Nikohi sudda (sirtdan) bekor qilingan ayol ikki nafar farzandi bilan ko‘chada qolishi mumkin
Yangiariqlik Dilfuza Xo‘jayeva Davron Sitnazarov bilan tanishganida navniholgina qiz edi. Taqdir ekan, turmush qurdilar. Oila ko‘p o‘tmay poytaxtga ko‘chdi, oradan farzandlar tug‘ildi...
Toshkentda yashash osonmi? Hecham-da. Ijarama-ijara yurishdan bezgan er-xotin uy-joy sotib olishga qaror qilishdi. Tiyinma-tiyin yiqqan pulini o‘rtaga qo‘yishdi: umumiy miqdor ikki xonali uy sotib olishga yetguday... Biroq ikkovining ham Toshkent shahrida propiskasi yo‘q?!
Nima qilish kerak?
Er-xotin maslahatlashib, uyni Davronning jiyani — Azizbek Qalandarov nomiga olishadigan bo‘ldi. Azizbek — talaba, boz Toshkent propiskasiga ega. Eng muhimi — begona emas. Ishonchli.
Shunday qilib, er-xotin Yunusobod tumani 7-mavzedan tanishi Dilbar Ibragimovaning uyini Azizbek Qalandarov nomiga sotib olishdi.
Boshpana olindi-yu ammo oiladan havolat ketdi. O‘rtadagi uch nafar farzand ham er-xotin o‘rtasidagi rishtaga quvvat bo‘lmadi.
Davron 2015-yilda oilasini tashlab ketadi.
Uch nafar farzand bilan qolgan Dilfuza erining insofi kirib, qaytib kelishidan umidini uzmadi. Biroq umidlar sarobga aylanib borardi. Chunki, Davron nikohni sud orqali bekor qilish harakatiga tushdi. Avvaliga harakatlar o‘xshamadi. Keyinroq, baribir uddasidan chiqdi. Qizig‘iki, nikohi bekor qilingan sud majlisida Dilfuzaning o‘zi qatnashmadi.
Sudyaning sirtdan chiqargan hal qiluv qarori natijasida nikoh bekor bo‘ldi...
Dilfuza Xo‘jayevaning boshiga tushgan sinovlar shugina emas. 2017 yilda to‘ng‘ich farzandi (qiz) avtohalokat tufayli olamdan o‘tadi. G‘am-g‘ussaga botgan ayolning salomatligiga tobora putur yeta boshlaydi. Oqibatki, u onkologik kasallik bo‘yicha kimiyoterapeya usulida muolaja olishga majbur bo‘lyapti...
Sud orqali nikohni bekor qilishga muvaffaq bo‘lgan sobiq er nima qildi, deng? Jiyani Azizning oldiga borib, «farzandlarimni propiskaga qo‘ydirmoqchiman», degan bahona bilan uyni sotish huquqini beruvchi ishonchnoma oladi. Va... xotini bilan nikohdaligi vaqtida Azizning nomiga sotib olgan uyni sotib yuboradi.
Bu hali hammasi emas.
— Sobiq erim ikki nafar farzandim bilan meni uydan chiqarish uchun turli harakatlar qilib kelmoqda, — deydi ko‘z yosh bilan D.Xo‘jayeva. – U uyni go‘yoki sotib olgan Z.Ataxanovaning ishonchli vakili aylanib, sudga murojaat etdi. Bizni uydan majburiy ko‘chirib chiqarishtirish da’vosi bilan... Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi esa da’voni qanoatlantirdi! Bizni endi uydan majburiy ko‘chirishadi.
Mundoq olib qaralganda da’vo ham, uni qanoatlantirish haqidagi sud hujjati ham qonuniyday. Garchi pulini ular to‘lagan bo‘lsa-da, uy Aziz Qalandarov nomiga sotib olingan. Va uning bilib-bilmay bergan ishonchnomasi asosida boshqaga sotildi. Endi uyning sohibi boshqa. Shu boiski, Azizbek Qalandarov o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan joy uchun hech qanday pul to‘lamagani, bu joy haqiqatan ham D.Xo‘jayeva va D.Sitnazarovlarning shaxsiy mablag‘iga olingani haqidagi gaplari, makler D.Savinix va oldingi mulkdor D.Ibragimovning yozma bildirishlari inobatga olinmadi. D.Xo‘jayevaning advokati F.Qodirov fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudidan guvoh A.Qalandarovni sudga taklif etish haqidagi iltimosnomalari oqibatsiz qoldirilganiniyam sababi shu.
Nachora, osmon — uzoq, yer — qattiq... Propiska bilan bog‘liq mantiqsiz qoidalar M.Xo‘jayeva misolida qanday kulfatlarga sabab bo‘layotganini ko‘ryapsizmi? Poytaxtdan birovning nomiga mulk sotib olib, kuyib qolganlar kammi?!
M.Xo‘jayeva begonadan emas, farzandlarining otasidan kuyib ham moddiy, ham ma’naviy kuyayotganini-ku, aytmang...
Uyni pinhona sotib yuborib, yana deng, o‘sha «sotib olgan» odamning ishonchli vakiliga aylanib, sobiq xotini-yu farzandlarini ko‘chirish harakatiga yurgan erkakni nima deyish deyish mumkin?
Qizig‘i shundaki, kvatira nomiga rasmiylashtirilganiga bir necha yil bo‘layaptiyu Zinaida Ataxanova sotib olgan uyiga bir marta kelmagan?! Hatto uyni sotib olishdan avval kelib birrov ko‘rmagan? Ko‘rmay-netmay falon pulga kvartira sotib olishning o‘zi tasavvurga sig‘adimi? Shular haqida o‘ylar ekansan, bu hammasi uyushtirayotgan «spektakl» emasmikan, degan xayolga boradi kishi. «Spektakl»ning muallifi ham, rejissyori ham kim ekanini sezib-bilib turibsiz...
Nahot qonunlar shu darajadaki, Dilfuza Xo‘jayeva xasta holida, boz ikki nafar farzandi bilan ko‘chaga qolib ketsa?
Odil NE’MAT
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter