Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurmat Otabekov mish-mishlarga munosabat bildirdi

Nurmat Otabekov mish-mishlarga munosabat bildirdi

Foto: «Xabar.uz»

Mamlakatimizdagi pandemik vaziyat, koronavirus bilan bog‘liq so‘nggi yangiliklarga oid SSV matbuot xizmati savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov javob berdi.

—   Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 25-dekabridan karantin choralari kuchaytiriladi, degan mish-mishlar tarqaldi. Bu gaplarda asos bormi?

—  Xalqimizda «niyatga yarasha beradi» degan gap bor, bilmadim, ba’zi shaxslar bu kabi mish-mishlarni yaxshi niyatda tarqatishayaptimi yoki doim shunday «sovuq» niyat qilishga o‘rganib qolishganmi... Deylik, karantin tadbirlari qaytadan kuchaytirilsa, aniqroq aytganda, uydan chiqish, ishga borish, harakatlanish, qo‘yingki, shu kabi barcha erkinliklar chegaralansa, bundan kimga va qanday naf?! Dunyo hamjamiyatida vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lib turgan bir paytda va yurtimizda karantin tadbirlarining birmuncha yumshatilishi mavjud epidemik vaziyatga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini to‘liq anglagan holda Respublika maxsus komissiyasining cheklov tadbirlarini birmuncha yumshatishga qaror qilgani bu pandemiyani jilovlash tadbirlariga jalb etilgan sohalarga katta ishonch namunasi, desak xato bo‘lmaydi.

Albatta, bu kabi qarorlar qabul qilinishidan oldin barcha shart-sharoitlar o‘rganib chiqiladi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularning yechimi bo‘yicha imkoniyatlar tarozining ikki pallasiga qo‘yiladi, har tomonlama xisob-kitoblar qilinadi, eng asosiysi, xalqning kayfiyati, sharoiti, imkoniyatlari va muammolari har tomonlama o‘rganiladi.

Ta’kidlanganlardan kelib chiqib, yuqoridagi kabi mish-mishlarni tarqatayotgan shaxslarga aytmochimiz: xalqni besaranjom qilib, chalg‘itib, qo‘rqitib yoki xavotirga solib baraka topmaysiz. Respublika maxsus komissiyasi a’zolari esa karantin tadbirlarini kuchaytirish haqida hozircha o‘ylab ko‘rishmadi. Negaki, bugun bu kabi cheklovlar haqida o‘ylash uchun umuman asos yo‘q, yurtimizda koronavirus kasalligi bo‘yicha barqaror epidemik vaziyat hukm surmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring