Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«OblGAI» boshlig‘i: «Ochiqchasiga gaplashamiz»

«OblGAI» boshlig‘i: «Ochiqchasiga gaplashamiz»

Yaqinda, kutilmaganda biz, samarqandlik jurnalistlarni viloyat IIB YHXB boshig‘i Abdunabi Nosirovning shaxsan o‘zi «OblGAI»ga chaqirib qoldi. Brifingga.

Ammo biz u kishini brifing o‘tkazgani «qo‘ymadik», tadbir «matbuot anjumani»ga aylantirildi. Rost-da, ozib-yozib «GAI»larning kattasi bilan bir ko‘rishamiz-u, u kishining gaplarini tinglab, o‘zimiz bir so‘z demay, ketaveramizmi? Bizda ham rosa yig‘ilib qolgan savollar bor.

Avvalo, shuni aytishim kerakki, Abdunabi Nosirovning anjuman boshidanoq bizga aytgan dangal gapi ma’qul bo‘ldi: «Bugun ochiqchasiga gaplashamiz». Rostdan ochiqchasiga gaplashdik, bunga maqolani to‘liq o‘qisangiz, guvoh bo‘lasiz.

A.Nosirov 2018-yil 30-avgustda Vazirlar Mahkamasining «Yo‘l harakati xavfsizligi kunini o‘tkazish va yo‘l-transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori haqida va bu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyatda nima ishlar qilinishi borasida gapirdi. Haftaning har juma kuni «Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni» deb e’lon qilinganini, shuningdek, har oyning uchinchi juma kunida respublikaning barcha mintaqalarida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu tadbir ekologik holatni yaxshilash, atmosfera havosini muhofaza qilish, avtomobilsiz harakatlanish mumkinligi va zarurligini namoyish etishga qaratilganini aytar ekan, shunday dedi:

− Albatta, bu tadbir bilan avariyalar kamayadi, inson o‘limi kamayadi, deya olmayman, bu taqdir irodasi, ammo, hech bo‘lmaganda, shu kuni yo‘llarda mashina kamayib, atrof-muhitga yetkaziladigan zarar kamayadi, piyodalar sal erkinroq yuradi, qolaversa, tabiiyki, falokatlar ham kamroq bo‘ladi.

Biz bilgan yana bir yangilik shu bo‘ldiki, qaror ijrosi doirasida endi maktablarda yo‘l harakati qoidalari, yong‘inlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha o‘quv dasturlarini o‘z ichiga olgan «Hayotiy faoliyat xavfsizligi» majburiy fani joriy etilar ekan.

«OblGAI» boshlig‘i bizga viloyatda bo‘layotgan ko‘plab qoidabuzarliklarni ham tavsiflab berdi:

— Shu paytgacha biz jurnalistlarning ko‘pgina savollariga to‘g‘ri javob berishdan qochib keldik, ba’zan yashirdik, ba’zan aytishga haqimiz bo‘lmadi va hokazo. Ammo endi ochiq aytamiz, shaharda, umuman, viloyatda yo‘l harakati qoidalarining qo‘pol tarzda buzilishlari mavjud. Yashirmayman, respublikamizda har yili uch ming kishi yo‘l transport hodisalari tufayli dunyodan o‘tmoqda. Samarqandda ham o‘lim bilan tugaydigan avariyalar oz emas. Endi ochiq aytaman: Samarqand shahrida tungi soat 3:00 va 4:00 orasida «kattakonlar»ning arzanda bolalari ishtirokida «gonka»lar bo‘lib turibdi. Mana, yaqinda kazo-kazolar oraga tushganiga qaramasdan, shunday bir poyga ishtirokchilarini tutib, ishni sudga oshirdik. Sud qarori e’lon qilingach, sizlarga barchasining ismi shariflari, suratlari, videolavhalari bilan beramiz, oshkor qilasizlar.

A.Nosirov viloyat hududidan o‘tgan katta yo‘llarga o‘rnatilgan radarlarga ham izoh berib, bu borada sirlarni yashirib o‘tirmadi:

— Viloyat hududidan o‘tgan katta yo‘llar, ayniqsa, surxondaryolik, qashqadaryolik «uchar»lar yuradigan M-39 kabi yo‘llarga ko‘p radarlar qo‘ydik. Chunki aynan shu yo‘llarda haydovchilar tez yurishlari sababli ayanchli oqibatlar bilan yakunlanayotgan avariyalar ko‘payib ketgan, bu aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan edi. Sirimiz edi-yu, sizlarga aytaman: shu yo‘llarga qo‘yilgan radarlarning ayrimlarim «mulyaj», ya’ni soxta. Ko‘rinishidan haqiqiysidan farq qilmaydi, chiroqchalari ham yonib turadi. Ammo ana shu soxta radarlar ham «uchar»larga ta’sir qilib, ular o‘rnatilgan joylarda sekin yurishiga va oqibatda avariyalar kamayishiga olib keldi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan bir necha yo‘llar o‘rtasidagi archalar kesib tashlangani, buning oqibatida manzara qashshoqlashgani haqida ham savollar berildi.

− To‘g‘ri, ayrim hududlarda archalarni kesib tashlashga erishdik. Viloyat va tuman hokimlarini zo‘rg‘a ko‘ndirib, shu archalarni kestirdik. Aslida, ana shu yo‘l o‘rtasiga ekilgan archalar falokatlar o‘chog‘i edi. Birgina misol: Bulung‘ur tumani markazidan o‘tuvchi yo‘lda ana shu archalar orasidan yugurib chiqib qoladigan bolalar, ba’zan kattalarni mashina urib ketishi oqibatida har oyda bitta-ikkita o‘lim hodisasi bo‘lib turadi. Bir oyda beshta fojea sodir bo‘lgan paytlar ham bo‘ldi. Mana, archalarni kestirganimizga besh oy bo‘ldi, o‘lim bilan tugagan avariyalar yo‘q. To‘g‘ri, bitta o‘lim bo‘ldi, ammo unda marhumning o‘zi aybdor, rosa kayfi baland ekan, o‘zi mashina ostiga kirib ketibdi...

Anjumanda bitta haqli savol o‘rtaga tashlandi: avariyalarga ko‘proq viloyat yo‘llarining rasvoligi, butun viloyatdagi ko‘chalar, hatto Samarqand shahri markazidagi ko‘chalar ham chuqurlar bilan «bezatilgani», «normal» yo‘lning o‘zi yo‘qligi aytilib, yo‘l ham biror marta aybdor deb topilganmi? Yo‘l transport hodisasida haydovchi emas, yo‘lsozlarga chora ko‘rilganmi?

− Hali amaliyotda bunaqasi kuzatilmagan, biror avariyada yo‘lsozlarga nisbatan chora ko‘rilmagan, − dedi A.Nosirov. – Ammo mening ham ko‘zim bor, men ham shu shaharga ishga keldim va hammasini ko‘rib yuribman. Bundan keyin yo‘l transport hodisasi yo‘lning yomonligi, xususan, chuqurlar, «qoloq»lar, o‘yiqlar, o‘pirilishlar yoki quduqlarning qopqog‘i ochiq qolib ketganligi tufayli sodir bo‘lsa, haydovchini emas, yo‘lsozlarni jazoga tortamiz.

A.Nosirov bizlarni qiziqtirgan bir taklifni ham e’lon qildi:

− Xabaringiz bor, biz haydovchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, kim qoidabuzarlikni o‘z mashinasidagi videoregistrator orqali tasvirga olib, bizga yuborsa, ularni pul mukofoti bilan rag‘batlantirayapmiz. Xuddi shu singari, biz siz, jurnalistlarni ham shartnoma asosida ishlashga taklif qilamiz. Faoliyatimizni yoritsangiz, bitta bo‘lsa ham yo‘l transport hodisasining oldini oladigan maqola yozsangiz, biz sizlarga yaxshigina qalam haqi to‘laymiz. Bundan tashqari, xuddi «Mahalla posboni»ga o‘xshagan «Yo‘l posboni» degan ishga yoshlarni taklif qilamiz, ularga oylik maosh beramiz.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar va, o‘z navbatida, YHX xodimlari ishlarining samaradorligini oshirish imkonini beruvchi amaliy takliflarini ham aytdilar.

Karimberdi To‘ramurod

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring