Nurafshonda daraxtlar kesildi. Yetkazilgan zarar mlrd. so‘mdan ko‘p...
Toshkent viloyati Nurafshon shahri «Qorasuv» MFY hududida joylashgan jami 37 tup har xil turdagi manzarali daraxtlar kesilgani aniqlandi. Voqelik shu yilning 6 iyul kuni Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan olib borilgan tezkor reyd davomida fosh etilgan. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Unga ko‘ra, aniqlangan holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuni talablari buzilgan va buning oqibatida o‘simlik dunyosiga 1 102 400 500 (bir milliard bir yuz ikki million to‘rt yuz ming besh yuz) so‘mlik zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish hamda yetkazilgan zararni undirish maqsadida to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» 2019 yil 30 oktyabrdagi farmoniga binoan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha moratoriy joriy etilgan.
Shunga qaramay, joylarda noqonuniy daraxt kesilish holatlari tamomila barham topgani yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter