Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mavsumiy gripp sabab ta’lim jarayonini to‘xtatishga asos yo‘q – Nurmat Atabekov

Mavsumiy gripp sabab ta’lim jarayonini to‘xtatishga asos yo‘q – Nurmat Atabekov

Hozirda aksariyat mamlakatlar qatori yurtimizda ham mavsumiy kasalliklar tarqalishi ko‘paygan. Ayniqsa, bolalarda bu jarayon biroz og‘ir kechmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov O‘zbekistonda o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat haqida ma’lumot berdi.

«Gap shundaki, biz o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishi zanjirini uzishga harakat qilishimiz kerak. Kasallik tarqalishida uch muhim bo‘g‘in bor: kasallik manbai, yuqish yo‘li, yuqtirishga moyil organizm.

Agar kasallangan bolalarni maktabga, bog‘chaga, jamoat joylariga yuboraversak, ular boshqalarga infeksiya yuqtirishda davom etadi.

Har birimiz o‘tkir respirator kasalliklar, xususan, grippni yuqtirishga moyilmiz. Shuning uchun ham ota-onalarga kasallik belgilari bo‘lgan farzandlarini bog‘cha va maktablarga, oliy ta’lim muassasalariga yubormaslikni maslahat beramiz. Bunday paytda shifokor ko‘rsatmasiga asosan, uy sharoitida zarur muolajalarni olib borish maqsadga muvofiq», – deydi mutaxassis.

Atabekov, shuningdek, bugungi kunda barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlar uchun o‘rin-joy va zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilganini, aholi orasida mavsumiy gripp haqida «yangi pandemiya» degan mish-mishlar asossiz ekanini ta’kidlaydi.

«Bu, hatto epidemiya ham emas. O‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi poytaxtimizda va yurtimizning ayrim hududlarida ko‘proq qayd etilayotgani kasallik tarqalishi epidemik bo‘sag‘aga yetganiga asos bo‘la olmaydi. Shu sababdan ham o‘quv muassasalarida ta’lim jarayonini to‘xtatishga yetarli asos ko‘rmayapmiz», – deydi Nurmat Atabekov.

Mutaxassisning tavsiya etishicha, bunday vaziyatda bemorlarni alohidalash, ularni jamoat joylaridan uzoqda tutish lozim. Shu bilan birga bemorlar muloqot chog‘ida doim tibbiy niqobda bo‘lishlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilishlari shart.

«Shuningdek, kasallikka qarshi emlanish unga qarshi kurashishning samarali usuli ekanini unutmaslik kerak!  Mavsum oldidan yurtimizda grippga qarshi vaksinalarning yetarli miqdori shakllantirilgan. Ayni paytda xususiy emlash punktlarida ham 3 xil grippga qarshi vaksina mavjud», – deydi mutaxassis. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring