Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda Qur’onning nodir nusxasini o‘g‘irlaganlarga sud hukmi o‘qildi  

Namanganda Qur’onning nodir nusxasini o‘g‘irlaganlarga sud hukmi o‘qildi  

O‘tgan yilning yozida Namangan viloyati Chortoq tumanidagi «Sulton Uvays Qaraniy» ziyoratgohidagi muzeydan Qur’oni Karimning nodir nusxasi o‘g‘irlab ketilgani va bir muddat o‘tib gumondorlar qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi. 

Nodir qo‘lyozmani o‘g‘irlab ketgan mazkur shaxslarning ayblari isbotlanib, ular javobgarlikka tortildi.

Mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud E.Abdusattorov va R.Shoisayevni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan aybdor deb topib, ularni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi.

O‘zbekiston turizm va madaniy me’ros agentligining 2022-yil 22-dekabrdagi san’atshunoslik ekspertizasi xulosasida, mazkur nodir «Qur’oni karim» kitobining mamlakat ichki bozoridagi bahosi 92 mln so‘m deb belgilangan.

Sud tergovida ma’lum bщlishicha, 2022-yil 10-avgust kuni 2 marta sudlangan E.Abdusattorov Namangan shahrida istiqomat qilgan eski tanishi va jinoiy sherigi R.Shoisayev bilan birga ushbu jinoyatni sodir etgan.

U o‘g‘rilik bo‘yicha Shoisayevga aytganda, bankdan krediti va do‘stlaridan qarzi bo‘lgan sherigi bunga rozi bo‘lgan.

Shu kuni ikkovlon yuzlariga niqob, qo‘llariga ishchi qo‘lqop kiyib, tungi soat 01:00larda tumanning «Baliqko‘l» mahallasida joylashgan ziyoratgoh muzeyiga kelishgan. Ular jinoyatlarini yashirish maqsadida ziyoratgoh chiroqlarini asosiy tarmoqdan uzgan va muzeyda saqlanayotgan, 1874-yilda hattotlar tomonidan ko‘chirilgan nodir qo‘lyozmali Qur’oni Karim kitobini o‘g‘irlagan. Keyin ular Namangan shahriga kelib, Kitobni R.Shoisayevning singlisi N.Shoisayevanikiga yashirishgan. Ammo xonadon sohibasiga kitobning o‘g‘irlanganini aytishmagan.

O‘g‘rilar tez orada qo‘lga olingan. Negaki ular ziyoratgoh hududi va atrofiga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalariga tushib qolgan. Kitob esa ziyoratgohga qaytarilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring