Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noqonuniy tamaki savdosi: davlat milliardlarni boy bermoqda

Noqonuniy tamaki savdosi: davlat milliardlarni boy bermoqda

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar departamentining yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 1 sentyabr holatiga O‘zbekistonda noqonuniy tamaki mahsuloti aylanmasining ulushi 12,5% ga yetdi. Bu yashirin savdo muammosining keng ko‘lamiga dalolat qiladi. Joriy yilning birinchi 8 oyi davomida davlat noqonuniy sigaret sotilishi tufayli 353.2 mlrd so‘m soliq tushumini boy berdi.

Farg‘ona vodiysi tamaki mahsuloti yashirin bozorining markazi sanaladi. Bu hududda noqonuniy aylanma ulushi mamlakat bo‘ylab o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada oshib, 25,6%ga yetdi.

Farg‘ona vodiysining ayrim shaharlarida vaziyat yana ham yomon: Marg‘ilonda noqonuniy aylanma 27,2% ni, Qo‘qonda – 25,6% ni, Farg‘ona shahrida esa – 19,7 foizni tashkil qiladi.

Namangan viloyati noqonuniy tamaki mahsuloti aylanmasining yuqori darajasi bilan ajralib turadi, u viloyat bo‘yicha 43,6 foizni tashkil etadi. Namangan shahrida ushbu raqamlar 49,3 foizga yetadi, bu O‘zbekiston hududlari ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, ushbu muammoga qarshi shoshilinch choralar ko‘rishni talab etadi.

Navoiy viloyati (11,2%), Toshkent viloyati (9,1%) va Toshkent shahri (8,8%) kabi ayrim hududlarda noqonuniy tamaki mahsuloti aylanmasi darajasi umumrespublika ko‘rsatkichidan pastroq.

Noqonuniy sigaretlar orasida quyidagilar eng mashhur: Milano (7,3%), Oris (1,7%) va Esse (1,4%).

Noqonuniy tamaki mahsuloti aylanmasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga jiddiy tahdid soladi, chunki u soliq tushumlari kamayishiga olib keladi.

Noqonuniy tamaki mahsuloti aylanmasiga qarshi kurashish uchun quyidagilarni o‘z ichiga olgan kompleks choralar talab etiladi:

• Tamaki mahsuloti importi va eksporti ustidan nazoratni kuchaytirish;

• Sigaret kontrabandasi va noqonuniy ishlab chiqarilishiga qarshi kurashish;

• Aholining chekish zarari va noqonuniy mahsulot to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish;

• huquqni muhofaza qilish organlari va soliq xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring