qolgan. Aholining yarmi xotin-qizlardan iborat bo‘lsa, 1670 nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, bundan 3-4 yil ilgari qishloq asfaltsiz, loy-chang ko‘chalar, simyog‘ochlari egri-qiyshiq bir ahvoldagi manzaraga ega bo‘lgan.
«Bir kun svet yonsa, ikki kun o‘chadigan tabiiy gaz bosimi pastligidan qo‘lbola o‘tin pechkalardan foydalanadigan kunlarni boshdan o‘tkazdik. Uzluksiz gaz, elektr energiyasi ta’minoti, ayniqsa, toza ichimlik suvi biz uchun tushga aylangandi. Bugun, mana, maqtanmoqchi emasman, hamma sharoit muhayyo, shunchaki qishlog‘imizni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring»,-deydi mahalla fuqarosi, patirchi Soragul aya.
Soragul aya tandirdan endigina uzilgan, qulochdek katta-katta patirlarini ulashar ekan, uni qanday pishirish haqida so‘zlab berdi.
«Dalmunobod» MFY raisi Shohiddin Nosirovning aytishicha, mahallada kam ta’minlangan ehtiyojmand oilalar soni uch oy ilgari 145 tani tashkil etgan. Hozirda esa bu borada manzilli chora-tadbirlar ko‘rilib, ehtiyojmand oilalar moddiy manfaatdorligini ta’minlash manbai yaratilgan. Mahalliy aholining asosiy tirikchilik manbai tomorqa xo‘jaligi va chorvachilik ortidan ekan.
«Hozirda Dalmunobodda 581 ta oila o‘z tomorqasiga ega, yana 30 taga yaqin xonadon issiqxona xo‘jaligini yuritmoqda. Ekin yeridan olinayotgan daromad hisobidan hovli-joylarda parvarishlanayotgan qoramol soni 500 boshdan ziyod va aholi og‘ilxonasidagi qo‘y-echkisi ham 3 ming boshdan kam emas. Xonadonlarda boqilayotgan parranda soni 3 ming boshdan oshayotgan bo‘lib, ayni kunda o‘ndan ziyod hovlida asalarichilik, 4 ta xonadonda quyonchilik, 3 ta oilada esa baliqchilik tashkil qilingan»,-deydi mahalla raisi.
Mahallaning ochilish marosimi boshlangunga qadar aholining birdamlikda, yuqori kayfiyat bilan o‘z hovlisi darvozasi oldida o‘choqlarda milliy pishiriklar va shirinlik pishirib, sarhil mevalarni dasturxonga tortib qo‘yishayotgani manzarasini suratlarga qaday boshladik. Biri-biridan mazali o‘tbichak (ko‘ksomsa), holvaytar, jag‘-jag‘ chuchvara va boshqa milliy pishiriq va taomlarni o‘choqda pishirib turishibdi.
«Tandiru o‘choq olovida kaft kuysayam, taft tuyamiz, ona qizim. Hammasi mehnat ortidan. Ana, uzoq yillik zahmatlarimiz oroyish topdi, qishlog‘imiz biram chiroy ochdiki, shaharga ko‘chib ketaman, degan bir-ikki qo‘ni-qo‘shnilarimiz ham endi bizdan uzoqlashmaydigan bo‘lishdi. Ko‘z tegmasin qishlog‘imizga»,-deya shukronalik keltirib so‘zladi shu Maftuna Qodirova.
Mahallaning Xo‘jalar qishlog‘ida yashovchi Salima Farmonova o‘z xonadonida 4 sotixdan iborat issiqxonada 58 tup limon, 18 tup apelsin butasini parvarishlab, undan barakali hosil olib kelayotgan ekan.
«O‘qituvchilikdan pensiyaga chiqqanimdan keyin bekor o‘tirmay, deb oilamiz bilan birgalikda limonchilikni boshladim. Yiliga uch marta hosil olish tajribasini o‘zlashtirdik. Kitoblarda yozilishicha, limonning asl tarjimasi – «Hamshira» ekan. Haqiqatan ham limon inson salomatligi uchun hamshira vazifasini bajaradi. Odamlar salomatligi yo‘lida hissa qo‘shayotganimdan mamnunman»,-deydi Salomat Farmonova.
«Dalmunobod»da qishloq ichki ko‘chalaridan qariyb, 10 kilometr qismi ta’mirdan chiqarilib, 2,5 kilometr yo‘l asfaltlashtirildi. Umumfoydalanuv avtomobil yo‘lining 3 kilometri asosi kengaytirilib, shag‘al bostirildi. 750 metr kvadrat yo‘l qismida piyodalar yo‘lagi barpo qilindi. Elektr ta’minotidagi uzilish va nuqsonlarga barham berish maqsadida 2,2 kilometr uzunlikdagi elektr tarmog‘i yangilanib, “SIB” kabeli tortildi. Bu borada qirqdan ortiq tungi yoritish moslamalari o‘rnatilgani holda 2 ta yangi transformator punkti ishga tushirildi. Yana o‘nga yaqin transformator punkti qayta ta’mirdan chiqarilib, eskirgan simyog‘ochlardan 24 tasi beton ustunga yangilandi, qo‘shimcha 30 ta temir-beton ustun o‘rnatildi»,-dedi o‘z so‘zida tuman hokimi Jamshid Xudoyev.
Bildirilishicha, ushbu mahallada 19 ta gaz maromlash punkti mavjud bo‘lib, «Jondortumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan 5 kilometrga cho‘zilgan gaz quvur tarmog‘i tartibga keltirilgan. Toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida hududda 4,7 kilometr masofaga yangidan suv tarmog‘i tortilib, 140 dona suv o‘lchagichlari o‘rnatilgan. Ilk bor 140 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Bolalar maydonchasi, «Yoshlar bog‘i», Worcaut maydonchasi barpo etilgan. Hududdagi «Xo‘jag‘oyib» va «Shayxi dovud» qabristonlari qariyb 700 metr masofada temir panjara bilan o‘rab olinib, obodonlashtirilgan. Shu atrofdan o‘tuvchi «Dalmun» kanalining 6 kilometr qismi betonlashtirilgan.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter