Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nishon tuman tug‘ruqxonasida bemorlar yo‘lakka joy solib yotgani rostmi?

Nishon tuman tug‘ruqxonasida bemorlar yo‘lakka joy solib yotgani rostmi?

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Nishon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqqa tayyorlash bo‘limida ahvol achinarli ekani, ayollar va bolalar shifoxona yo‘laklarida yotib davolanayotgani aks etgan material va surat tarqalgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Xabar.uz uchun ma’lumot berdi va quyidagilarni ma’lum qildi.

Bugungi kunda Nishon tumanida istiqomat qilayotgan qirq ming nafardan ziyod fertil yoshdagi ayollarga hududlardagi qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalari orqali tibbiy-profilaktika yordami ko‘rsatilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida esa tug‘ruq majmuasi, ginekologiya va homiladorlar patologiyasi bo‘limlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, Tolimarjon shifoxonasida ham bu maqsadlar uchun sakkizta o‘rin ajratilgan.

— Vaziyat o‘rganilganda, tuman tug‘ruq bo‘limi, homiladorlar patologiyasi va ginekologiya bo‘limlarida yo‘lakda yotib davolanayotgan bemorlar aniqlanmadi, — deydi Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Shavkat Amirov. — Biroq, yuqoridagi holat bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvlar jarayonida haqiqatan ham 11 iyun kuni bemorlar bo‘limdagi o‘rinlariga joylashguniga qadar o‘zlari va yaqin qarindoshlari yerga joy to‘shab yotib olgani ma’lum bo‘ldi.

Bunday jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygani, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va bo‘limda nazoratni susaytirgani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari M.Xalilova, Tug‘ruq majmuasi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi N.Sazanbayevalar vazifasidan ozod etildi. Homiladorlar patologiyasi bo‘limi vrachi B.Esanovaga esa intizomiy jazo qo‘llanilib, o‘rtacha ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida jarimaga tortildi.

Shifoxonada qat’iy nazorat o‘rnatmagani, bunday muammolarning oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlarni ko‘rmagani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Yo.Shonazarov ogohlantirildi. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida kelgusida bunday muammolar kelib chiqmasligi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring