Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Norasida bolalarning boshi kesilgan» – etni junjiktiruvchi vahshiylik tafsilotlari ochiqlandi

«Norasida bolalarning boshi kesilgan» – etni junjiktiruvchi vahshiylik tafsilotlari ochiqlandi

Foto: «AFP»

2017-yildan buyon fuqarolik urushi holatida bo‘lgan Mozambik davlatida jangarilar norasida bolalarga nisbatan vahshiy jinoyatlar sodir etgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda jabrdiyda onalar «Save the Children» gumanitar tashkiloti vakillariga so‘zlab berdi.

Kabu Delgadu muzofotida yashovchi ayollardan birining hikoya qilishicha, jangarilar bostirib kelgan paytda u 3 nafar farzandi bilan pana joyga yashirinishga uringan, ammo 12 yoshli o‘g‘li g‘anim qo‘liga tushgan. Terrorchilar onasi ko‘z o‘ngida bolakayning boshini tanasidan judo qilgan. Boyoqish ayol nola chekib qolavergan. Hujum payti aholi uylariga ham o‘t qo‘yilgan.

«Save the Children» tashkilotining Mozambikdagi vakolatxonasi rahbari Chans Briggs bolalarga nisbatan jinoyatlarni aql bovar qilmas vahshiylik deb atagan.

«Jabrdiyda onalarning mahzun hikoyalarini tinglab o‘zimiz ham ko‘z yoshlarimizni tiya olmayapmiz», – deydi gumanitar tashkilot vakili.

Mozambik qishloqlariga hujum uyushtirayotgan jangarilar «Ash-Shabob» guruhi a’zolari ekani aytiladi. Ushbu ekstremistik to‘da «Islom davlati» terrorchi guruhiga sodiqlik haqida qasamyod qilgan. Mozambikdagi jangari guruhning yetakchilari haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ushbu to‘da mamlakat hukumatini adolatsizlik va zulmda ayblab keladi.

2017-yili, Kabu Delgadu muzofotida hukumat kuchlari va jangarilar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlangandan buyon 2500 kishi halok bo‘ldi, 670 ming kishi boshpanasidan ayrildi.

2020-yil noyabr oyida Kabu Delgadudagi stadionda jangarilar tomonidan 50 dan oshiq mahalliy aholi vakili qatl etilgani xabar qilingan.

Mozambik hukumati terrorchilarga qarshi kurashish uchun xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘ragan. AQSh mahalliy askarlarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish borasida ko‘mak va’da qilgan. Vashington, shuningdek, tibbiy jihozlar va aloqa vositalari yetkazib berilishini ham ma’lum qilgan.

«Save the Children» tashkiloti vakili Chans Briggs mamlakatda zo‘ravonlik avj olishiga tengsizlik ham sabab bo‘lishi mumkinligini aytadi.

«Mozambik dunyoning eng qashshoq mamlakatlari ro‘yxatida 8-o‘rinda turadi. Kabu Delgadu esa Mozambikning eng qashshoq muzofotidir. Ayni choqda, ushbu hududda ulkan tabiiy boyliklar zaxirasi mavjud. Ayrimlar tabiiy boyliklar adolatsiz taqsimlanmoqda deb hisoblaydi va ayni shu jihat ziddiyat sabablaridan biri sanaladi», – deydi Chans Briggs.

Afrikaning janubi-sharqida joylashgan Mozambik 1975-yilga qadar Portugaliya mustamlakasi bo‘lgan. Mamlakat boy tabiiy resurslarga egalik qilayotganiga qaramay, hozircha qashshoqlik domidan chiqib keta olmayotir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring