Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Non sotuvchi ayol: «Hayotim g‘am-anduhda kechdi, hozir esa huzurim bor»

Non sotuvchi ayol: «Hayotim g‘am-anduhda kechdi, hozir esa huzurim bor»

Istanbulning Fatih tumani o‘zbeklar hududi hisoblanadi, do‘kon egalarini hisoblamaganda, sotuvchi ham, oluvchi ham, yo‘lovchi-yu haydovchi – hamma-hammasi o‘zbeklar. O‘zingizni xuddi o‘zbek mahallasida yurgandek his qilasiz. Atrofdagi oshxona nomlari ham o‘zbekcha: «Qo‘qon taomlari», «Jizzax oshxonasi», «O‘zbek milliy taomlari»...

Bugungi suhbatdoshim Dilafruz Fatihdagi non do‘konlaridan birida ishlaydi.

– Turkiyaga bundan 2 yil oldin mahallamdagi Mumtoz opaning ortidan kelganman. Ular ham shu do‘kon sexida ishlaydi –  bu yerdagi 18 kishi bilan birga 20 dan ortiq turdagi non mahsulotlarini pishirishadi, men va turkmanistonlik yana bir ayol ularni shu yerning o‘zida sotamiz, bir qismini esa oshxona va kafe, magazinlarga sotgani olib ketishadi, — deydi u.

Turkiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari soni rasmiy ma’lumotlarda 70 mingdan ziyod deb ko‘rsatilgan. Ammo noqonuniy ishlab yurgan yurtdoshlarimiz undan ham ko‘p. Istanbulda men suhbatlashgan har 10 muhojirning 8 nafarida hujjatlar joyida emas: yo yashash, yoki ishlash ruxsatnomasi yo‘q.

Asli namaganlik bo‘lgan Dilafruz – 55 yoshda. U o‘g‘li, kelini va 2 nabirasi bilan Istanbuldagi ijara uyda yashaydi. Aytishicha, uzoq o‘tmishda eri «ishlab kelaman», deya Rossiyaga ketgani bo‘yicha qaytib kelmagan ekan. Keyinroq bilsa, o‘sha yoqlarda boshqasiga uylanib olibdi...

– «Mayli, joni sog‘ bo‘lsin», – deganman. Nima ham qilardim. Majburlab bo‘lmasa. So‘ngra yolg‘iz o‘g‘lim bilan qolaverdik. Ishladim. O‘g‘limni katta qildim. Uylantirdim. Biror marta yo‘qlab kelmadi dadasi...

Dilafruzni ko‘rsangiz, uning bama’ni, kamsuqum, halol ayol ekanini darhol sezasiz. Do‘konga kelganlarni ochiq chehra bilan qarshi oladi.

– O‘g‘lim mehmonxonada ishlaydi, kelinim 2 bolasi bilan yaqinda keldi Istanbulga, shu atrofdagi bir tikuv sexiga ishga ham kirdi, hozircha 2 nabiramdan birini men, ikkinchisini kelinim ish yeriga olib ketib turibmiz. Ishxonamizdagi boshliqlarimiz insofli, bir narsa deyishmayapti. Turklar bolaparvar xalq bo‘lgani uchunmi, 3 va 5 yoshdagi bolalarimizni xalaqit berayapti, deyishmayapti. Shu yaqin kunlarda ularni bog‘chaga joylaymiz.

Eri tashlab ketgach, yolg‘iz farzandi bilan qolgan Dilafruz boshqa turmush qurmadi: «Nima keragi bor yana turmush qilishni, deb o‘yladim. Bittasi o‘g‘limning otasimi – g‘am-anduhda kechdi hayotim. Hozir esa huzurim bor, o‘g‘limning oilasi bilan rohat-farog‘atda yashayapman. Charchasam – dam olaman, zeriksam – o‘g‘lim bilan dengiz bo‘yida aylanib kelamiz yo istirohat bog‘lariga boramiz».

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ajralishlar ko‘rsatkichi 76 foizga oshgan. Ajralishlarning asosiy sababi esa maishiy zo‘ravonlik deb ko‘rsatilmoqda.

– Istanbulda ishlayotgan boshqa o‘zbek ayollari bilan muloqot qilib turasizmi? – deya so‘rayman Dilafruzdan.

– Albatta. Fatihda o‘zbeklar juda ko‘p. Har kuni mendan non oluvchi bir qancha o‘zbek xotin-qizlar orasida ko‘z tanish bo‘lib qolganlar ham, qadrdondek bo‘lib ketganlari ham bor. Ikki yil ichida yuzlab hamyurtlarim bilan tanishdim, ammo biror marta axloqsiz, tarbiyasiz, yomon ishlar qilib yurganlarini uchratmadim. Bizning ayollar mehnatkash, uyim-joyim deb bu yerga kelishgan. Tish-tirnog‘i bilan qazib-kavlab pul topishadi, topishadiyu darhol bor pulini O‘zbekistonga – oilasi, bolalariga yuborishadi. Men o‘zim internetdan foydalanishni uncha yaxshi bilmayman, ammo bu yerga kelganlar bilan gaplashganimda ijtimoiy tarmoqlar orqali Turkiyada ishlayotgan ayollarni yomon so‘zlar bilan, ko‘pchilik erkaklar tomonidan haqorat qilishayotganini aytib qolishadi. Judayam xafa bo‘lib ketaman. Iltimos, shu gapimni yetkazib qo‘ying! Yurtda qolgan erkaklar bu yerda halol pul topib, uzoqdagi bolasini boqayotgan, o‘qitayotgan, uyli-joyli qilayotgan o‘zbek ayollarining sha’nini yerga urmasin. Yaxshisi, ayollarga tirgak bo‘lishsin: eri, akalari, ukalari, otalari...

Vodiylik ayollar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida yetakchilik qilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, ular soni 150 mingdan ziyod. Ayollarimiz, asosan, Turkiya, Rossiya va Qozog‘istonda ishlab kelishmoqda. Shaxsan o‘zim Turkiyada ishlayotgan yurtdoshlarim bilan gaplashganimda, ularning ko‘pchiligi yo andijonlik, yo marg‘ilonlik, qo‘qonlik yoki namanganlik ekanliklariga guvoh bo‘ldim. Samarqand, Qashqadaryo, Toshkentdan kelganlar ham uchrab turadi.

Izboskanlik Halima Anqaradagi bir oilada xizmat qiladi. Kelganiga 6-7 yil bo‘lgan. Eri va uch nafar bolasi O‘zbekistonda. Eri ishlamaydi, xotin yuborgan pulni choyxonama-choyxona sovurib yuradi. Kamiga xotiniga: «sen yengiloyoqsan, u yerda nima ishlar qilib yurganingni bilaman. Shukur qil, seni u yerda ishlatib qo‘yganimga», – deb do‘qlab turadi, ayolni 4-5 oydan beri bilaman. Aytishicha, Anqara aeroportiga kelib qo‘ngach, tanishinikigacha boradigan avtobus uchun ham puli bo‘lmagan. Besh soat o‘tirgan aeroportda och-nahor, suvsiz. Birovdan telefon so‘rab tanishiga qo‘ng‘iroq qilay desa turkchani bilmaydi. Oxiri yo‘lovchilar uning og‘ir ahvolini ko‘rib yordam ko‘rsatishdi: 400 lira (150 ming so‘m) pul yig‘ib berishdi qo‘liga, biri telefonidan tanishiga qo‘ng‘iroq qildi. Amira ismli ayol (tanishi) 1 soatlarda kelib uni olib ketdi. Uch kundan so‘ngra shu oilada xizmatchilikni boshladi.

Besh kishilik oilaning uch qavatli uyida kuniga 12-14 soatdan ishlaydi: ovqat qiladi, uy tozalaydi, kir yuvadi, dazmol qiladi. Xullas, yarim tunda 3 metrlik yerto‘la kabi xonasiga kirib borganida barmoqlarini qimirlatgani holi qolmagan bo‘ladi. Haftada bir marta beriladigan dam olish kunini ham uxlab o‘tkazadi. Shu mehnatlari orqasidan topgan puliga oilasini boqish bilan birga O‘zbekistondan 3 xonali (avval ijarada yashashgan) uy sotib oldi, uni jihozladi. O‘g‘lini o‘qitdi, uylantirdi. O‘g‘li institutni bitirdi va yangi ishga joylashdi. Ayolning umidi shu o‘g‘lidan. Endi yana pul to‘plab, o‘g‘liga boshqa uy olishga yordam bermoqchi. «Mening boshqa choram ham, tanlovim ham yo‘q. Bu yerdan ketsam, oilam och qoladi», – deydi Halima. Zero, chora har zamon topilishini tushintira olmadim.

 Shu o‘rinda Turkiyada yashayotgan va ishlayotgan ayollarni juda ko‘p kuzatganim bois ba’zi bir narsalarni alohida eslatgim keldi: Turkiyaga ishlash uchun kelayotganingizda yoningizda zaxira mablag‘ingiz bo‘lsin. Shunda hech kimga sarg‘aymaysiz, qoladigan joyingiz uchun to‘lashga loyiq pulingiz va munosib ish topishga yetarli vaqtingiz bo‘ladi. Duch kelgan ishni darhol qabul qilmang, boshqalarini ham ko‘ring, solishtiring, ular orasidan eng ma’qulini tanglang. Hech kim sizni zo‘rlab ishlatmaydi – buni unutmang. Ilk ishni ko‘rmasdanoq «tamom,  menga bo‘laveradi. Tezroq pul ishlab, oilamga jo‘natishim kerak», – deb emas, «Yo‘q, bu ish menga to‘g‘ri kelmaydi. Men bundan ko‘ra yaxshirog‘ini topa olaman!, – deya turk ish beruvchilariga o‘zbek ayollari uchun puldan ko‘ra qadri muhimligini  ko‘rsatib qo‘ying.

Dilafruz tandirxonadan chiqqan qaynoqqina nonlarni sotibgina qolmasdan, xaridorlarning ta’biga ko‘ra, saryog‘, qiyom, pishloqdan chiroyli qilib yog‘li kulcha ham tayyorlab beradi.

Lazzatli nonlarni shirin kalomi bilan mijozlarga ikrom etayotgan Dilafruz O‘zbekistonga qaytish haqida o‘ylamaydi. Chunki vatanda uni kutayotganlar yo‘q. Balki bordir-ku Dilafruz bilmas bu haqda? Ammo oilasi, bola-chaqasini O‘zbekistonga tashlab, o‘zlari Turkiyada ishlayotgan Shohidalar, Halimalar, Nargizalar uchun Ona Vatan hamisha azizdir. Chunki bu ayollarning omonatlari qolgan yurtda. Bola-chaqasi mushtoq bo‘lib kutadi ularni. Joriy yilning 15 may kuni Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida ayrim muhim xamkorlikka oid qonunlar, bitimlar va protokollar qabul qilindi. Ular orasidan 7508-sonli «mehnat muxojirlari va ularning oila-a’zolarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning ham o‘rin olishi o‘zbek muhojirlari uchun ayni muddao bo‘ldi. Umid qilamizki, Turkiyada halol mehnatlari bilan pul topib, O‘zbekistondagi farzandlarini voyaga yetkazayotgan, o‘qitayotgan, kiyintirayotgan mehnatkash ayollarimizning haq-huquqlari, asosiysi, qadr-qimmati tiklanishiga umid qilamiz.

Sabohat Rahmon

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring