«Nasib etsa, 2030 yilga borib...» — Prezident aholi daromadi haqida gapirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimi vaqtida O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida gapirib o‘tdi. Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilishi lozimligi haqida aytdi.
— Nasib etsa, 2030 yilga borib, O‘zbekiston jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin egallaydi.
Bunga, avvalo, xususiy sektorni rag‘batlantirish va uning ulushini oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishish ko‘zda tutilmoqda.
Jumladan, «xom ashyodan – tayyor mahsulotgacha» degan tamoyil asosida drayver sohalarda klaster tizimini rivojlantiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident o‘z nutqida inflyasiya muammosini ham eslab o‘tdi.
— Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlariga erishish uchun, avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlab, inflyasiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish choralari amalga oshiriladi.
Shuningdek, budjet va tashqi qarz barqarorligini ta’minlash, mahalliy budjetlarning imkoniyatlarini kengaytirishga birinchi darajali e’tibor qaratiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo‘lgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish bo‘yicha boshlagan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz.
Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish iqtisodiyotni isloh etishning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter