Nazr qilingan o‘g‘il, akaga berilgan bola, nikohsiz tug‘ilgan va bedarak ketgan ikki go‘dak – ularning haq-huquqi uchun kim kurashadi?
«O‘g‘lim ikki yoshligida qaynog‘am (erning akasi) choponiga o‘rab olib ketib qolgan, farzandsiz edi, «yana tug‘ib olaverasan» degandek. Qaynotam ham qaynonam ham shu holatni qo‘llab-quvvatlagan. Keyin birin-ketin qizlarim tug‘ildi, qizlarimdan birining ismini O‘g‘iloy qo‘ydim, ammo yana birin- ketin qiz tug‘ildi, mening birgina o‘g‘lim bo‘lishini shu qadar istardimki. Qizlarim o‘g‘ildan kammas, kuyovlarim ham yaxshi, lekin baribir yuragimda armon bor...»
Farg‘onaning Qo‘shtegirmon qishlog‘ida Ko‘paysin Karimova ismli ayol bor. Yetti qizini o‘qitgan, dehqonchilik qilib, somsa sotib qizlarining o‘qimishli bo‘lishiga erishgan. O‘shanda «Oilam» loyihasiga bu onaxondan intervyu tayyorlagandik. Suhbatimizning boshidan to oxirigacha ovozi qaltirab, ichidagi armonini, sog‘inchini bosolmagandi. Bugungi hayoti, erishgan yutuqlari haqida har qancha savol bermaylik onaxon o‘sha hadya qilingan o‘g‘li haqida gapirgisi kelavergandi.
Chetdan qaraganda yillab farzand ko‘rmagan qaynog‘ani va ovsinni tushungingiz keladi, ammo bu fikrlarni o‘z yuragingizdan o‘tkazib qarasangiz... adolatsizlikni ko‘rasiz. Bu yerda gap garchi go‘dak bo‘lsa ham bir INSON, inson taqdiri haqida ketyapti. Butun boshli bir inson xuddi ikkita non yoki tarvuz qo‘ltig‘iga qistirib olib ketilgandek.Uning keyingi taqdiri nima bo‘lishi, hech qanday tanlovga ega bo‘lmagan kelin (axir u ham inson, qolaversa)ning sog‘inchi hech kimni zarra qiziqtirmagan. Onaning aytishicha, o‘g‘li kattarib esini tanigach har doim nega meni berib yuborgansizlar, nega meni osongina berib yuborgansizlar, men kerak bo‘lmaganmi, degan gaplarni ko‘p aytgan va bola mana shunday o‘ksik qalb bilan voyaga yetgan.
Yana masalaga kengroq qarasangiz bu yerda onaning va bolaning huquqlari buzilgan...ammo o‘sha paytlari ham hozirgidek bu narsalarga oddiy ko‘z bilan qaralgan, huquqiy yechimi izlanmagan.
Juda ko‘p eshitamiz, farzandi yo‘q oilaga qarindoshi o‘z bolasini berganlarni, keyin qaytarib olganlarni yoki bir umr o‘sha bola uchun armon qilib o‘tgan onalarni. Bu yerda farzandi bo‘lmagan ota-ona begonani emas, qarindoshining bolasini asrab olgani, farzandli bo‘lgani uchun yutar, ammo farzandidan ayrilib qolgan onaning qon yutishi evaziga, qurbonlik evaziga...
Buning huquqiy yechimi haqida keyinroq, ammo dinimizda bu haqda nima deyilgan? Qur’ondagi «Ahzob» surasi 5-oyat «Tafsiri Hilol» kitobida shunday tasniflanadi: «Alloh asrandi farzandlar haqida quyidagi yo‘lni ko‘rsatadi: «Ularni o‘z otalarining nomi bilan chaqiringlar. Ana shu Allohning nazdida to‘g‘ridir. Agar otalarini bilmasangiz, ular sizning din qardoshlaringiz va do‘stlaringizdir. Bilmasdan qilgan xato narsangiz uchun sizga gunoh yo‘q, biroq qalblaringiz qasd qilgan narsada (bor). Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.» Bu oyatlar nozil bo‘lgunicha, odamlar birovning bolasini o‘g‘il qilib olib yurganlar. Insonlar jamiyatdagi mavjud tushuncha, urf-odatlar ila ish tutishgan. Endi esa oyat nozil bo‘lib, bu odatni botil qildi. Ya’ni «Asrab olingan farzandlarni asrab olgan odamning nomi bilan emas, o‘zining haqiqiy otasi nomi bilan chaqiringlar». Mabodo, asrab olingan bolaning haqiqiy otasi kim ekani ma’lum bo‘lmasa, ular sizga Islom dini bo‘yicha qardosh bo‘ladilar. «Din qardoshim», deb murojaat qilinglar. Yoki mavloingiz, ya’ni do‘stlaringiz bo‘ladilar. «Ey do‘stim», deb murojaat qilinglar. Ammo, zinhor «O‘g‘lim», «Farzandim» deb murojaat qilmanglar. Ushbu oyatlar nozil bo‘lgunga qadar birovning bolasini «farzandim» deb, unga o‘z sulbidan bo‘lgan farzandiga qilgan muomalani qilib yurganlar bu haqdagi ilohiy hukmni bilmagan edilar... Endi hukmni bildingiz, unga amal qilishga o‘ting. Ushbu oyati karimaning hukmiga binoan, birov begona bolani o‘z nomiga o‘tkazib olishi, uni «o‘z bolam» deyishi haromdir. Chunki Islom ko‘zda tutgan olti katta masaladan biri inson naslini muhofaza qilishdir…Agar shunday qilinmasa, harom-halol aralashib, ota bolasini, bola otasini, ona qizini, qiz onasini, aka singlisini, singil akasini tanimaydigan bo‘lib ketadi. Insoniyat halokatga uchraydi. Nasli begona bolani o‘z naslidan bo‘lgan bolalari qatoriga qo‘shish bilan ko‘pgina harom-xarish ishlar yuzaga chiqadi. Mahramlik-nomahramlik qoidalari buziladi. Bir kuni kelib, ota o‘z qiziga yoki aka singlisiga uylanib qolishi mumkin. Meros masalasida va boshqa ko‘pgina masalalarda ham o‘nglab bo‘lmas xatolar vujudga kelishi muqarrar. Ammo bu yetim bolani, qiyinchilikda qolgan oilaning bolasini boqib olish, tarbiya qilish mumkin emas ekan degani emas. Aksincha, bunday qilinsa, juda ham savob bo‘ladi. Bu ishlarni qilish kerak. Lekin begona bolani o‘zining nomiga o‘tkazib olish emas, balki u aslida kimning farzandi bo‘lsa, o‘shaning nomida qoldirish kerak». Afsuski, juda ko‘pchilik qarindoshining farzandini asrab olayotganda hujjatlarini o‘zgartirib bolaning go‘yoki bu bilan o‘ziniki ekanligini da’vo qiladilar. Shu o‘rinda jurnalist Anna Sotnikovaning «Asrandi bolalar fojeasi» sarlavhali ancha yillar oldin yozgan maqolasi bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Maqolaning qisqacha mazmuni shunday: «Juda ko‘p bolalar Sovet ittifoqi va qayta qurish davrida tug‘ruqxona yoki bolalar uyining o‘zidan asrab olingan. Hozir bu bolalarning yoshi yigirmadan qirqqa borib qoldi... Bolalarni asrab olish jarayonida ushbu bolalarning o‘zi haqida bilish huquqi tortib olingan...Haqiqiy ism-shariflari, ota-onalarining ism-shariflari, tug‘ilgan joylari, tug‘ilgan kunlarini bilmaydigan asrandi bolalar ulg‘ayib, voyaga yetib qoldi. Bolalar o‘rniga kattalar qaror chiqarib qo‘ygan. Kimdir tashlab ketgan, kimdir esa joylab qo‘ygan, kimdir boshpana bergan, yana kimdir qarindoshiga bolasini bergan. Biroq, bolalar uchun qilingan bunday xayrli ishlar – ularning haqiqiy ota-onalarini yashirish uchun sabab bo‘la oladimi, axir?
Bola asrab olish degani bu asrab oluvchi va asrab olingan o‘rtasida ota-ona va farzandlarga xos bo‘lgan huquqiy munosabatlarning o‘rnatilishi degani».
Va jurnalist bolalar o‘zlarining ota-onalarini izlashga haqqi bor, dinimizda bu haqda nima deyilgani, biz misol keltirgan oyatni misol keltiradi.
«Asrab olishni sir saqlash – sovet davridan qolgan eskilik sirqiti bo‘lib, u bugun musulmonlar orasida hali ham joriydir. Nafaqat mo‘minlar balki bolaning haq-huquqini hurmat qiladiganlarning barchasi ham bu odatdan voz kechish vaqti yetib kelganini aytishmoqda. Bolalar huquqi haqidagi konvensiyada aytilishicha, bola «o‘z ota-onasini bilish haqqiga egadir».»
Tasavvur qiling sotilgan bolalar, hadya qilingan bolalar, asrab olingan bolalarning qanchasi din bo‘yicha ham, huquqiy tomonlama ham o‘z haq-huquqlaridan, ya’ni ota-onasining nomi bilan chaqirilishdan, ularni bilishdan mahkum va qanchadan-qancha qonunbuzarliklar bo‘layapti.
Oliya ismli hamyurtimiz facebook sahifasida yozayapti:
«Kecha kechga bir kelinchak bilan gaplashdim. O‘g‘li bor ekan, 6 oylik. Tanishlar qo‘ygan sovchi orqali turmushga chiqqan ekan. Eri bir katta eshon-domlaga ixlos qilgan va kelin homilador bo‘lgan kundan boshlab «bolamiz tug‘ilsa eshon bobomning dargohiga tashlab kelamiz», deb ta’kidlagan. Kelin tuqqan, eri tug‘ruqxonaga kelib, bir necha marta bolani eshonga berib kelishini aytganida ayol rozi bo‘lmagan va eridan kaltak yegan. Shifokorlar yigitni haydab yuborgan. Qiz tug‘ruqxonadan to‘g‘ri ota uyiga qaytib kelgan.
Gavhar Dil ismli hamyurtimizning yozayotgani undan ham dahshatliroq:
«Uzrku, iltimos bilgichlar aytib yuboringlar, Izboskan tumanida 1997 yilda tug‘ilgan qiz turmushga chiqmasdan uchta bola tuqqan bo‘lsa yana besh yildan keyin bola soni sakkiztaga yetmasligiga kim kafolat bera oladi?
Ma’lumot o‘rnida birinchi, ikkinchi tug‘ilgan bolalar berib yuborilganmi, sotib yuborilganmi aniq ma’lumot yo‘q va uchinchi bola tug‘ilish arafasida.
Asosiy masala bugun hamma harakatda – tumandagi barcha mas’ul idoralar birdek yugurib yurishipti, biz aybdor emasmiz bu yerda aybdor palonchi bo‘lish kerak biz oppoqmiz deb...?!
Nikohsiz tug‘ilgan ikki nafar bola qayerda, ular hujjat asosida berilganmi kimgadir berilgan bo‘lsa, 18 yildan keyin u bolalar mabodo o‘g‘il, qiz bo‘lsa bir-birini tanimagan holatda sevib qolsa aka-ukaligini bilmagan holda oila qurishsa nima bo‘ladi, degan savollar haqida o‘ylashdan ko‘ra «jon qutqazgan botirim qabilida» ishlash muhimroq tuyulayotgan paytda «millat kelajagi» haqida nahotki o‘ylaydigan odamning o‘zi yo‘q, afsuski bu hech kimni qiziqtirmaydi ham?!»
Bu ikkala voqeada ham bola bir buyumdek, mulkdek ko‘rilmoqda. Ularning keyingi taqdiri hech kimni qiziqtirayotgani yo‘q.
O‘zi bolani bolalar uyidan asrab olish juda qiyin masala. Bir necha yillab navbat kutishlar, qog‘ozbozliklar...
Balki shuning uchun ham farzandsiz ota-onalar qarindoshlaridan bola asrab olishni istashar. Har ikkala holatda ham bolalardan kelib chiqishi, nasl-nasabi, ota-onasining kimligi sir tutilishi keyinchalik tuzatib bo‘lmas xatolarni keltirib chiqaradi. Bola asrab olgan ota-ona farzandli bo‘lganidan baxtli his qilishar o‘zlarini, lekin asrab olingan bola-chi? Uni kutib turgan muammolalar qarshisida yolg‘izlanib qolishichi? Bolaning oddiy hadyadek kimlargadir berib yuborilishi va oqibatda har tomonlama qonun-qoidaning buzilishi, kelajakda aka-singilning bir-biriga muhabbat qo‘yishi... bola yoshi kattarib haqiqatni bilgach ruhiyatida tuzalmas jarohatning paydo bo‘lishi, kelgusi hayotiga, taqdiriga salbiy ta’sir qilishi haqida o‘nlab, yuzlab misollar tiqilib yotibdi...
Sotilayotgan, hadya qilinayotgan, asrab olinayotgan bolalar Qur’on oyati karimaning hukmiga binoan, birov begona bolani o‘z nomiga o‘tkazib olishi, uni «o‘z bolam» deyishi haromdir. Bolalar huquqi haqidagi konvensiyada aytilishicha, esa bola «o‘z ota-onasini bilish haqqiga egadir».
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter