Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nemis bosqinidan yashirilgan boyliklar. Luvr haqida siz bilmagan faktlar (ikkinchi qism)

Nemis bosqinidan yashirilgan boyliklar. Luvr haqida siz bilmagan faktlar (ikkinchi qism)

Bir necha kun ilgari Luvr tarixi va undagi o‘g‘irlangan san’at asarlari qanday shakllantirilgani haqida ma’lumot bergan edik. Quyida uning ikkinchi qismini e’tiboringizga havola etamiz.

Luvr uchun yangi nom

Luvrda yig‘ilgan ko‘plab san’at asarlarning egasi Napoleon Bonapart hisoblangan. Shu tufayli u 1803 yili muzeyga o‘zining nomini beradi. Bu orqali fransuzlar hukmdori imperator sifatida yanada ko‘proq shon-shavkatga ega bo‘lishni xohlaydi.

Qayd etilishicha, o‘sha davrda muzey kolleksiyasi o‘zida qariyb besh mingdan ziyod nodir to‘plamlarni jamlagan.

Imperatorning navbatdagi o‘ljalari

1806 yildan 1807 yilga qadar Napoleon Prussiya orqali Rossiya chegarasigacha bo‘lgan yurishlarida ko‘plab beqiyos san’at asarlarini to‘plagan. Birgina Berlin shahrida u 54 ta noyob rasmga ega chiqadi.

Shuningdek, siz suratda ko‘rib turgan to‘rt tulpor haykali ham ana shu yillarda qo‘lga kiritilgan go‘zal san’at asari hisoblanadi.

Shoh uchun katta yo‘qotish

Imperator Napoleonning Prussiyaga yurishi davomida gersoglardan juda ko‘p «sovg‘a va in’omlar» olishga erishadi. Masalan, Brunvik gersogi Frederik Uilyam III Napoleon uchun o‘zining shaxsiy kolleksiyasidan 528 ta noyob san’at asarlarini topshirgan.

Prussiya hukmdorining in’omlari, boshqa san’at asarlari qatori Fransiyaga yo‘l oladi. Muzeyda hali ham ularning ba’zilari saqlab kelinmoqda.

Ko‘zgudagi ayol

Napoleon Avstriyaga yurishi davomida Venadagi Belvedere galleriyasini «ziyorat» qiladi. U yerdan qariyb 300 ga yaqin noyob asori-atiqalar jamlangan karvon fransuzlar yurtiga yo‘l olgan.

Ular orasida Titianning o‘ziga xos san’at asarlari ham bor edi. Bugungi kunda rassomning «Masih va ko‘zguga qarayotgan ayol» asari Luvrda saqlanadi.

Jozefinaga sovg‘alar

Prussiya va Avstriyadan Fransiyaga yuborilgan ko‘plab san’at asarlari Rafael Rembrant hamda Van Deyklar muallifligida edi. Ushbu asarlar nafaqat Luvrdan joy olgan, balki bir qismi Napoleonning rafiqasi Jozefinaga ham tortiq qilingan.

Ispaniya ham tashqarida qolmadi

Ispaniya Yevropada ro‘y berayotgan voqealardan tashqarida qolmadi. Napoleonning g‘arbga tomon yurishida mamlakatning bir qator shaharlari o‘zlarining beqiyos san’at asarlaridan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Xususan, Ispaniya qiroli Ferdinand VII va uning sodiq noyiblari ham shaxsiy kolleksiyalaridan mahrum etilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda Ispaniyadan mingga yaqin suratlar olingan. Ularning ko‘pi cherkov va monastrlarga tegishli edi.

Jozefdan ispanlarga muzey

Napoleon Ispaniyani zabt etganidan keyin, ispanlar boshqaruvchisi etib o‘z ukasi Jozefni tayinladi. Ispanlar esa, Jozefga yanada ko‘proq san’at asarlarini «sovg‘a qilish»ga majbur bo‘lgan.

Biroq akasidan farqli ravishda, Jozef qo‘lga kiritgan noyob asarlarni Madridda yangi muzey tashkil etib, bir joyga jamlaydi. Masalan, muzeyga jamlangan noyob suratlarning ko‘pi mashhur rassom Bartolome Esteban Murilloga tegishli edi.

Bugungi kunda ushbu muzey Prado nomi bilan faoliyat ko‘rsatadi.

O‘g‘irlangan asarlarning qaytarilishi

1814 yili Napoleon mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, u tortib olib kelgan besh mingdan ortiq san’at asarlari avvalgi mamlakatlarga qaytarilgan. Ammo, Luvrda eng noyob va saralari saqlab qolinadi.

Siz suratda ko‘rib turgan Tiber haykali ham Vatikanga qaytishi kerak bo‘lgan. Biroq u ortga qaytarish uchun katta va noqulay bo‘lganligi uchun keyinroq Papa Piyus VII tomonidan qirol Luis XVIIIga sovg‘a qilinadi.

E’tiborlisi, o‘sha yili Luvrning nomi ham qayta tiklanadi.

Ikkinchi jahon urushi paytidagi evakuatsiya

Ikkinchi jahon urushida Fransiya Germaniyaga mag‘lub bo‘lishidan oldin Luvr muzeyi ma’muriyati minglab san’at asarlarini himoya qilish uchun ularni yashirishga urinishadi.

San’at asarlarining katta qismi qishloq joylaridagi fermalarda yashirilgan. Masalan, «Mono Liza», «Venera de Milo» va «Qanotli Samotrats» (suratda ko‘rsatilgan) kabi mashhur asarlar Valensedagi uylardan topilgan.

Nemislarning Luvrni qayta ochishi

Nemislar o‘z hukmronligi davrida ham Luvrning faoliyat ko‘rsatishini xohlashgan. Biroq mashhur san’at asarlari bo‘lmagan holda muzey deyarli bo‘sh edi. Bo‘shliqni to‘ldirish uchun natsistlar yahudiy oilalaridan musodara qilingan narsalarni namoyish qila boshlaydi.

O‘sha yillari Luvrda minglab buyumlar to‘planib, u Yevropaning turli burchaklaridan o‘g‘irlangan asarlarni qayta ishlash markaziga aylanadi. Yuqori mansabdor shaxslar istagan narsalarni olishga muvaffaq bo‘lishgan. Qolganlari esa, muzeydagi bo‘sh devorlarni to‘ldirishga xizmat qilgan.

Natsistlarning nobakorligi

Natsistlar o‘zlari noloyiq deb topgan har qanday asarlar, shu jumladan, Pablo Pikasso, Anri Matisse va Salvador Dali asalarlari Luvr ro‘parasidagi Jyu de Paumda sotilgan yoki yoqib yuborilgan. Shuningdek, bunga yahudiylar tomonidan yaratilgan har qanday asarlar ham kiritilar edi.

Lekin Luvrning bir qator ma’murlari, san’atshunoslar qimmatbaho buyumlarning ko‘pini yashirincha gulxandan qutqarib qolgan.

Monument erkaklar

Ma’lumotlarga ko‘ra, natsistlar qariyb 5 millionga yaqin san’at buyumlarini o‘g‘irlashgan yoki yo‘q qilishgan.

Mana shunday madaniy vahshiyliklarga qarshi kurashish uchun «Monument erkaklari» nomli guruhlar bor edi. Ularning vazifasi yo‘qolgan noyob asarlarni qidirish va tiklash bo‘lgan.

Davomi bor.

Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring