Nurotada pista plantatsiyalari tashkil etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 2-mart kuni Navoiy viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida, 2018-2021 yillar davomida Nurota tumanida 10 ming gektar lalmi yerda intensiv pista plantatsiyalari tashkil etish buyicha topshiriqlar bergan edi.
Bugungi kunga kelib, loyiha asosida Nurota tumanining «Chuya» va «Sentob» hududlarida, Navoiy davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi yerlarda 2400 gektar maydonda pista kuchatlari ekildi.
2021-yilga qadar amalga oshiriladigan loyihaning qiymati 21 milliard so‘m.
Yangi plantatsiyalar takomillashgan texnologiyalar asosida barpo etilmoqda. Ya’ni, ko‘chatxonada o‘stirilgan niholga ikkinchi yil navdor pistalardan kurtak payvand qilinadi. Uchinchi yildan uni ochiq maydonga ekish mumkin. Ushbu texnologiyada ekilgan pista 7-8 yilda hosilga kiradi. Uning bir tupidan 1,5-2 kilogramm hosil olish mumkin.
— Hozirga qadar 2400 gektar maydonga pista ekildi. Pistazor yilida ikki marta sug‘orilsa, yetarli. U ko‘p suv talab qilmasligi bilan ham sharoitimizga mos. U 50 darajagacha issiqqa va 41 darajagacha sovuqqa chidaydi, — deydi Navoiy viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Laziz Ismoilov. — Bundan tashqari, pista ko‘chatlari orasiga qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan eksportbop kovrak o‘simligi ekildi. Uning ildizidan 3-4 yilda shira olinadi va bu tibbiyotda dori-darmon sifatida keng ishlatiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter