«Yuqori»dan qo‘ng‘iroq bo‘ldi...
Shu yilning 2-fevral kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi ortidan qator mas’ullar ishdan olindi. Vazifasidan ozod etiladiganlar ro‘yxatiga qo‘mita matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev ham «qo‘shilib» qolgan.
E’tiborlisi, B. Abdullayev faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun emas, qo‘mitaga aloqasi yo‘q tashkilotning «g‘alati topshirig‘ini» bajarishdan bosh tortgani ortidan «ketadiganlar ro‘yxati»ga kirib qolgani aytilmoqda.
Uning Kun.uz sayti muxbiriga ma’lum qilishicha, ikki hafta avval unga O‘zbekiston transport vazirligidan shaxsiy telefon raqamiga qo‘ng‘iroq bo‘lgan. «O‘zini «Ramatovning maslahatchisiman» (Ochilboy Ramatov – Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, sobiq transport vaziri – tahririyat) deb tanishtirgan kishi menga bosh vazir o‘rinbosarining ijobiy imijini shakllantirish maqsadida alohida shtab tashkil qilingani hamda biz ham shu imijni yaxshilash uchun haftaning har juma kuni ular tasdiqlagan mavzu bo‘yicha ma’lumot berib turishimiz kerakligini buyurdi», deydi Bunyod Abdullayev.
Maslahatchining aytishicha, keyinroq shtabga to‘plangan bu ma’lumotlar barcha ommaviy axborot vositalariga ularning nomidan tarqatilar ekan.
«Hozir siyosiy jarayonlar oldida turibmiz. Men tabiiyki, bundan shubhalandim, chunki hozir saylov jarayonlari yaqinlashmoqda. Shu sabab men unga rahbariyat tomonidan qandaydir topshiriqlar bo‘lsagina uni bajarishimni aytdim.
«Ramatovning maslahatchisi» esa «meni to‘g‘ri tushunmadingiz shekilli, «kabmin»dagi kuratoringizga aytaman, o‘zi gaplashadi», deya telefonni o‘chirib qo‘ydi.
Oradan ko‘p o‘tmay menga endi Vazirlar Mahkamasidagi «kuratorimiz» Bahodir Shukurov telefon qildi (Bahodir Shukurov Vazirlar Mahkamasida bosh mutaxassis vazifasida ishlovchi mutaxassis – tahr.)», deydi B.Abdullayev.
Bunyod Abdullayevning qo‘shimcha qilishicha, u shtab boshlig‘i (maslahatchi) bergan topshiriqlarni so‘zsiz bajarishini buyurgan. Matbuot kotibi bu bo‘yicha faqat yozma topshiriq kelsagina ish boshlashini aytgan.
Bahodir Shukurov esa yozma topshiriq bo‘lmasligini, shu qo‘ng‘iroq unga yozma topshiriqligini aytgan. Bunyod Abdullayev unga yana avvalgi javobini takrorlaganidan keyin telefonni jahl bilan qo‘yib qo‘ygan.
Abdullayev hozirda qo‘mita rahbariyati bilan munosabatlari ancha taranglashganini, qo‘mita raisi va kadrlar bo‘limi boshlig‘i ishdan bo‘shash haqida ariza yozib berishni talab qilib, unga bosim o‘tkazayotganini ta’kidlab o‘tdi.
«Men sababsiz ariza yozmasligimni aytyapman. O‘ylaymanki, shunchaki sababsiz ishdan bo‘shab ketmayman. O‘zbekistonda mehnat qonunchiligi ishlashiga ishonaman», dedi Abdullayev.
Bunyod Abdullayev 2020-yilning may oyida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi etib tayinlangandi. Avval «Hurriyat» va «Jamiyat» gazetasi muxbiri, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida sharhlovchi, yetakchi muharrir, bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharrir bo‘lib ishlagan. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter