Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odamlari loqayd bo‘lmagan mamlakatlar rivojlanadi: egasiga qaytarilgan hamyon, sovuqdan asralgan tuxumlar, fosh etilgan jinoyat

Odamlari loqayd bo‘lmagan mamlakatlar rivojlanadi: egasiga qaytarilgan hamyon, sovuqdan asralgan tuxumlar, fosh etilgan jinoyat

illyustrativ surat

Loqaydlik eng katta jinoyat aslida. Bugun 120 su – qiziqarli, g‘ayritabiiy, va kulguli xabarlar yoritiladigan saytda ketma-ketlikda uchta xabar o‘qidim. Va shunga amin bo‘ldimki, rivojlangan davlatlarda hech kim hech narsaga befarq emas. Biz mayda-chuyda deb o‘ylagan voqealar, narsalar ular uchun juda katta voqelik yoki arziydigan yaxshilik.

Qirq yildan keyin «ega»siga qaytarilgan hamyon

Endryu Medli ismli ayol Eaton Centre (Toronto, Kanada) savdo majmuasi omborida ishlayotganda ajoyib bir narsani topdi, ya’ni hamyonni. Hamyon yangiligidan yaqinda yo‘qolgandek edi. Ammo hamyon 40 yil oldin havo tozalagich ichiga tushib qolganini Endryu bilganida yanada hayratlandi. Endryu, balki uni tashlab yuborishi mumkin edi, axir qirq yil oldingi narsani kim ham izlardi? Ammo u internetdan hamyonini yo‘qotgan ayolni topishga vaqt ajratdi. Hamyonda pul ham, ba’zi muhim hujjatlar ham bor edi. Natijada, Endryu hamyon egasining qizi Vanessa bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi va u topilmani shaxsan unga olib bordi.

 

foto: 120su

Vanessaning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha yillarda onasi tez-tez ushbu savdo markaziga tashrif buyurgan va hamyonini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Hamyon havo tozalagich ichiga tushib qolgani va unga hech kim teginmagani uchun yaxshi saqlangan bo‘lsa kerak.  

Kichkina o‘g‘irlik katta jinoyatni ochdi

Ismi oshkor qilinmagan xonim 52 yoshli Brayan Stiven Smit (Alyaska – AQSh)  bilan uchrashuvda o‘g‘irlikka qo‘l urdi, ya’ning uning mashinasidagi xotira kartasini o‘g‘irladi. Ammo bu kichik o‘g‘irlik yanada jiddiy jinoyatning ochilishiga olib keldi. Ayol kartaga yozilgan videolarni ko‘rib politsiyaga yugurdi. Unda 30 yoshli  va 52 yoshli ayollarni qiynab o‘ldiriligan videolar tasvirga olingan edi. Vahshiyliklar 2017-2019 yillarda sodir bo‘lgan.

foto: 120su

Hibsga olingan Brayan tergovchilarga qotillik haqida gapirib berdi va baxtsiz ayollarning qoldiqlari topildi. Biroq, qotil o‘zini aybdor deb tan olmadi.

Styuardessa flamingo tuxumlarini qanday asrab qoldi?

Amber «Alaska Airlines» aviakompaniyasining xodimi parvoz paytida eng kutilmagan qiyinchiliklar paydo bo‘lishi mumkinligiga yana bir bor ishonch hosil qildi.

Parvozlarning birida Sietldagi hayvonot bog‘i (Vashington, AQSh) ishchisi kamdan - kam uchraydigan yukni – inkubatorga joylashtirilgan Chili flamingo tuxumlarini olib ketishga qaror qiladi.

Va baxtga qarshi inkubator parvoz paytida ishlamay qoldi. Amber inkubatordagi tuxumlarga g‘amxo‘rlik qilishni o‘z zimmasiga oldi. U bir nechta rezina qo‘lqoplarni iliq suv bilan to‘ldirdi va tuxumlarning atrofini o‘rab qo‘ydi. Shu bilan birga, ayol  qo‘lqoplar sovishi bilan ularni tez-tez issiq suvli qo‘lqoplarga almashtirib turdi. Boshqa yo‘lovchilar o‘zlarining kurtkalari va sharflarini tuxumlarni isitish uchun berib turishdi. Ammo voqeaning yakuni, tuxumlar ichidagi jo‘jalar tirikmi, yo‘qmi noma’lum edi.

foto:120 su

Yaqinda Amber va uning kichkina nabirasi o‘sha hayvonot bog‘iga tashrif buyurishdi va yosh flamingo jo‘jalari – Magdalena, Amaya, Rosales, Gonzo va Bernardo bilan tanishishga muvaffaq bo‘lishdi. Bular styuardessa tomonidan isitilgan tuxumlardan chiqqan jo‘jalar edi.

Xulosa

Birinchi voqeadagi savdo markazi ishchisi o‘sha hamyondagi hujjatlarni tashlab yuborib pulni olishi mumkin edimi? Mumkin edi, axir oradan qirq yil o‘tgandi, hech kim so‘ramasdi, qolaversa pul hech kimga zarar qilmaydi. Yo‘q, savdo markazi ishchisi buning o‘rniga internetda hamyon egasini izlash uchun vaqtini sarfladi. Hamyon egasiga emas uning qiziga yetkazilgan bo‘lsada, xotiralar jonlanishiga hissa qo‘shdi. Ya’ni bu e’tibor qiz onasi haqida xotirlashiga turtki bo‘ldi, xotiralar sandig‘i yana bir ashyo bilan boyidi.

Ikkinchi voqeadagi qotilning topilishi esa yana qancha qotilliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Birovning karta xotirasini o‘g‘irlagan ayol o‘z o‘g‘irligidan xijolat bo‘lib politsiyaga bormasligi mumkin edi. Chunki tom ma’noda uning o‘zi o‘g‘irlik qildi. Lekin ayol bunga befarq qarab turolmadi – taqdirini bog‘lamoqchi bo‘lgan odamning vahshiyligiga shunchaki ko‘z yumolmadi. Qolaversa, qurbonlarning oila-a’zolari mudhish voqeadan xabardor qilindi.

Uchinchi holat – hammasidan mehrli voqea. Agar styuardessa tuxumlarga befarq bo‘lsa unga hech qanday javobgarlik yo‘q edi, chunki tuxumlarni «o‘ldirmasdan» olib ketish uning vazifasiga kirmasdi. Qolaversa, bizning ko‘zimiz bilan qaraydigan bo‘lsak tuxum, bu shunchaki tuxum, shunga shunchami? Yo‘q styuardessa bizning jamiyatning odami emas, u hayvonlarga, tabiatga mehrli bo‘lgan muhitda yashaydi. Yanada bir hayratlanarli va saboqli tomoni o‘zi qutqargan flamingolar taqdiriga qiziqib hayvonot bog‘iga tashrif buyurgani, nevarasini qushlar bilan tanishtirgani. Axir nevara oldida faxrlanadigan qahramonlik bu, shunday emasmi?

Rivojlangan mamlakatlarda hech kim hech narsaga befarq, loqayd emas. Shuning uchun ular rivojlanadi, o‘sadi, farovonlashadi!

                                                                                                        Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring