Nega pochta bo‘limlarida elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda?
So‘nggi kunlarda respublikamiz bo‘ylab birin-ketin pochta aloqasi bo‘limlarida elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Sirdaryo va Navoiy viloyatida bir nechta pochta bo‘limlarida biriktirilgan mutaxassislar ko‘magida aholiga shunday xizmatlardan foydalanish imkoni yaratildi.
Elektron davlat xizmatlari aholini ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos etishi bor gap. Deylik, bir hujjat uchun u idoradan bunisiga yugurish endi shart emas. Buning uchun qulay platforma — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz) ishlab chiqilgan. Yagona portal orqali shu kunlarda 200 dan ziyod elektron davlat xizmatlari taqdim etilmoqda. Bu degani — uyda yoki ish joyingizda o‘tirib, ancha-muncha ishni bajarib qo‘yishingiz mumkin. Bunda ham vaqtdan yutasiz, ham naqddan. Chunki pulli xizmatlardan foydalanilganda yo‘l xarajati sarflamaysiz, qolaversa, Yagona portalda 10 foizlik chegirma bor.
Ammo masalaning bir jihati borki, bunda mutaxassislar ko‘magi albatta zarur bo‘ladi. Ya’ni, hammada ham my.gov.uz portalidan foydalanish uchun qurilma (kompyuter, noutbuk, planshet va hok.) yoki internet tarmog‘i bo‘lmasligi tayin. Bu vositalar bo‘lgan taqdirda ham, kompyuter savodxonligi yoki portaldan foydalanish ko‘nikmasi etishmasligi mumkin. U holda qanday yo‘l tutiladi?
Davlat xizmatlari markazlari — bu borada eng asosiy ko‘makchi, ammo ular asosan viloyat va ayrim tumanlar markazlarida mavjud. Qishloq hududlarda markazga borib kelish yana ovoragarchilik. Elektron davlat xizmatlarining pochta bo‘limlarida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilayotganining asl mohiyati ham shunda: mamlakatda pochta tarmog‘i kirib bormagan hudud yo‘q. «O‘zbekiston pochtasi» mamlakatimizning pochta aloqasi milliy operatori sifatida respublika miqyosida 2 mingga yaqin pochta aloqasi ob’yektiga ega bo‘lib, barcha aholi punktlarini qamrab olgan soha hisoblanadi.
Pochta bo‘limlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatilishi hudud aholisiga qulaylik, qolaversa, qiyin vaziyatdan chiqishga urinayotgan milliy operatorga qo‘shimcha imkoniyat.
O‘zi pochtada qanday davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda?
Bular:
- STIR raqam olish;
- yuridik va jismoniy shaxslarni soliqdan qarzdorligi to‘g‘risida ma’lumot olish;
- nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risida ma’lumotlarni olish;
- fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga hisobga olish;
- manzil ma’lumot axborotlarini taqdim etish;
- sudlanganlik yoki sudlanmaganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma olish;
- fuqarolarning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumot olish;
- arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish;
- bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish;
- tug‘ilganlik haqida ma’lumotnoma olish;
- o‘lim ro‘yxatga olinganligi haqida ma’lumotnoma olish;
- pensiya va nafaqa haqida ma’lumot olish;
- narkologiya dispanserida hisobda turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish;
- ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanserda hisobda turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish kabi xizmatlar.
Pochta xodimlari hozircha aynan shu xizmatlarni ko‘rsatishga o‘qitilgan. Kelgusida talabga qarab ro‘yxatga yana boshqa xizmatlar ham qo‘shilib borsa ajab emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter