Nursulton Nazarboyev xotira kitobida ikkinchi oilasi borligini tan oldi
Qozog‘istonning birinchi prezidenti xotiralarini kitobga aylantirdi. Rus tilida yozilgan «Mening hayotim» nomli memuar yaqinda sotuvga chiqadi. Unda Nursulton Nazarboyev birinchi marta ikkinchi rafiqasi Asel Isabayeva va undan tug‘ilgan o‘g‘illari haqida ma’lumot beriladi.
Nashrning birinchi nusxalari allaqachon siyosatchilar, ekspertlar va jurnalistlarga yuborilgan. Qayd etilishicha, xotiralar birinchi prezident hayotining ham siyosiy, ham shaxsiy tomoniga bag‘ishlangan.
Xususan, xotiralarda Nazarboyevning ikkinchi oilasi – rafiqasi Asel Isabayeva va ikki o‘g‘li haqida ham qaydlar bor. Nazarboyev birinchi marta Aselni ilk bor aeroportida ko‘rib qolganini yozgan.
«Davlat rahbarining hududlarga amaliy tashrifi chog‘ida samolyot zinapoyasida gullar bilan kutib olinadi. Ma’lumki, bunday marosimda ishtirok etish uchun eng go‘zal mahalliy qizlar tanlab olinadi. Biz uzoq vaqtdan beri o‘rganib qolgan chiroyli marosim. Aeroportda menga gul sovg‘a qilgan qiz hayratlanarli darajada go‘zal edi. Men ochiq yuzli, yonib turgan nigohli va ajoyib qomatga ega qizni uzoq vaqt xayolimda saqladim», deb eslaydi sobiq prezident.
Keyinchalik Nazarboyev uning «Qozog‘iston go‘zali» tanlovida ishtirok etayotganini bilib qoladi va tez orada u bilan ko‘rishadi.
«Tanishdik, bu o‘zaro simpatiyaga aylandi, simpatiya esa yaqinlikka. Keyin uchrasha boshladik. Aselning tashqi ko‘rinishida ham, fikr-mulohazalarida ham o‘zim izlagan ko‘plab fazilatlarni ko‘rdim. Va eng muhimi, men yillar davomida davom etgan ruhiy yolg‘izlikdan xalos bo‘ldim. Musulmonlar urf-odatiga ko‘ra turmush qurdik. Asel menga ikki farzand sovg‘a qildi – ikki ulug‘vor o‘g‘il. Tauman 2005-yilda, Bayken esa 2008-yilda tug‘ilgan. Otalik baxtiga 65 yoshimda yana sazovor bo‘ldim», deb yozgan muallif.
Memuarda keltirilishcha, Nazarboyevning qonuniy turmush o‘rtog‘i Sora vaziyatni to‘g‘ri tushungan va erini kechirgan. U Aseldan ilk bor farzand ko‘rgach, u bilan munosabatlari haqida birinchi xotiniga aytib bergan va kechirim so‘ragan. Ta’kidlanishicha, Darig‘a, Dinara va Aliya ham otasini to‘g‘ri tushunishgan.
«Shunaqa gaplar, do‘stlar. Men butun haqiqatni aytdim. Bunga qanday munosabatda bo‘lishingiz o‘zingizga bog‘liq. Bu hayot. Bitta inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat bor. Haqiqat shundaki, qalbingizga buyruq berolmaysiz», deya ta’kidlagan sobiq prezident.
Xotiralarida u qizlariga ham, o‘g‘illariga ham bir xilda munosabatda ekanini yozgan. Qizlarning farzandlarini qozoq xalqi an’anasiga muvofiq o‘z nabirasi deb bilishini uqtirib o‘tgan. O‘g‘illari esa vorisi va familiyasining davomchisi ekanini faxr bilan tilga olgan. Kitobda to‘qqizta otasining nomini keltirarkan, Nazarboyev, o‘g‘illari sulolasining 11-bo‘g‘ini bo‘lishini alohida e’tirof etgan.
Birinchi prezident saytida Nursulton Nazarboyev ellikdan ortiq kitobning muallifi ekani keltiriladi. «Mening hayotim»dan tashqari u Qozog‘istonning sobiq birinchi xotini va birgalikdagi turmushiga ham bag‘ishlab kitob yozgan. Nazarboyevning boshqa kitoblari sovet davridan qolgan an’naga ko‘ra boshqalar tomonidan yozilib, prezident nomidan chop etilgani aytiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter