O‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ilmoqda: buning bir nechta sabablari bor
Har yili Statistika agentligi O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni va chaqaloqlardan qanchasi o‘g‘il-qizligi bo‘yicha ma’lumot beradi. Kuni kecha agentlik 2023-yilning yanvar-may oylaridagi tug‘ilishlar haqida axborot berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 361 735 ta tirik tug‘ilish holati qayd etilgan. Shundan, 187 549 nafari o‘g‘il bolalar, 174 186 nafari esa qiz bolalar. Bu raqam har doimgidek «O‘zbekistonda qizlar kamayib, erkaklar ko‘payib ketmoqda» mazmunidagi tashvishli sarlavhalarni paydo qildi.
Aslini olganda, o‘g‘il bolalarning ko‘proq tug‘ilishi yangilik emas. Masalan Ctatistika agentligining 2010-2020-yillardagi tug‘ilishlar bo‘yicha o‘n yillik hisoboti tahlil qilinganida ham O‘zbekistonda har yili o‘g‘il bolalar qizlarga nisbatan 7-9 foizgacha ko‘proq tug‘ilganini ko‘rish mumkin.
Dunyoda vaziyat qanday?
Har yili dunyoda qizlarga nisbatan o‘g‘il chaqaloqlar ko‘proq tug‘iladi. Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha sharhlovchi Filipp Roksbi britaniyalik olimlar bergan statistik ma’lumotlarga asoslanib, bu masalada bir qancha maqolalar e’lon qildi.
Xususan, Buyuk Britaniyada aholini ro‘yxatga olish birinchi marta 1838-yilda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, shundan buyon har yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 100 nafar qiz chaqaloqqa 105 o‘g‘il bola to‘g‘ri keladi. Xitoy va Hindistonda bu farq yanada kattaroq.
Raqamlardan ko‘rinmoqdaki, o‘g‘il bolalarning ko‘proq tug‘ilishi 185 yildan buyon davom etmoqda.
Nega o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘iladi?
Bu savolga hozircha olimlar aniq javob bermagan bo‘lmasa-da, bir nechta nazariyalar mavjud:
Birinchi nazariya evolyusiya bilan bog‘liq. O‘g‘il bolalar o‘limi qizlarga nisbatan ko‘proq uchraydi. Voyaga yetganda erkak va ayol sonlari teng bo‘lishi uchun ham, tabiat o‘g‘il bolalar tug‘ilishi sonini ko‘proq rag‘batlantirgan.
Shuningdek, voyaga yetganidan keyin ham erkaklar o‘limi yuqoriligicha qoladi: baxtsiz hodisalar, kasalliklarga chidamsizlik, ayollarga nisbatan kamroq umr ko‘rish va hatto o‘z joniga qasd qilish ham erkaklar orasida ko‘proq uchraydi.
Oksford universiteti professori Devid Shtaynzals: «Har qanday yoshda, joyda va har qanday vaqtda erkaklarning o‘lim xavfi ayollar o‘limiga qaraganda yuqori», deb ta’kidlaydi.
Ikkinchi nazariya homila paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Tabiatdan o‘g‘il jinsidagi homilaning paydo bo‘lish imkoniyati kattaroq. Buni olimlar Y xromosomalar X xromosomalarga nisbatan chaqqonroq va tezroq harakat qilishi bilan izohlaydi. Shuningdek, homiladorlikning eng erta davrida ayol embrionlarning halok bo‘lishi ko‘proq uchraydi. Bu omillar ham keyinchalik o‘g‘il bolalarning ko‘proq tug‘ilishiga ta’sir qiladi.
Uchinchi nazariya – gendersid. Gendersid, embrionning jinsiga qarab, uni maqsadli ravishda abort qildirish. Sir emas, ko‘plab millatlarda o‘g‘il bola afzal ko‘riladi va bir necha million qizlar allaqachon bu amaliyot qurboniga aylangan. Gendersid asosan uchinchi dunyo mamlakatlarida keng tarqalgan.
Amaliyot Janubiy va Sharqiy Osiyoda, ayniqsa, dunyoning eng zich joylashgan mamlakatlari – Xitoy va Hindistonda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Xitoyda erkaklar soni notabiiy usulda ortib ketayotgani ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Masalan, 100 nafar qiz chaqaloqqa 105 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri kelishi tabiiy jihatdan norma hisoblansa, Xitoyda bu ko‘rsatkich ancha yuqori: har 100 nafar qizga 126 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter