Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiydagi Sentob qishlog‘iga «turizm qishlog‘i» maqomi berildi

Navoiydagi Sentob qishlog‘iga «turizm qishlog‘i» maqomi berildi

Joriy yil 17 mart kuni Navoiy viloyati Nurota tumanida «Sentob» turizm qishlog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, qishloqning rasman «turizm qishlog‘i»ga aylantirilishi ushbu hududdagi 200 nafarga yaqin ishsiz aholi, jumladan, xotin-qizlarni doimiy ish bilan band qilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimining so‘zlariga ko‘ra, Sentob qishlog‘iga muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilyapti.

O‘z navbatida, Madaniyat va turizm vazirligi hamda uning Navoiy viloyatidagi bo‘linmasi tashabbusi bilan Sentob qishlog‘ida bugunga kelib 20 ta oilaviy mehmon uyi va 3 hostel faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Ularga belgilangan standartlar asosida mehmon uylari nomi tushirilgan ko‘rsatkichlar o‘rnatildi. Ayni damda turizm qishlog‘ida 15 dan ortiq turistik xizmat yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbirda Madaniyat va turizm vazirligi mutasaddilari Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyevga «Sentob – turizm qishlog‘i» ekanligini rasman tasdiqlovchi sertifikat va tashakkurnoma topshirildi.

Ma’lum qilinishicha, turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qishloqqa olib boruvchi 5 km ichki yo‘l ta’mirlandi. Shu bilan birga, tungi yoritish chiroqlari, ikkita piyodalar ko‘prigi, ikkita selfi hudud, uchta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, Sentob qishlog‘ining ramziy kirish stellosi, turistik axborot markazi qurilib, foydalanishga shay holatga keltirildi.

Ma’lumot uchun, Nurota tumani Sentob qishlog‘iga «turizm qishlog‘i» maqomini berish «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi»da belgilab qo‘yilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring