Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega O‘zbekistonda startap loyihalar «portlab» chiqmayapti?

Nega O‘zbekistonda startap loyihalar «portlab» chiqmayapti?

Foto: Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 17-may kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan «O‘zbekiston innovatsion ekotizimining rivojlanishida startap loyihalar va yosh olimlarning ilmiy stajirovkalari taraqqiyot omili sifatida» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rnibosari Azimjon Nazarovning ta’kidlashicha, bugungi kunda yurtimizda samarali startap-ekotizimini yaratish alohida muhim vazifalardan biri sanalar ekan, startap ekotizimini akseleratorlar va inkubatorlar, birlamchi investitsiyalar manbalari (seed money) hamda venchur jamg‘armalari kabi maxsus infratuzilmalarning faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Startaplar – innovatsiyalarning muhim manbasi, iqtisodiyotning rivojlanishiga turtki bo‘luvchi kuch hamdir. Ular ilmiy-texnik taraqqiyotga yo‘l ochadi, shu bilan bir qatorda yangi mahsulotlar, xizmatlar va texnologiyalarni kundalik hayotimizga kirib kelishini ta’minlaydi.

Ayni kunlarda Innovatsion rivojlanish vazirligi o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtiriladigan STARTAP LOYIHALAR tanlovining 2-turini e’lon qilgan. Mazkur loyihaga hujjatlar joriy yilning 21 iyuniga qadar qabul qilinadi. Startap loyihalarning 1-turida jami 17 loyiha mualliflariga sertifikatlar topshirildi va ularni moliyalashtirish ishlari boshlandi.

O‘z navbatida, yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini tashkil etish maqsadida 2018 yilda uch marotaba tanlov o‘tkazilgan. Tanlovlarga vazirlik va idoralar tomonidan jami 317 nafar nomzodlar va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilgan. Maxsus ekspert guruhining xulosalariga muvofiq 288 nafar nomzodlar rad etilgan. G‘olib deb topilgan 29 nafar yosh olimlar AQSh, Xitoy, Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlardagi yetakchi ilmiy markazlarga ilmiy stajirovkalarga yuborilgan. Ushbu maqsad uchun 174,1 ming AQSh dollari yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari institutining to‘rt nafar yosh olimlarining Leybnits o‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish (Germaniya) ilmiy-tadqiqot institutidagi hamda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining besh nafar yosh olimlarining Vena tibbiyot universiteti (Avstriya)dagi ilmiy stajirovkalari moliyalashtirilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining olti nafar yosh olimlarini Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markaziga (ICBA BAA Dubay) ilmiy stajirovkaga yuborish bilan bog‘liq xarajatlar moliyalashtirildi.

Joriy yilda yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini moliyalashtirishga 1,5 mln. AQSh dollari rejalashtirilgan bo‘lib, 100 nafardan ziyod yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini moliyalashtirish rejalashtirilgan.

2019 yilning birinchi choragida vazirlik tomonidan yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlardagi qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari bo‘yicha birinchi tanlov o‘tkazildi. Tanlovga vazirlik va idoralardan jami 116 nafar nomzodlar va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilgan.

Maxsus ekspert guruhi 12 nafar yosh olimlarga ijobiy xulosa bergan. Yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari ro‘yxati Jamg‘arma Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan va tuzilgan shartnomalarga asosan moliyalashtirilmoqda.

2019 yilning 15 aprelida yosh olimlarni ilmiy stajirovkalari bo‘yicha navbatdagi 2-tanlov to‘g‘risidagi e’lon Vazirlikning rasmiy veb saytida joylashtirilgan. Tanlov xujjatlari 2019 yilning 20 mayiga qadar qabul qilinadi.

Bundan tashqari, Belarus Respublikasining Minsk shahridagi fan va texnologiyalar hamkorlik bo‘yicha ilk «Belarus – O‘zbekiston» qo‘shma majlisi kelishuvlariga asosan 11 turdagi yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli tanlov e’lon qilingan bo‘lib, bugungi kunda vazirlik va idoralar tomonidan ilmiy stajirovga o‘tashga tavsiya qilingan nomzodlar va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar umumlashtirilmoqda.

O‘zbekistondagi ilk ilmiy loyihalar Akseleratori – C.A.T. Science Accelerator ishtirokchilari misolida g‘oyaning startap loyihagacha bo‘lgan jarayoni ko‘rsatildi. 

Innovatsion rivojlanish vazirligining eksperti Odiljon Abdurazzoqov O‘zbekistonda muvaffaqiyatli startap ekotizimi yaratish shartlarini aytib o‘tar ekan, «vitamin» emas «og‘riqni qoldiruvchi» innovatsiyalarni yaratishga tashviq etish lozimligini ta’kidladi.

– Davlatning pulini olib, ishlatish oson, – dedi startaplar ilmiy-texnik kengashining raisi, «Dekos» kompaniyasining direktori Hasan Mamasaidov. – Loyihaning naqadar omadli bo‘lishi, tadbirkorning o‘z mablag‘ini sarflashga tayyorligi bilan ham baholanadi. Innovatsion mahsulot ishlab chiqarish uchun uyining atrofini pishiq g‘isht bilan o‘rab olish yoki qishloq xo‘jaligi ishlarini amalga oshirish uchun qimmat traktor xarid qilish uchun mablag‘ so‘rash o‘rinsizdir. Startap loyihalarda ham xuddi har qanday biznesdek, imkon qadar kam pul sarflanib, ko‘p daromad ko‘rish imkoniyatlari izlanishi kerak. Tadbirkor o‘z g‘oyasi bilan «kasal» bo‘lsa, avvalambor loyihasini rivojlantirib, keyingina foyda olishni ko‘zlasa, u biron nimaga erishadi. Startap loyihalar tanloviga ariza topshirgan aksariyat yoshlar pulini olsam-u, keyin biron g‘oya o‘ylab toparman, deb katta xatoga yo‘l qo‘yishadi.

Savol-javoblar sessiyasiga ko‘ra OTM larda va yoshlar orasida Vazirlik tomonidan e’lon qilingan startap loyihalar tanlovida faol ishtirok etish, haqiqatda startap loyiha shartlariga javob beruvchi g‘oyalarni ilgari surishni targ‘ibot qilish lozimligi ma’lum bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring