Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nogironlik pensiyasi tayinlashda ish staji qo‘shib hisoblanadimi? – mutaxassis javobi

Nogironlik pensiyasi tayinlashda ish staji qo‘shib hisoblanadimi? – mutaxassis javobi

Savol: 15 yillik mehnat stajiga ega 2-guruh nogironi bo‘lsa, nogironlik pensiyasini olishda ish staji qo‘shib hisoblanadimi?

Avval I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanmas edi. 2023-yil 1-yanvardan e’tiboran I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Ya’ni, 2022-yil 26-oktyabrdagi O‘RQ-795-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuni 49-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Unga ko‘ra, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Bunda pensiyani qayta hisoblash fuqaro pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilgan sanadagi ushbu Qonunning 17-moddasida ko‘rsatilgan yoshga nisbatan talab qilingan ish stajidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Pensionerlar pensiyani qayta hisoblash uchun ana shunday huquq paydo bo‘lganidan keyin istalgan vaqtda murojaat etishlari mumkin.

Yoshga doir pensiya tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt pensiyani hisoblab chiqarish uchun stajga qo‘shib hisoblanmaydi.

Bu boradagi muammolar bilan Pensiya jamg‘armasining 1140 “ishonch telefoni”ga ham murojaat qilish mumkin.

Savol: amaldagi qonunchilikda kechki yoki sirtqi ta’lim shaklida ta’lim olayotgan xodimlar uchun o‘quv ta’tillari berish nazarda tutilgan. Sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotganlar yiliga ikki marta ta’lim olayotgan muassasaning o‘quv rejasiga asosan chaqiruv xati bo‘yicha o‘qishga chaqiriladilar. Bunday holda sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalarni o‘quv ta’tillari yiliga 30-40 kalendar kundan oshgan taqdirda qonunchilikka ko‘ra qanday yo‘l tutiladi?

Mehnat kodeksi 385-moddasi 1-qismiga ko‘ra, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tashkilotlarida kechki yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun o‘quv ta’tillarining eng kam muddati ko‘rsatilgan.

O‘quv ta’tillarining eng kam muddati 30-40 kalendar kundan oshsachi? Bu holatda MK 385-moddasi 2-qismiga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu moddaning 1-qismida nazarda tutilganiga nisbatan davomiyligi ko‘proq bo‘lgan o‘quv ta’tillari nazarda tutilishi mumkin. Lekin mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ham davomiyligi ko‘proq bo‘lgan o‘quv ta’tillari  nazarda tutilmagan bo‘lsa, MK 228-moddasi 4-qismiga ko‘ra, ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan xodimlarga ularning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili ularga qulay bo‘lgan vaqtda berilishi mumkin.

Agar xodim har yilgi mehnat ta’tilidan ham foydalanib bo‘lgan bo‘lsa, MK 241-moddasi tartibida ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga chiqishi yoki jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki MK 240-moddasiga ko‘ra mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa ish haqi qisman saqlanadigan ta’til ham olishi mumkin.

Savol: mening 2022 yilgi mehnat ta’tilim o‘sha paytda ish hajmining ko‘p bo‘lganligi uchun tegishli farmoyishga asosan keyingi yilga ko‘chirilgan edi. Hozir shu ta’tildan foydalanishim uchun 2022 yil uchun 24 kalendar kuni va 2023 yil uchun 27 kalendar kuni, 7 kun jamoa shartnoma bo‘yicha hamda 4 kun tarmoqdagi ko‘p yillik xizmati uchun (jami 62 kun) ta’til kunlarim hisoblanishi kerak.

Shundan qanday foydalanish mumkin? Yangi kodeksga ko‘ra mehnat ta’tili 56 kundan oshib ketmasligi belgilangan...

MK 230-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili har yili, ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak. Ya’ni Siz ish yili tugagunga qadar ta’tilga chiqishingiz kerak edi, ta’tilning barcha qismini butunlay keyingi yilga ko‘chirib yuborilishi mehnat qonunchiligining buzilishi hisoblanadi. Buning uchun mansabdor shaxsga  MJTK 49-moddasiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (3mln 300 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin.

Endi o‘tgan yili qolib ketgan 24 kun va bu yilgi 38 kun ta’tilni qo‘shib olsangiz, 62 kun bo‘lib ketishi qonun buzilishi hisoblanmaydi. Chunki MK 222-moddasi 2-qismiga ko‘ra, barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun 56 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas. E’tibor bering, bir ish yili uchun 56 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas deyilmoqda. Sizning holatda 24 kalendar kun ta’til o‘tgan ish yili hisobidan, shuning uchun ham 62 kun ta’tilga chiqishingiz qonun buzilishi hisoblanmaydi.

 

Savollaringizni @xabargayoz_bot ga jo‘natishingiz mumkin.

 

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov

javob bergan

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring