Nobel mukofoti laureatining iqtisod bo‘yicha nazariyasi O‘zbekistonda sinovdan o‘tkaziladi
19-iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida «Turtki berish nazariyasining davlat sektorida qo‘llanilishi» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda fan doktori, professor, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Alisher Fayzullayev ma’ruza bilan chiqish qildi. Davra suhbati ishtirokchilari — qator vazirliklar va davlat idoralari vakillari turtki berish nazariyasi (ing. nudge theory)ni qo‘llagan holda yechilishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlashtirishga urindilar, shu bilan bir qatorda nazariyani qo‘llash usullarini muhokama qildilar.
Turtki berish nazariyasi alohida shaxslar, guruhlar va tashkilotlar tomonidan qarorlarning qabul qilinishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmagan, «yumshoq» ko‘rsatmalar orqali ta’sir ko‘rsatish usulini o‘rganadi. Mazkur nazariya bo‘yicha tadqiqotlar yurtimizda Alisher Fayzullayev boshchiligida olib borilmoqda. Shu yo‘nalishdagi tadqiqotning asosiy maqsadi mazkur nazariyaning tamoyillarini amalda sinab ko‘rish orqali jamiyatimizni eng qiynab turgan aniq muammolarining yechilishida turtki berish nazariyasining imkoniyatlarini namoyish etishdir. O‘z navbatida Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida davlat idoralari va muassasalari vakillarining tadqiqot ob’yektini aniqlash bo‘yicha fikr-mulohazalari tinglanib, umumlashtirilmoqda.
Bu nazariya amerikalik iqtisodchi Richard Taler va huquqshunos Kass Sansteynning 2008-yili chop etilgan «Nudge. Sog‘lig‘imiz, farovonligimiz va baxtimiz borasidagi qarorlarimizni qanday mukammallashtiramiz» kitobidan so‘ng ommalashdi. U shuningdek AQSh va Buyuk Britaniya tadbirkorlik va sog‘liqni saqlash masalalari bilan shug‘ullanadigan siyosatchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ta’kidlash joizki, R. Taler avvalgi tadqiqotlarni umumlashtirib, nazariya yaratgani uchun iqtisod bo‘yicha Nobel mukofotga sazovor bo‘ldi.
Nazariyaning ahamiyatli jihati shundaki, u biror holatni taqiqlamaydi, aksincha, jamiyat uchun foydali narsani targ‘ib qiladi. Masalan, maktab oshxonasi peshtaxtasida bolalar salomatligi uchun foydali bo‘lgan mevalar, sabzavotli salatlar, sut-qatiq mahsulotlarni ularning ko‘zlari eng tushadigan joyga joylashtirish turtki berish deyiladi, gazli shirin ichimliklar, qovurilgan qarsildoq kartoshka, dudlangan kolbasa kabi zararli mahsulotlarni ta’qiqilashesa turtki berish sanalmaydi. Ya’ni bolalarda tanlash imkoniyati bo‘lgani holda, ularni foydali taomlarni iste’mol qilishga o‘zlariga sezdirmagan holda undab turiladi.
«Maxsustrans» davlat unitar korxonasi mas’ullari chiqindilarni maxsus joylarga tashlash, ularni turlarga ajratish kabi muammolarni mazkur nazariya yordamida amalga oshirish mumkinligi haqida fikr berdilar. Bu o‘z navbatida, davra suhbati tashkilotchilari va ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xuddi shunday, odamlarni ichimlik suvini tejashga turtki berish masalasi ham ko‘tarildi.
Adliya vazirligidan tashrif buyurgan ishtirokchi davlat organlari-muassasalarida korrupsiyani oldini olish masalasida turtki berish nazariyasini qo‘llash mumkinligini aytdi. Biroq bu sohada statistik ma’lumotlar mavjud bo‘lmagani va uni muayyan davlat idorasiga tatbiq etishga urinish noroziliklar va tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda, bu bo‘yicha ishlarni boshqa sohalarda tadqiqot ishlari ijobiy natija bergach amalga oshirish lozimligi qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter