Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiy kon-metallurgiya kombinati zamonaviy kompaniyaga aylantiriladi

Navoiy kon-metallurgiya kombinati zamonaviy kompaniyaga aylantiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasini isloh qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mazkur majmua mamlakatimizdagi eng yirik sanoat korxonasidir. Bu yerda oltin, uran, nodir metallar, qurilish va dastgohsozlik sanoati uchun zarur mahsulotlar, keng turdagi xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqariladi. Kombinat yurtimizdagi jami sanoat mahsulotining 10 foizini va budjet daromadining 18 foizini ta’minlaydi. Unda 58 ming xodim ishlaydi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati xomashyo resurslarining hajmi bo‘yicha jahondagi oltin ishlab chiqaruvchilar orasida uchinchi o‘rinda turadi. Lekin aktivlarining qiymati xorijiy kompaniyalarnikiga nisbatan ancha kam.

Masalan, hozirgi kunda kombinatning balans qiymati 1,3 milliard dollar bo‘lsa, shu darajadagi xorijiy korxonalarning bozor narxi 11 milliard dollarni tashkil etadi.

Shu bois NKMKni zamonaviy kompaniyaga aylantirish maqsad qilingan. Davlatimiz tomonidan bu borada kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Uning doirasida 2017-2019-yillarda 1,2 milliard dollar mablag‘ evaziga 8 ta ob’yekt ishga tushirilgan. Natijada oxirgi uch yilda oltin ishlab chiqarish hajmi 2,5 foiz, kumush olish 37 foizga oshgan.

O‘tgan oyda Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada Prezidentimiz Navoiy kon-metallurgiya va Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatlari kabi yirik sanoat korxonalarida yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan birga ushbu korxonalarni xalqaro moliya bozorining to‘laqonli ishtirokchisiga aylantirish lozimligini ta’kidlagan edi.

Yig‘ilishda shu boradagi reja va chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining tarkibiy tuzilmasini takomillashtirish, korporativ oshkoralikni tatbiq etish, hisob-kitoblarni xalqaro standartlarga o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

2026-yilga qadar korxonada ishlab chiqarish hajmini 94 tonnaga yetkazish, buning uchun 4 milliard dollarlik 40 ta loyihani amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi. Jumladan, loyiha qiymati 525 million dollar bo‘lgan yangi konni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kombinatning bugungi kundagi 3,7 ming tonna oltin zaxirasi xalqaro standartlar asosida baholanib, korxona balansida aks ettirilishi zarurligi belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat geologiya qo‘mitasi va Moliya vazirligiga zaxiralarni baholash ishlari hamda moliyaviy hisobotlarni xalqaro me’yorlarga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Konlar zaxirasi va kamayishi to‘g‘risidagi hisobotlar, qazib olish loyihalari bo‘yicha ma’lumotlarni Avstraliya kodeksi (JORC Code) asosida tayyorlash muhimligi qayd etildi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining korporativ yevroobligatsiyalarini chiqarish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Korxona rahbari va vazirlar yuqoridagi vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan hisobot berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring