Nima sababdan o‘zbek yoshlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonga o‘qishga ketgan?
Qo‘shni davlatlarga o‘qishga ketgan yoshlarimizning aksariyat qismini o‘zimizning OTMlarga o‘qishga kirolmagan abituriyentlar tashkil etadi. U yerdagi OTMlarda to‘lov-shartnoma summasining arzonligi, qabul tizimining nisbatan soddaligi, aksariyat hollarda kirish imtihonlarining mavjud emasligi, xorijiy OTMlar tomonidan tashviqot ishlarining keng yo‘lga qo‘yilgani bois yildan-yilga qo‘shni davlatlarga o‘qishga borayotgan vatandoshlarimiz soni oshib bormoqda.
To‘lov summasining arzonligini quyidagi ma’lumotda ko‘rishimiz mumkin:
— M.Auyezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti (kontrakt 400-800$),
— Xalqlar Do‘stligi universiteti (kontrakt 350-700 $),
— Qirg‘iz-O‘zbek universiteti (kontrakt 400-500 $),
— O‘sh davlat universiteti (kontrakt 750-900 $),
— Batkent davlat universiteti (kontrakt 320-360 $),
— Qirg‘iz davlat universiteti (kontrakt 570-700 AQSh $),
— Tojikiston davlat pedagogika universiteti (kontrakt 700-1200 $),
— Xo‘jand davlat universiteti (kontrakt 700-1200 $).
Tabiiyki, bu jarayonda nostrifikatsiya qilishga oid arizalar soni ham oshadi. 2017 yil - 2409 ta, 2018 yil - 4964 ta, 2019 yil - 12867 ta arizalar ro‘yxatga olingan. Jami arizalarning 72,4%i (9316 tasi) qo‘shni mamlakatlarning ta’lim muassasalariga to‘g‘ri keladi.
Lekin tahlillar qo‘shni mamlakatlardagi OTMlarni tugatib, nostrifikatsiya uchun murojaat qilgan yurtdoshlarimizning bilim darajasi yuqori emasligini ko‘rsatmoqda. Nostrifikatsiya qilinganlari salmog‘i kam — 23,8%ni tashkil etmoqda. Bu degani u yerda tahsil olayotgan yoshlarimiz yetarli bilim va sifatli ta’lim olmayotganligidan dalolat beradi. Ularning ko‘pchiligi faqat diplom uchun qo‘shni mamlakatlarga borishmoqda.
Jahondagi ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tendensiyasidan ma’lumki sifatli ta’lim narxi arzon bo‘lmaydi. Qo‘shni mamlakatlardagi aksariyat OTMlari tomonidan taklif etilayotgan to‘lov-kontrakt narxi sifatli ta’lim berish imkoniyatini bermaydi. Mehnat bozoriga esa nafaqat diplomli mutaxassis balki yuqori bilim va amaliy ko‘nikmaga ega kadrlar kerak. Fuqarolarimiz qo‘shni mamlakatlarning OTMlari tomonidan past narxlarda taklif etilayotgan sifatsiz ta’lim orqali olingan hujjatlar mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa olmaydi. Natijada bu vaziyat ularning o‘z mablag‘ va vaqtlarini besamar sarflaganiga olib keladi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda masofaviy ta’lim shakli O‘zbekistonda tan olinmaydi.
Bugun juda ko‘p xorijiy davlatlar bizda masofaviy ta’limni targ‘ib qilmoqda. Kirish imtihonlarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri talaba bo‘lish va uyda o‘tirib oliy ta’limni tugallash imkoniyati ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda.
Bunga ishonganlar ma’lum miqdordagi pul mablag‘ini to‘lab, konsalting-kompaniyalari orqali 3-4 yil muddatda ta’limni tugatdik deb yurishadi. Lekin keyin aldanganini tushunadi. Aslida bu tarzda olingan ta’limda hech qanday sifat bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, juda ko‘p davlatlar 3 yillik sirtqi ta’limni taklif qilmoqda. «Bir yilda 2 marta kelib-ketib oliy ma’lumot egasi bo‘lasan», degan takliflarga uchayotganlar ko‘p. Lekin bu xam aldov usullaridan biri. Bizdagi tartib bo‘yicha oliy ma’lumot olish uchun kamida 4 yil o‘qish zarur.
Feruza MADRAHIMOVA
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter