Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Odamlar propaganda qarshisida zaif bo‘lib qolmoqda» – Sharlotta Adrian

«Odamlar propaganda qarshisida zaif bo‘lib qolmoqda» – Sharlotta Adrian

AQShning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili P.Politis hamda YeI elchisi Sh.Adrian.

Foto: Xabar.uz

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda OAV erkinligi va ochiqligi borasidagi islohotlarni ijobiy baholaydi, ayni choqda, bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina deb hisoblaydi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian Toshkentda 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan anjumanda so‘zladi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.

YeI delegatsiyasi, AQSh elchixonasi va Milliy mass-mediani qo‘llab qo‘vvatlash va rivojlantirish jamoatchilik fondi hamkorligida tashkil etilgan «Markaziy Osiyo mintaqasida so‘z erkinligi holati» mavzusidagi anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston ekspertlari ishtirok etdi.

«So‘z, axborot va OAV erkinligi demokratik jamiyatning muhim belgisi sanaladi. Chunki u boshqa inson huquqlari turlarini rag‘batlantiruvchi, himoya qiluvchi va amalga oshiruvchi mexanizm hamdir. 2016 yildan beri O‘zbekistonda ko‘plab sohalar, jumladan, OAV erkinligi bo‘yicha islohotlar o‘tkazilmoqda. Biz bu boradagi sa’y-harakat va islohotlarni ishonchli hamkor sifatida hamisha qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», – dedi elchi Sh.Adrian xonim.

Diplomat 2022 yil OAV uchun sinovlarga boy kechayotgani, xususan, Rossiya propaganda vositasida dunyo hamda mintaqadagi geoyosiy vaziyatga ta’sir ko‘rsatishga urinayotganini qayd etdi.

Anjuman doirasida 3,8 million yevrolik REVIVE loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Foto: Xabar.uz

«Odamlar propaganda qarshisida zaif bo‘lib qolmoqda. Propagandani OAV orqali uyushtirilayotgan hujum deb atash mumkin. Aslida, matbuot birinchi navbatda jamoatchilikka xolis axborot bermog‘i, propagandadan yiroq bo‘lmog‘i lozim. Propagandaning xatarli jihati shundaki, u aholi fikrini yanglish o‘zanga buradi, nafrat urug‘ini sochadi», – dedi notiq.

Diplomatga ko‘ra, YeI shu bois ham demokratik jamiyatning muhim omili sifatida erkin OAVni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratadi.

Tadbir davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarida so‘z erkinligi holati, jurnalistlar va blogerlar huquqlarini himoya qilish, davlat organlari ochiqligi kabi masalalarda fikr almashildi. 

Anjuman doirasida YeI tomonidan moliyalashtirilayotgan «Tig‘iz muhitda rang-barang axborotlarni qabul qilish va ular bilan o‘zaro robita» (REVIVE) loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi. Internews xalqaro tashkiloti tomonidan bir yarim yil davomida amalga oshiriladigan loyihadan ko‘zlangan maqsad Markaziy Osiyo bo‘ylab dezinformatsiya, yolg‘on axborotni farqlay oladigan zukko auditoriyani shakllantirish, bu borada sifatli axborot taqdim etishga ko‘mak ko‘rsatishdan iboratdir. Loyiha umumiy qiymati 3,8 million yevroni tashkil etadi.

«Markaziy Osiyo mintaqasida so‘z erkinligi holati» mavzusidagi anjuman 10 dekabr – Inson huquqlari kuni munosabati bilan uyushtirildi.

Eslatib o‘tamiz, 1948 yilning 10 dekabrida BMT Bosh assambleyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilgan. 1950 yildan beri ushbu sana dunyo miqyosida bayram qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring