Adliya vaziri: «Notariuslarning ishga xohlagan vaqtda kelib, xohlagan paytda ketishiga chek qo‘yiladi!»
Shu yilning 24-may kuni O‘zbekiston adliya vazirligida blogelar va jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgani, adliya vaziri Ruslanbek Davletov ularni qiziqtirgan qator savollarga javob bergani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston adliya vaziri «Xabar.uz» muxbirining notariat sohasidagi muammolarni hal etish, xususan, notariuslar faoliyatining shaffofligini ta’minlash, ularning faoliyatini elektronlashtirish, notarial idoralarga to‘liq videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani haqidagi savoli yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
—Notariat sohasida elektronkuzatuvdan ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki notariat siri degan narsa bor. Notariat siri, masalan, siz mijoz bo‘lib kelsangiz videoga olishi, u qaysi notarial harakatni amalga oshirganligi bu sir hisoblanadi. Bu ma’lumot qonun bilan himoyalanadi.
Bu yerda videokuzatuv moslamasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri notariusning xonasigaga o‘rnatib qo‘yishimiz mumkin, lekin bu to‘g‘ri kelmaydi. Biz videokuzatuv tizimini umumiy xonalarga, umumiy kotiblar o‘tiradigan xonalarga qo‘yishimiz mumkin. Bevosita notarius harakati bo‘ladigan joyda qilish, mening fikrimcha, bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu notariat siri haqidagi qonun normalariga zid bo‘ladi.
Lekin notariat tizimini tartibga soluvchi, notariuslarning faoliyatini, mas’uliyatini oshirish uchun boshqa tizimlardan foydalanishni ko‘zlayapmiz. Masalan, xodimlarning barmoq izlarini skaner qilish yo‘li orqali biz mehnat tartib intizomini ham tartibga solmoqchimiz. Chunki har kuni notarial xodimi ishga vaqtida kelganligini bildirish uchun barmoq izi orqali tasdiqdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Bu tizim orqali notariuslarni kerak bo‘lsa, tushlik vaqtida ham, kechqurun ketishdan oldin ham, ular soat nechchida notarial idoraga kelib, nechchida ketishini, qachon qaytib kelib, tizimga qachon kirib-qachon chiqib ketishini nazorat qilishimiz mumkin. Ayni paytda 10 ta davlat notarial idorasida ushbu tizim sinovdan o‘tkazilmoqda. Buning uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan.
«Xabar.uz»:
— Bu notariuslarning ko‘pincha ish joyida bo‘lmasligi yuzasidan ko‘paygan shikoyatlaridan keyin joriy etilayotgan bo‘lsa kerak-da, to‘g‘rimi?
— Albatta, juda ko‘p shikoyat. Notarius ish joyidan sababsiz ketib qolgan, odamlar esa kutib o‘tiribdi. U esa xohlasa notarial idoraga qaytgan, xohlasa qaytmagan. Bizda eng asosiy muammolar ham shu, ya’ni notariauslarning madaniyati, kasbiga munosabati bilan bog‘liq. Biz har bir notarial idorani kuzatib o‘tirolmaymiz. Shuning uchun ikkita yo‘nalishdan foydalanamiz.
Birinchisi — jamoat nazorati. Xalqimizga: «Qaysi notarius o‘zini qanday tutyapti, qaysi notarial idorada qanday sansalorlik yoki qoidabuzarlik bo‘lmoqda? Kelinglar, muammolarni aytinglar bizga!» deb aytyapmiz. Ikkinchidan zamonaviy axborot telekommunikatsiya uskunalaridan foydalanamiz. O‘ylaymanki, yaqin yillarda tizimdagi muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter