Nogironlikni olish tartibi o‘zgartirildi
Vazirlar Mahkamasining «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 62-son qarori qabul qilindi.
Qaror Prezidentning «Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida» 2021-yil 25-martdagi PF–6195-son hamda «2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida» 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son farmonlari, «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021-yil 27-noyabrdagi PQ–22-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Qaror bilan Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish ularni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarga (keyingi o‘rinlarda — TIEK) ko‘rikka yuborish orqali amalga oshiriladi (088/u-sonli shakl). Ko‘rikka, shuningdek, statsionardan berilgan kasallik tarixini, ambulator kartadan ko‘chirmalarni va bemorni ko‘rikka yuborish uchun asos bo‘lgan boshqa hujjatlarni o‘rganish ham kiradi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari majlisida ko‘rik to‘liq tarkibda va hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab 10 kun ichida o‘tkaziladi. Nogironlik belgilangan taqdirda, hujjatlar TIEK tomonidan qabul qilib olingan sana nogironlikning boshlanishi hisoblanadi.
Shuningdek, qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tizimining tashkiliy tuzilmasi;
- Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining tuzilmasi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining, tumanlararo, tuman (shahar), ixtisoslashtirilgan va pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining namunaviy tuzilmalari;
- Zarur asbob-uskunalar bilan jihozlangan davlat tibbiyot muassasalariga bepul tekshiruvlar o‘tkazish uchun biriktirilgan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari ro‘yxati.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.02.2022-yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter